Xalqimizda: “ko‘za kunda emas, kunida sinadi”, degan maqol bejiz aytilmagan. Hech kim qachon xavfli vaziyatlarga tushib qolishini bilmaydi. Ammo shunday hollarda nimalar qilish lozimligini har bir kishi bilib qo‘ygani yaxshi.
Shu maqsadda Yashnobod tumani 69-sonli umumta’lim maktabida tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi inspektorlari tomonidan maktab ishchi-xodimlari hamda o‘quvchilar ishtirokida favqulodda vaziyatlarda harakatlanish va yong‘in xavfsizligi qoidalariga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy mashg‘ulot tashkil etildi.

Mashg‘ulot davomida zilzila sodir bo‘lganda harakat qilish tartibi, favqulodda va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish, ovqatdan zaharlanish holatlarining oldini olish bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, maktab mas’ullariga sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘inlar, is gazidan zaharlanish hamda gaz-havo aralashmasining chaqnashi yoki portlashi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish yuzasidan tavsiyalar yetkazildi.

Bu orqali aholi xavfsizligini ta’minlash va favqulodda vaziyatlarda insonlarning to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmasini shakllantirishga erishmoq mumkin.
Sherbek Islomov, O‘zA