Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Favqulodda holat” yoki korrupsiyaga qarshi kurashning o‘ziga xos yo‘li
11:30 / 2026-02-16

“Korrupsiya – davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid. Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa islohotlarimizga xiyonatdir!”

Shavkat Mirziyoyev

Dunyo mamlakatlarining davlat boshqaruvida shunday bir amaliyot bor, ya’ni, davlat rahbari o‘zining Konstitutsiya va qonunlar bilan berilgan vakolatlari doirasida uzoq kelajakka mo‘ljallagan rejasini dastlab saylovoldi dasturlarida e’lon qiladi va hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng, uning ijrosini ta’minlash maqsadida muhim davlat dasturlarini qabul qiladi. Ushbu dasturlar davlat va jamiyat hayotiga bevosita bog‘liqligi bois, davlat rahbarining har yili mamlakat parlamentiga va xalqiga taqdim etadigan Murojaatnomasida keng jamoatchilik e’tiboriga havola etadi. 

Bizda ham xuddi shunday amaliyot mavjud bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mamlakat Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi xalqiga hamda Oliy Majlisiga mamlakat ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishning eng muhim masalalari yuzasidan murojaat qilish huquqiga belgilangan. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnoma taqdim etishi – Yangi O‘zbekistonda o‘ziga xos an’anaga aylinb qoldi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Qolaversa, buni O‘zbekiston Prezidentining nafaqat Konstitutsiyaviy vakolati sifatida, balki ochiqlik va oshkoralik siyosatiga sodiqligi, shuningdek, muntazam ravishda parlament va xalq bilan davlat ishlarini boshqarishda bamaslahat ish olib borishiga yaqqol misol sifatida ko‘rsatish mumkin.

Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi butun xalqimiz, keng jamoatchilik faollari, xususan barcha darajadagi deputatlar, senatorlar va yoshlarimiz tomonidan ko‘tarinki ruhda kutib olindi.

Buning bir qancha sabablari bor, albatta. 

Birinchidan, Murojaatnomada ta’kidlanginidek, dunyoda sodir bo‘layotgan va yaqin-yaqingacha hech kim tasavvur qila olmagan o‘zgarishlar, davlatlar o‘rtasida iqtisodiy qarama-qarshilik, xavfsizlikka tahdidlar ortib borayotgan tahlikali bir vaziyatga qaramasdan mamlakatimizda barcha sohalarda ulkan islohotlar davom ettirilganligidadir.

Ikkinchidan, qancha og‘ir bo‘lmasin, boshlagan demokratik islohotlarimizni qat’iy davom ettirganimiz; xalqimizning qo‘llab-quvvatlashi va yoshlarimizning g‘ayrat-shijoati; hamjihatlik asosi bo‘lgan mahallaning hayotimizdagi o‘rni va ta’sirini kuchaytirganimiz; odamlarimizning ongi va dunyoqarashini o‘zgartirib, el-yurtimizni yanada jipslashtirganimiz; tadbirkor, dehqon va fermerlarimizning tashabbuskorligi va mardona mehnati; o‘zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan do‘stona tashqi siyosatdir.

Prezident Murojaatnomasida ilgari surilgan va Yangi O‘zbekistonning kelgusida yanada taraqqiy ettirish yo‘lida belgilab olingan vazifalar va takliflar xususida keng jamoatchilik o‘z munosabati, fikr-mulohazalari, taklif va istaklarini bayon etib kelmoqda. Bu esa o‘z navbatida Prezidentimizning demokratik jamiyat barpo etish va taraqqiy topgan davlatlar bilan ishonchli hamkorliq qilish, pirovardida dunyo hamjamiyatida o‘zimizning munosib o‘rnimizni egallash borasidan olib borayotgan davlat siyosatini butun xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini anglatadi. 

Mazkur maqolada Murojaatnomada alohida qayd etilgan va barchamizni jiddiy tashvishga solayotgan, mamlakat taraqqiyoti kushandasi bo‘lib kelgan korrupsiya illati va 2026-yilda ushbu illatga qarshi “favqulodda holat” e’lon qilinganligi haqida so‘z yuritishni lozim topdik.

Darhaqiqat, korrupsiya bugun paydo bo‘lib qolgan balo emas. Uning tarixi juda uzoq o‘tmishlarga borib taqaladi. Kimlardir buni ibtidoiy jamoa tuzimidan buyon mavjud desa, yana kimlardir undan ham uzoq davrlarga taqalishini aytadi. Bizningcha, korrupsiya illati inson yer yuziga tushirilgan davrdan paydo bo‘lgan bo‘lib, hozirga qadar u bilan birga “yashab” kelmoqda. Biz buni bejizga ta’kidlayotganimiz yo‘q, albatta. Chunki, tarixiy manbaalarda, qolaversa, muqaddas kitoblarimizda inson va nafsning hayotiy me’yorlari, ularning o‘zaro qarama-qarshiligi va bu muvozanatning buzilishi va uning oqibati bilan bog‘liq  ko‘pdan-ko‘p hikmatli – asosli dalillar bor. 

Axloqiy kitoblarda insondagi chegaradan chiqqan nafsni “o‘choqdagi olov”ga qiyos qilishadi. Avval, olovning shu’lasiga mahliyo bo‘lasan, so‘ng... istaysanmi-yo‘qmi o‘zingni uning qa’rida ko‘rasan. Oxir oqibat, o‘t seni kuydirib ado qiladi. “O‘z nafsingning amiri bo‘lsang, mardsan” deya yozgan shoir haq.   

Bugun biz aytayotgan korrupsiya illati ham xuddi shuning o‘zi. U dastlab o‘zining  nur taratayotgandek tuyulgan “chiroyli shulasi”ga mahliyo qiladi (molu-dunyo, orzu havas, shohona turmush va boshqalar). U shunchalik “jozibadorki”, nafs u tomon seni tortaveradi. Va bunday “orzu-havaslar” insonni oxir-oqibat badnafslik degan baloga duchor qiladi. “Bir dumalab” qisqa muddatda boy bo‘lishning yagona yo‘li – shu, ya’ni korrupsiya. Nafsning quliga aylangan inson uchun korrupsiya – “yaxshi yashash manbai”. 

Sen uning “domi”ga tushib qolganing haqida o‘ylay boshlaganingda esa allaqachon kech bo‘lgan bo‘ladi. So‘nggi pushaymonlik – o‘zingga dushman. Vaqtni esa ortga qaytarib bo‘lmaydi. Misqollab yiqqan obro‘-e’tiboring yer bilan bitta bo‘ladi. Atrofdagilarning gap-so‘zini qo‘ya turing, ota-onangiz, oilangiz, farzandlaringiz-chi, ular oldida kim degan odam bo‘lasiz?

Yusuf alayhissalom: “Men nafsimni oqlamayman, agar Robbim menga yordam bermasa, men uni tarbiya qilishga ojizman” degan edi. Demak, inson uchun nafs – jiddiy muammo. Barcha yomonliklarning boshi – tarbiya topmagan nafs bo‘lgani kabi, bugun katta islohotlar yo‘lida to‘g‘anoq bo‘layotgan kuch,  jamiyatimizdagi ko‘p illat, noqisliklarning bosh manbai ham shubhasiz, korrupsiya. 

Davlat Rahbari tomonidan 2026-yil bu baloni yengish bo‘yicha “favqulodda holat” deb e’lon qilindi. Albatta, Prezidentimizning yuqoridagi Murojaatnomasida korrupsiya illatiga qarshi 2026-yilda “favqulodda holat” e’lon qilinishi keng ma’noda ramziy ma’no kasb etishi, “favqulodda holat”ni mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashning yangi tizimi sifatida tushunish o‘rinli bo‘ladi.

Darhaqiqat, keyingi yillarda bir qancha Prezident Farmonlari, qaror va farmoyishlari, shuningdek, parlamentimiz tomonidan qabul qilingan va 2017-yil 3-yanvarda imzolangan “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Qonunni bu illatga davlatning murosasizligini  yaqqol ko‘rish mumkin. 

Uzoqqa bormaylik, 2025-yilning 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, parlament va fuqarolik jamiyati institutlarini unga qarshi keng safarbar etish maqsadida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrpsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni to‘g‘ri ma’noda mamlakatimizda 2026-yilda “favqulodda holat” e’lon qilinishiga huquqiy asos bo‘ladi, desak xato bo‘lmaydi. 

Chunki, korrupsiyaga qarshi kurash bu mavsumiy tadbir bo‘lmasligi, aslo susaymasligi lozim. Nafs bandalari sal nafaslarini rostlab olishga imkon topdimi, bo‘ldi – har qanday ezgulik yo‘lida ko‘ndalang bo‘lib turaveradi. Adolatni oyoqosti qiladi. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, davlatchiligimizga, fuqarolarimizni bo‘layotgan ulkan islohotlarga va kelajakka ishonchini yo‘qqa chiqaradi. Eng yomoni, jamiyat parokandalikka yuz tutadi. Shuning uchun ham mamlakatimizda 2026-yilda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha “favqulodda holat”ga barchamiz ko‘chada bo‘lamizmi, ishda bo‘lamizmi, hatto oilamizda bo‘lsak ham o‘ta jiddiy munosabat bilan qarashimiz ta’lab etiladi. Shundagina, fuqarolarimiz, kerak bo‘lsa o‘zimiz ham ertangi kunga, farzandlarimiz kelajagiga ishonch bilan qaray boshlaymiz. Faqat, kelgusida emas, balki bugundan boshlab jamiyatimizda yorqin hayot va yaxshi turmush kechira boshlaymiz.

Xo‘sh, 2026-yil “favqulodda holat”da siz va bizdan nimalar talab qilinadi? Bizning burch va majburiyatimiz nimlardan iborat? 

Bizningcha, bu masalaga har kim o‘zidan kelib chiqib xulosa qilish kerak. Chunki, har qanday davlat va jamiyat kushandasi bo‘lgan korrupsiya illatiga qarshi kurash bu faqat davlat boshlig‘i yoki huquq-tartibot organlarini ishi bo‘lib qolmasligi kerak. Agar shunday deb o‘ylasak xato qilgan bo‘lamiz. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu ish butun jamiyat a’zolarini, shu Vatanning har bir ongli fuqarosini, farzandlari kelajagiga befarq bo‘lmagan insonlarning kundalik vazifasiga aylanmog‘i kerak.

Shuning uchun biz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi korrupsiya illatiga qarshi qanday kurash olib boradi va uning faoliyati, asosiy vazifalari nimalarda iborat ekanligi xususida fikr almashishni lozim topdik.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘radi. 

Yana ham aniqrog‘i, O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi. Shu bilan birga boshqa bir qancha muhim vakolatlarga ham ega. Bular esa, uning mamlakatimiz sud hokimiyati tizimida alohida mavqega ega ekanligini ko‘rsatadi. 

Konstitutsiyaviy sudning muhim jihati shundaki, u normativ-huquqiy hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlar ekan, bunda Konstitutsiya normasiga zid bo‘lgan, ayrim hollarda, korrupsion holatlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni ya’ni fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini buzulishiga olib keladigan normalarni o‘z vaqtida aniqlaydi va bartaraf etadi. Konstitutsiya ustuvorligini ta’minlash barobarida korrupsion holatlarni oldini oladi. Biroq, bunda albatta tegishli sub’ektlar yoki fuqarolar va yuridik shaxslar tomonidan Konstitutsiyaga zid bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar Konstitutsiyaviy sudga rasman kiritilishi kerak bo‘ladi. Masalaning nozik tomoni ham mana shunda. Konstitutsiyaviy sud o‘z o‘zicha va o‘zi istagan vaqtda normativ-huquqiy hujjatni Konstitutsiyaga muvofiqlini ko‘rib chiqish vakolatiga ega emas. Bu masala, albatta, Konstitutsiyaviy sudga tegishli sub’ektlar tomonidan tegishli tartibda rasman kiritilishi kerak.

Aynan shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan 2025-yilning 18-dekabr kuni imzolangan va biz tarixiy deb e’tirof etayotgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni mamlakatimizda konstitutsiyaviy nazorat institutini yangi davrini boshlab berdi deb, aytishimizga asos bo‘ladi. 

Ma’lumki, keyingi yillarda Konstitutsiyaviy sud faoliyatini takomillashtirish borasida juda katta islohotlar olib borilmoqda. Va bu shaxsan Prezidentimiz tashabbuslari bilan bo‘layotgani ham ko‘pchilikka sir emas. Ilk marotaba mamlakatimizda konstitutsiyaviy shikoyat institutini joriy qilinishi bu Yangi O‘zbekistonning yangi siyosati tufayli sodir bo‘ldi. Hozirgi kunda fuqarolar va yuridik shaxslar Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishlari mumkin. Biroq, ularni Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishlari uchun shart qo‘yildi. Bu qanday shart!

Agar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, sudda ko‘rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi shikoyat bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilishga haqli. Ahamiyat bering. Fuqarolar va yuridik shaxslar faqat , sudda ko‘rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishlari mumkin.

Biroq, ular Konstitutsiyada belgilangan huquq va erkinliklari agar boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda buzilsa, o‘sha normativ-huquqiy hujjatlarni Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi shikoyat bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga shikoyat qila olmaydi.

Biz yuqorida nomini qayd etgan Prezident Farmonining muhim jihati shundaki, endilikda Konstitutsiyaviy sudga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish huquqi sub’ekti bo‘lmagan fuqaro yoki yuridik shaxs tomonidan Konstitutsiyaviy sudga taalluqli masala yuzasidan yo‘llangan murojaatni Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan sub’ektga yuborish tartibi joriy qilindi. Bu bilan kelgusida Konstitutsiyaviy sud vakolatiga tegishli barcha masalalar yuzasidan fuqaro yoki yuridik shaxslar sudga murojaat qilishlari mumkin. Bunda, fuqaro va yuridik shaxsning murojaatida keltirilgan masala haqiqatdan ham asosli bo‘lsa va bu Konstitutsiyaviy sud tomonidani o‘rganilganda lozim darajada o‘z tasdig‘ini topsa. Shundagina, fuqaro yoki yuridik shaxsning murojaati Konstitutsiyaviy sud tomonidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan sub’ektga yuboriladi.

Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan sub’ekt tomonidan fuqaro yoki yuridik shaxsning murojaatidagi masala Konstitutsiyaviy sudga kiritilmagan holatlarda muallifga uning murojaatidagi masalani Konstitutsiyaviy sudga kiritishga asos mavjud emasligini tushuntirgan holda xabar berish va Konstitutsiyaviy sudga axborot taqdim etadi.

Albatta, bunday amaliyotni joriy qilinishi Konstitutsiyaviy sud tomonidan o‘z vakolati doirasida normativ-huquqiy hujjatlarni Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Eng muhimi, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining asosiy prinsipi – Konstitutsiya va qonunning ustunligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ha, bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashuabbuslari bilan mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2026-yilda “favqulodda holat” deb e’lon qilinishi munosabat bilan бuгuн barcha idoralarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy etilmoqda. Shu bilan birga Hisob palatasining vakili faoliyati yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. 

Ushbu rahbarlar tizimdagi nopok shaxslarni aniqlash, shuningdek, byudjet mablag‘i talon-toroj bo‘lishi va mansabni suiiste’mol qilish holatlarining oldini olish bo‘yicha ta’sirchan nazorat o‘rnatilishi va Prezident oldida hisobot berishi tartibi majburiy etib belgilanmoqda. Davlatning har bir so‘m mablag‘i, resursi bo‘yicha shaxsiy javobgarlik kuchaytirilishi, alohida ta’kidldandi. Qolaversa, “favqulodda holat” yilida “Lavozimim, unvonim bor, menga hech kim tegmaydi”, deganlar adashadi. Qonun oldida hamma teng! Ichki ishlar, prokuratura, soliq, bojxona, moliya, bank, yirik davlat kompaniyalari, vazirlik va hokimliklar, bir so‘z bilan aytganda, birorta idora va tashkilot nazoratdan chetda qolmaydi. Komplayens xizmatining faoliyatiga to‘sqinlik qilganlar – korrupsiyaga sherik, deb baholanadi va javobgarlik shunga mos holda bo‘ladi”. Bu gaplar, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevni joriy yilning 27-yanvar kuni Toshkent shahri ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasiga tashrifi va sohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishi, Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida o‘z isbotini topdi. 

Demak, har birimiz, xoh mansabdor shaxs bo‘laylik, xoh oddiy fuqaro bundan o‘zimiz uchun tegishli xulosa chiqrishimiz vaqti keldi.

ABDUMANNOB RAXIMOV ,

O‘zbekiston Respublikasi 

Konstitutsiyaviy sudining

sudyasi,

yuridik fanlar doktori.

O‘zA