Poytaxtimizda Favqulodda vaziyatlar vazirligi va “Airbus Helicopters” kompaniyasi vakillari o‘rtasida hamkorlikka bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Joriy yilning 8 oktyabr kuni davlatimiz rahbariga favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazilgan edi. Ushbu taqdimot doirasida asosiy strategik vazifalardan biri sifatida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tarkibida zamonaviy vertolyot aviatsiyasini tashkil etish masalasi alohida belgilab berilgan.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda “Airbus Helicopters” kompaniyasi bilan hamkorlikni nafaqat texnik vositalarni xarid qilish, balki uzoq muddatli strategik sheriklik, tajriba almashish, mutaxassislarni tayyorlash va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimiz Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida keng ko‘lamli institutsional va funksional islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu islohotlar aholining xavfsizligini ta’minlash, tezkorlikni oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda favqulodda vaziyatlarga javob berishning xalqaro standartlarga mos milliy tizimini shakllantirishga qaratilgan.

Mazkur vazifadan kelib chiqib, endilikda dunyodagi yetakchi vertolyot ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, texnik va ekspluatatsion imkoniyatlarni chuqur o‘rganish hamda “narx – sifat – ishonchlilik – kafolat” tamoyillari asosida eng maqbul yechimlarni aniqlash bo‘yicha sa’y-harakatlar olib borilmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA