Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Farzandlarimizni va kelajak avlodni tamaki mahsulotlaridan himoya qilamiz!” mavzuidagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
So‘nggi yillarda aholi o‘rtasida chekish ko‘rsatkichlari ancha pasaygan, ammo aholining zaif qatlamlarini muhofaza qilish uchun yana qo‘shimcha choralarni ko‘rish talab etiladi.

Tadbirda qayd etilganidek, 2022 yil ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda 13-15 yoshdagi 37 million kishi u yoki bu shaklda tamaki iste’mol qiladi. Yevropa mintaqasida 13-15 yoshdagi 11,5 foiz o‘g‘il bolalar va 10,1 foiz qiz bolalar (umumiy hisobda – 4 million kishi) tamaki chekadi.

2024 yil 24 mayda O‘zbekiston Respublikasining “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Ushbu qonunning talablaridan kelib chiqqan holda joriy yilning 18 may kuni Vazirlar Mahkamasining “Tamaki mahsulotlari uchun texnik reglamentni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Vakolatli organlar tomonidan tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi choralar ko‘rilmoqda. Tamaki mahsulotlarining zarari to‘g‘risida aholining xabardorligini oshirish bo‘yicha axborot-ta’lim tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Tamakiga qarshi kurash choralarini yanada kuchaytirish zarur. Chunki tamaki sanoati bolalar va o‘smirlarni tamaki chekishga jalb qilib, nobud bo‘ladigan chekuvchilar yoki chekishni tashlaganlarning o‘rnini to‘ldirish uchun agressiv marketing strategiyasini olib bormoqda. Bundan ko‘rinib turibdiki, agar zarur choralar ko‘rilmasa, tamaki chekuvchilarning yangi avlodi paydo bo‘lishi mumkin.

Tadbir yakunida yoshlarimizni tamaki mahsulotlaridan himoya qilish choralarini kuchaytirish, yoshlar va kelajak avlod salomatligini, millat genofondini, ona-tabiatni muhofaza qilish xususida fikr-mulohazalar bildirildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA