Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farzandlaringiz uchun falokatni sotib olmang
16:13 / 2023-12-12

Hech kimga sir emaski, Yangi yil bayrami arafasida pirotexnika buyumlarining savdosi ortib ketadi. Shu bilan birgalikda ishlab chiqaruvchisi noma’lum va sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan, turli aylanma yo‘llar bilan mamlakatimizga qonunga xilof ravishda olib kirilgan pirotexnika buyumlaridan foydalanish vaqtida ko‘plab yurtdoshlarimiz turli darajada jarohatlanayotgani ham barchaga ma’lum.

Bayram yaqinlashishi bilan paqildoqlar savdosi avj oladi. “Qora bozor”da 30 ming so‘mdan 2.5 mln. so‘mgacha narxlanayotgan mushaklarning bozori chaqqonlashib bormoqda. Afsuski, pirotexnika vositalarining asosiy xaridorlari esa o‘quvchi-yoshlar. 

To‘g‘ri, ommaviy axborot vositalari orqali pirotexnika vositalaridan foydalanishning salbiy oqibatlari to‘g‘risida ogohlantirilmoqda. Biroq bu ko‘pchilikka yetib bormagandek. 
Qolaversa, pirotexnika vositalarining olib kirilishi va noqonuniy savdosiga qarshi kurash qizg‘in davom etyapti. 

Bojxonachilar tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda pirotexnika vositalarining noqonuniy olib kirilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yishga qaratilgan tezkor tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Masalan, Toshkent shahar bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi va Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan “Isuzu” rusumli yuk avtotransport vositasi to‘xtatilib, belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Uning yukxonasida “turp” mahsulotlari orasiga yashirilgan, xorijda ishlab chiqarilgan va hech qanday hujjatlari mavjud bo‘lmagan, umumiy qiymati 327 mln. 150 ming so‘mlik 2 turdagi 459 279 dona pirotexnika vositalari borligi aniqlandi. 

Hozirda yuqoridagi barcha holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda. Bu kabi misollarni ko‘plab keltirib o‘tish mumkin. 

“Qayta nomlangan”, sifatsiz dori iste’mol qilgan bemorni muqarrar o‘lim kutganidek, kontrafakt mahsulotga aylanib, xavflilik darajasi ikki hissa oshgan pirotexnikani ishlatib, yangi yilni kasalxonada kutib olishingiz mumkin. 

Pirotexnik vositalardan foydalanish oqibatida nafaqat kuyish va boshqa jarohatlar, balki asab tizimi ham jiddiy shikastlanadi. Masalan, paqildoqdan chiqadigan kuchli shovqin quloq pardalarini zararlashi, hatto yirtilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Odatda pirotexnika vositalaridan foydalangandan so‘ng, havoda qoladigan noxush, ya’ni porox yoki shunga o‘xshash kimyoviy birikmalar hidi markaziy nerv sistemasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatib, aqliy faoliyat buzilishiga olib kelishi kuzatilgan. 

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1851-moddasi bilan pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, ulardan foydalanish, xuddi shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirganlik yoki o‘tkazganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan bo‘lib, huquqbuzarlik ashyolari musodara etilib, eng kam ish haqining yigirma baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi. 

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 2501-moddasida (Pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi) pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, ulardan foydalanish, xuddi shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish (O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish) yoki o‘tkazish yoxud shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. 

— Pirotexnika vositalari vodiy viloyatlaridan aylanma yo‘llar orqali respublikamizga noqonuniy tarzda olib kirilishi uchrab turadi deydi, —Toshkent shahar bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari Otabek Odilov. Yoki nohalol tadbirkorlar tomonidan yashil va sariq yo‘laklardan foydalanib, boshqa tovarlar niqobi ostida, hujjatlarni soxtalashtirish yo‘li bilan yashirincha olib o‘tilayotgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, bundan avvalgi holatlar, ya’ni eski tartib davrida musodara omboriga topshirilgan pirotexnikalar yashirincha yo‘llar bilan olib chiqilgan bo‘lish ehtimoli ham bor. 

Ammo bugungi kunda FVV saqloviga berilganidan so‘ng bunday vaziyatlar kuzatilish xavfi mavjud emas. Bu borada Toshkenshahar bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari tomonidan davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida qiymati 332 million so‘mlik bo‘lgan 460 ming 574 dona pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanuvi va oldi-sotdisiga chek qo‘yildi. Eng ajablanarlisi, ushbu “paqildoq”lar 2 ta holatda aniqlangan. Ayni kunlarda yurtimizda yong‘inga qarshi kurashish oyligi bormoqda. «Tilsiz yov»ga ba’zan is gazi, ba’zan o‘zboshimchalik bilan foydalanilgan isitish pechlari, ayrim hollarda kichkinagina paqildoq ham sabab bo‘lishi mumkin. Ammo barchasining tub zamirida befarqlik yotadi. Yangi yil bayrami kunlari yong‘inlar xavfi va soni ortadi. Chunki xursandchilik paytida ko‘pchilik hushyorlikni yo‘qotadi va ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘ladi. 

Hayotingiz mazmuni bo‘lgan farzandlaringiz uchun falokatni aslo sotib olmang. Shunda yangi yilni tinch-osoyishta, xotirjam kutib olasiz. 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA