Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farzandlarining farovon hayotini yerga mehri bilan bogʻla gan inson
13:57 / 2020-05-01

Darhaqiqat, Mirsalohiddin Hamidovning hayot yoʻliga qiziqadigan boʻlsangiz, koʻz oʻngingizda haqiqiy dala zahmatkashining taqdiri jonlanadi.


Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Jizzax viloyatida boʻlib, koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldini olish, qishloq xoʻjaligi sohasida va tomorqalarda agrotexnik tadbirlarning bajarilishi hamda bandlik va aholini ijtimoiy himoyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar sifatini oʻrgandi hamda mazkur jabhalarda kuzatilgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan oʻz tavsiyalarini berdi. General-leytenant Poʻlat Bobojonov bu jarayonda koʻplab omilkor dehqonlar, xususan, tomorqadan unumli foydalanayotgan mirzachoʻllik Mirsalohiddin Hamidov bilan ham uchrashdi.

Jizzax viloyatining Mirzachoʻl tumanidagi Ipak yoʻli mahallasida yashovchi 76 yoshli Mirsalohiddin Hamidov bilan suhbatlashgudek boʻlsangiz, dehqonchilikning koʻplab sirlaridan voqif boʻlishingiz tayin. Yana shuni bilasizki, otaxondagi dehqonchilikka oid bilim va tajriba qishloq xoʻjaligi sohasidagi koʻp yillik halol va chin dildan qilingan mehnat samarasidir.

Darhaqiqat, Mirsalohiddin Hamidovning hayot yoʻliga qiziqadigan boʻlsangiz, koʻz oʻngingizda haqiqiy dala zahmatkashining taqdiri jonlanadi. U 1944-yilda Fargʻona viloyatining Oʻzbekiston tumanida tugʻilgan. Qahramonimizning bolaligi urushdan keyingi yillarga toʻgʻri kelgani bois, aksar tengdoshlari qatorida koʻp qiyinchiliklarni boshidan oʻtkazdi. Otasi erta vafot etgani sabab, onasi bilan birga ertayu kech dalada mehnat qilardi. Eʼtiborlisi, ularning oilasi bir parcha tomorqadan yilga yetgulik mahsulot olishning uddasidan chiqardi.

Mirsalohiddin oʻrta maktabni tugallagach, taqdirning taqozosi bilan 1961–1963-yillarda Tojikistonning Isfara shahridagi kasb-texnika bilim yurtida neft sanoati mutaxassisligi yoʻnalishida taʼlim oldi. Oʻquv muassasasini tamomlagach, geologiya-qidiruv sohasida burgʻulovchi boʻlib ishladi.

Mirzachoʻl oʻzlashtira boshlangach, aniqrogʻi, 1971-yili choʻlga kelib, qishloq xoʻjaligi sohasidagi faoliyatini boshladi. Ishchi, mexanizator, brigada boshligʻi, agronom, bosh agronom vazifalarida faoliyat koʻrsatdi. U qaysi vazifada ishlamasin, oʻz kasbining ustasi sifatida odamlar ishonchi va hurmatini qozondi. Asosiysi, qaysi ekin maydoniga egalik qilsa, oʻsha yerdan yuqori hosildorlikka erishilardi. Aytgancha, u fermer xoʻjaligi faoliyatini ham yuritdi.

Bu xizmatlari uchun 5 ta orden va medal bilan mukofotlangan. Jumladan, 1990-yili “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan paxtakor” faxriy unvoniga sazovor boʻldi. 1996-yilda esa “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

Ayni vaqtda Mirsalohiddin Hamidov pensiyada, dehqonchilik sohasida toʻplagan uzoq yillik tajribasini tomorqasini rivojlantirishga yoʻnaltiryapti.

Taʼkidlash joizki, Mirsalohiddin Hamidov 2 sotixlik issiqxonasida 35 tup limon yetishtiryapti. Bogʻida 220 tup anor, 43 tupi toʻla hosilga kirgan, 100 tupi endi meva berishni boshlagan yongʻoq, 200 tup oʻrik, gilos, behi, olma, xurmo, bodom, kedr yongʻogʻi kabi mevali daraxtlar bor. 4 sotix maydonini esa tokzor egallagan.

Ana shu daraxtlar orasidagi 10 sotix yerda oshqovoq, 8 sotix yerda pomidor, 10 sotix yerda kartoshka, 3 sotix yerda bulgʻor qalampiri undirilgan. Bundan tashqari, piyoz, bodring, sarimsoq piyoz va turli koʻkatlar ekilgan. Uyi roʻparasidagi hovuz va uni oʻragan tollar atrofga salqinlik, koʻngilga sokinlik baxsh etadi. Yoʻl boʻyidagi 300 tup dengizdek chayqalib turgan mirzateraklar ham otaxonga tegishli. Shuningdek, u har yili 500 ming dona pomidor koʻchati yetishtiradi. Yoʻl yoqasidagi 60 sotix joyga bugʻdoy ham ekkan. Ortiqchasini bozorga chiqarish hisobiga oʻtgan yili 45 million soʻm sof daromad olganligi uning yerga mehr berganligidandir

Darvoqe, otaxon yoshiga nisbatan 10-15 yilga yoshroq koʻrinadi. Bu oʻzi aytmoqchi, yerga mehrning, tinimsiz jismoniy harakatning natijasi. Bobo farzandlarining farovon hayotini ham yer bilan bogʻlaydi.

— Mirsalohiddin Hamidov men faoliyat koʻrsatayotgan hududdagi usta dehqonlardan biri, — deydi Mirzachoʻl tumani IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi tayanch punktlari profilaktika inspektori, katta leytenant Gʻulom Ahmedov. — U “Ipak yoʻli” qishloq fuqarolar yigʻini ahlidan yordamini ayamaydi. Jumladan, otaxonga tegishli “DT-25” mini traktorida koʻpchilikning tomorqasi haydalmoqda. Bundan tashqari, joriy yil uning tashabbusi bilan qishlogʻimizga 1,5 kilometr yerdan suv tortib kelindi. Mazkur ariq yana 30 gektar tomorqani suv bilan taʼminlash imkonini berdi. Bu ishga tumanimiz hokimi texnika ajratish bilan hissa qoʻshgan boʻlsa, elimiz hashar uyushtirdi. Mirzachoʻl tumani fermerlari otaxonning paxtachilik va gʻallachilik borasidagi tajribasidan ham unumli foydalanmoqdalar, ular usta dehqondan tez-tez maslahat olishadi.

Aytgancha, bu yil otaxon 4 sotixlik issiqxona qurishni rejalashtirgan. Bankdan 30 million soʻm kredit olishi bilan ishga kirishmoqchi.

Alijon ABDUSATTOROV,

Manba: postda.uz