Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farzandning erkasi xor bo‘lur – ularning ertasini o‘ylaylik...
13:39 / 2020-12-21

Buyuk allomalardan biri Husayn Koshifiy asarlaridan birida shunday satrlar bor: «Go‘zal fe’l-atvorning nishonasi o‘n narsadir: birinchisi – yaxshilik; ikkinchisi – insofli bo‘lish; uchinchisi – boshqadan ayb qidirmaslik; to‘rtinchisi – biron odam nojo‘ya harakat qilsa, uni yaxshi yo‘lga solish; beshinchisi – odam o‘z aybiga iqror bo‘lib, uzr aytsa, uzrini qabul qilish; oltinchisi – boshqalar uchun mashaqqatni o‘z gardaniga olish; yettinchisi – o‘z manfaatini ko‘zlamaslik; sakkizinchisi – ochiq yuzli, shirin so‘zli bo‘lish; to‘qqizinchisi – muhtojlarning hojatini chiqarish; o‘ninchisi –muloyim va tavozeli bo‘lish».

Mashhur allomaning ushbu pandlari tarbiya uchun zalvorli mavzu. Albatta, yaxshilik qilish inson uchun sharafli va unga doim talpinadi. Bolalarga ham do‘sti yomon bo‘lsa, uni yomonlik tomonga yetaklashini har dam aytib borish lozim.  

Yaxshilik bilan yomonlikni ajrata bilish kerak. Darsdan qochishga chorlash, turli nizolarni chiqarib, yoniga tartibli bolalarni jalb qilish ayni tarbiyasi og‘ir bolalarning ishi.

Shuning uchun ota-onalar bolasining do‘sti kim ekanligini doim nazorat qilib borishi lozim. Bolaga sen doim a’lochi, dono va bilimdon sinfdoshlaring bilan do‘st bo‘l, ularning suhbati, tarbiyasi seni doim yaxshilikka chorlaydi, dangasalik g‘uborini qalbingdan supurib tashlaydi, deb uqtirib turish tarbiyadagi muhim omil.  

«Do‘stingni ko‘rsat, keyin sen haqingda fikr yuritaman», degan naql bekorga aytilmagan. Bolaga eng yaqin do‘st uning ota-onasi bo‘lishi kerak. Ular har qachon zurriyotlariga o‘qigan, ko‘rgan, eshitgan narsalari haqida fikrlash, tanqidiy yondashishni bolalikdan o‘rgatishlari kerak.

Farzandlaringizning fikrlaridan hosil bo‘lgan qiziqishlar ro‘yxatini tuza olsangiz, bolangiz mantiqan rivojlanayotgan bo‘ladi. Farzandingiz maqsadiga erishish uchun bosqich va muddatlarni o‘zingiz belgilang.

Xato qilishdan va o‘zgartirishlardan qo‘rqmang. Farzand shunda toblanadi.

Maktab yoshidagi bolalarning tarbiyasiga sinfdoshlarining ta’siri katta bo‘ladi. Buni ham ota-ona nazorat qilishi va o‘z holiga tashlab qo‘yish kerak emas.

Ikkinchi tarbiyadagi muhim narsa, bu – bolalardagi insoflilikni shaklanishidir. Aslida insofni ota-ona farzandiga Yaratgandan so‘rashi va doimo uning insofli-tavfiqli bo‘lishini duo qilib borishi kerak.

Ammo, bugungi kunda ayrim ota-onalarning o‘z bolalarini haddan tashqari erkalab yuborishlari boladan insofni ko‘tarib qo‘yib, noinsof qilib qo‘yayotganligi sir emas.  

Farzandni siz mehnatga, turli mashg‘ulotlarga jalb qilib band qilib qo‘ying, noinsof bo‘lib qolishga vaqti qolmaydi.  

Bu borada hazrat Navoiy ota-onalarning farzandlarini haddan ziyoda erkalashlari va bu erkalashlarning salbiy oqibatlari xususida ham o‘zining pedagogik qarashlarini bayon qilgan.  

Barcha ota-onalarni ogohlikka chaqirib, bolani haddan tashqari erkalash, boqimanda qilib voyaga yetkazish oqibatida unda insofsizlik kurtaklari nish urishi ta’kidlanadi.

BU BEJIZ AYTILMAGAN...

Xalqimizda «Farzandning erkasi xor bo‘lur», degan naql bor. Bu bejiz aytilmagan. Shuning uchun erkalashni ham me’yorida bo‘lgani maqsadga muvofiqdir. Maktab bolalarida boshqalardan ayb qidirish qusuri birinchi sinfdan boshlanadi.

Uning boshlanishi chaqimchilik. Bola katta bo‘lgan sari bu illat jiddiy tus oladi. Ota-onalar shunday paytda boshqalardan ayb va nuqson qidirish yomon odat ekanligi ta’kidlash lozim. Yaxshi odam doim o‘rtoqlarining aybini bekitishni va birovning aybini oshkor qilish naqadar pastkashlik ekanligini tarbiyaviy soatlarda tushuntirish lozim.  

Hatto katta kishilar ham farzandlari oldida birovlarning aybini so‘zlashi tarbiya buzilishiga olib keladi. Har doim bola o‘rtoqlarining nojo‘ya harakatlarini ko‘radi. Ammo uni ko‘pincha berkitadi. Tajribalar shuni ko‘rsatadiki, ana shunday harakatlar oshkor bo‘lgach, uni sinf rahbarlari sinf soatlari muhokamasida bola ko‘ra bila turib o‘rtog‘ining yonini oladi.

O‘z vaqtida bartaraf qilingan betarbiyalik kelgusida yaxshilik sari yuzlanadi va buning nafi hammaga tegadi. Tarbiyada «Sen menga tegma, men senga tegmayman», qabilada ish yuritish aslo yaramaydi.

Tajribalar shuni ko‘rsatdiki, bu xislat kurtaklari hamma bolada yoshligidanoq mavjud. Ammo odam voyaga yetgan sari egoistik manfaatparastlik kuchaya boradi. Agar me’yorida bo‘lsa yaxshi, biroq u me’yoridan oshib chegaradan chiqib ketsa, odam bolasi insoniylik fazilatlarini tark etadi.  

Tarbiya juda katta mehnat, chidam. Hozirgi bolalar bilan do‘stlashib ularning vaqtini to‘g‘ri taqsimlab bermas ekanmiz, tarbiyada ham ta’limda ham vaqtni boy beramiz. Ayniqsa maktabdan tashqaridagi vaqtga e’tibor berish naqadar muhim. Xorij tajribasi ta’limining yutuqlaridan biri ham hamkorlikda rejali ishlash. Shunda biz bilimli, insofli, jamiyat uchun foydali insonni tarbiyalagan bo‘lamiz.

Baxtiyor KARIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi