English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Favqulodda vaziyatlar tizimida korrupsiyaga yo‘l yo‘q
15:22 / 2024-12-05

Surxondaryo viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan matbuot anjumani o‘tkazdi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar ishtirok etgan tadbirda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik G‘olib Ravshanov “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.  

Qayd etildiki, mamlakatimizda keyingi yillarda korrupsiyaviy xatti-harakatlarning oldini olish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar ochiqlikni ta’minlab, korrupsion xatarlarni bartaraf etish, korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy tizimlarini qo‘llash, korrupsiyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan tahdid va xavf-xatarlarni baholab, bu illatga chek qo‘yishda o‘z samaralarini bermoqda.  

Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi shaxsiy tarkibida korrupsiyaviy holatlar va manfaatlar to‘qnashuvi hamda huquqbuzarlik va qonun buzilishlarining oldini olish, harbiy intizomni mustahkamlash, xodimlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olinib, bu borada keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotir.  

Harbiy prokuratura va boshqa organlar hamkorligida “Biz korrupsiyaga qarshimiz”, “Korrupsiya –rivojlanishimizga to‘siq” kabi mavzularda profilaktik tadbirlar, o‘quv mashg‘ulotlari, davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Kadrlar bilan ishlash va yangi kadrlarni qabul qilishda ochiqlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotir. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida mingdan ortiq yoshlar tizimda xizmat qilish istagini bildirgan. Ularning bilim va jismoniy tayyorgarliklari harbiy prokuratura, Mudofaa vazirligining Janubiy operativ qo‘mondonligi shtabi vakillari ishtirokida ochiq, shaffof imtihon asosida sinovdan o‘tkazilgan. Shuningdek, imtihonlarda ota-onalari va yaqinlari ishtirok etib, kuzatishi uchun ham qulay sharoit yaratilgan. Sohada harbiy xizmatchilar faoliyatini baholashning KPI tizimi joriy etilgani ish samaradorligini yanada oshirib, ularni munosib rag‘batlantirishda muhim omil bo‘lmoqda. So‘nggi yillarda yuz bergan bunday o‘zgarish va yangilanishlar tizimda korrupsiyaviy holatlarga chek qo‘ygan.  

Anjumanda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish, tizimning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish singari yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar yuzasidan ham fikr almashildi. Taklif va tavsiyalar bildirildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri