Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Farzandlarimizning maktabga qatnashi uchun mas’ullardan avtobus qo‘yib berishini so‘raymiz”
11:22 / 2024-05-14

Jurnalist surishtiruvi

- Hay yoreyyyy,

- Boz-bozg‘ana, bozg‘ana,

- Og‘zida chanqovuzg‘ina.

- Aka degan tovushi,  

- Chanqovuzdan sozg‘ana.

- Heyli boradi Oypari...

Qo‘liga do‘mbirasini olib, uning simlarini zarb bilan chertib, baxshi bobolaridek viqor va maroq bilan kuylayotgan bu bolakay Qashqadaryo viloyat Qamashi tumani “Paxtaobod” MFYga qarashli Lalmikor qishlog‘idagi 12-maktab filialining 1-sinf o‘quvchisi Botir Boymurodovdir.  

Botir yosh bo‘lishiga qaramay baxshichilik yo‘nalishida viloyat va respublika miqyosida o‘tkazilgan ko‘plab tanlovlarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. U o‘qiyotgan filial maktabda o‘zidan tashqari to‘rt nafargina sinfdoshi bor. Yangroq ovozi butun qir-adirlarni tutgan bolakay kelgusida taniqli baxshi bo‘lishni, sifatli ta’lim olishni, maktabida ham iste’dodini takomillashtirishi uchun barcha sharoit yaratilishini orzu qiladi...

[gallery-17393]

Gap shundaki, Lalmikor qishlog‘ida ko‘pi bilan 30 ta xonadon istiqomat qiladi. Shu bois o‘quvchi soni ham juda kam.  Bolalar boshlang‘ich sinfni filialda tugatgach, 9 kilometr uzoqlikdagi asosiy maktabga qatnashi kerak. Bu esa, ayniqsa, qish-qirovli kunlarda o‘quvchilarga noqulaylik tug‘diradi.  

Qishloq aholisining “farzandlarimizning asosiy maktabga qatnashi uchun mas’ullardan avtobus qo‘yib berishini so‘raymiz”, degan mazmundagi murojaatini o‘rganish maqsadida ushbu manzilda bo‘ldik.  

Haqiqatda Lalmikor qishlog‘i mahallaning eng olis qishloqlaridan biri ekan. Atrofi qir-adirlik, lalmikor yerlar. Qishloqda boshlang‘ich sinflar uchun maktab tashkil etilgan. Aholi sonining kamligi hisobiga uch sinf o‘quvchilari bir sinfga jamlab o‘qitiladi.  

Borganimizda dars payti edi. O‘qish jarayonini kuzatish maqsadida sinfxonaga kiramiz. O‘quvchilar soni 11 nafar. Ularning to‘rt nafari birinchi, bir nafari ikkinchi, besh nafari uchinchi va bir nafari to‘rtinchi sinf o‘quvchisi ekan.  

– Maktabimiz Paxtaobod mahallasidagi 12-maktabga qarashli filial hisoblanadi. Asosiy maktabdan 9 kilometr uzoqlikda joylashgan, – deydi biz bilan suhbatda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Abdukarim Normurodov. – Qishloqdan qatnaydigan o‘qituvchilar ham bor. Ularning soni yettita. Hafta davomida kelib darsini o‘tib ketishadi. Ota-onalarning e’tirozi ham juda o‘rinli. To‘rtinchi sinfni bitirgandan keyin asosiy maktabga qatnash qiyin bo‘lib qolyapti. Kimdir G‘uzorda, kimdir Qamashida, yana kimdir asosiy maktabda o‘qityapti farzandlarini. 30 nafarga yaqin 5-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan bolalarimiz qatnab o‘qiydi. 8 ta bola bizda ro‘yxatda bor, umumiy 12 nafar o‘quvchi o‘qiydi filialda. Filialimiz 60 o‘ringa mo‘ljallangan.  

Bola soni kam bo‘lgani bois, o‘quvchilar jamlanib, bitta sinfda o‘qitilmoqda. Xo‘sh, bu muammo haqida ota-onalar nima deydi? Ularning ba’zilarini suhbatga chorladik.  

– To‘rt nafar farzandim bor. Kattalari shu filialda boshlang‘ich sinfni o‘qidi, katta sinflarni asosiy maktabda o‘qidi. Ustozlarga rahmat, yaxshi ta’lim berishdi. Mana hozir oliygohda o‘qiyapti, – deydi  Muyassar Qurbonova. – Ikki nafari hali maktab o‘quvchisi. Biri filialda, biri aosiy maktabda o‘qiydi. Yo‘lda qiynaladi. Xavotirda o‘tiramiz. Gohida it hujum qilishi mumkin. Yolg‘iz qolib ketishadi. Qish kunlari juda qiyin. Mutasaddilardan iltimosimiz, bittagina texnika qo‘yib berishsa yaxshi bo‘lardi.  

– Farzandlarim 9 kilometr masofaga qatnab o‘qiyapti. Uch nafar farzandim bor. Yo‘lning uzoqligidan darslarga vaqtida bora olmaydi. Yo‘llarimiz buzuq, qishda loy, – deydi  Kamoliddin Ahmedov. – Bizning bolalarimizdan ham balki olimlar chiqar, balki prokuror chiqar. Bizning bolalarimiz ham O‘zbekistonning kelajagi emasmi? Bolalarim uchun jon kuydiraman. Bitta texnika qilib berishsa, yaxshi bo‘lardi. Imkoni borlar boshqa joylarga, qarindoshlarinikiga olib borib qo‘yib, o‘sha joylardagi maktablarga o‘qityapti. Lekin hammada ham bunday sharoit yo‘q.

Ota-onalar farzandlarining kelajagini o‘ylab, jon kuydirayotgani rost. Haqiqatda filial bilan asosiy maktab o‘rtasidagi yo‘l nosoz, boz ustiga kimsasiz. Lalmikor qishlog‘iga kelguncha keng dalalardan o‘tib kelishga to‘g‘ri kelar ekan. Filialdagi holatni o‘rganib, asosiy maktabga qaytar ekanmiz, bunga guvoh bo‘ldik. Yo‘lda maktabdan qaytayotgan o‘quvchilarni uchratdik. Piyoda, yayov kelayotgan o‘quvchilar 1,5-2 soatda uyga yetib borishlarini, agar mashina chiqib qolsa, undan ham tezroq borishini aytishdi.  

– Bu hududdan 5-11 sinflarda 22 nafar o‘quvchi o‘qiydi, – deydi  12-maktab direktori Nazokat Boymirzayeva. – Filialda 12 nafar o‘g‘il-qiz boshlang‘ich sinflarda o‘qiydi. Qolgan o‘quvchilarni imkoni bor ota-onalar boshqa joylarga maktabga qo‘ygan. Aslida 33 nafar o‘quvchi bor. Asosiy maktabimiz 460 o‘rinli. 2011 yilda filialimiz tashkil etilgan.  

Xo‘sh, Lalmikor qishlog‘idan 12-maktabga qatnab o‘qiyotgan o‘quvchilar taqdiri nima bo‘ladi? Kelgusida ularning xavfsiz qatnashi va sifatli ta’lim olishi uchun biror-bir o‘zgarishlar bo‘ladimi? Ushbu holat bo‘yicha mas’ullardan izoh so‘radik.

– Bu murojaat bo‘yicha gapiradigan bo‘lsak, joriy yil 21 fevralda 37-sonli Prezident farmoni chiqqan va unga ko‘ra, olis va chekka hududlarda joylashgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun autsorsing asosida bepul avtobuslar qo‘yish masalasi ko‘rilgan, – deydi Qamashi tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri Nargiza Abrayeva. – Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tajriba-sinov tariqasida yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan. Hozir viloyatlardagi olis hududlarda joylashgan maktablar ro‘yxatlari olinib, rejalari ishlab chiqilmoqda. Albatta, buning nizomi ishlab chiqiladi. Nizomda ko‘rib chiqilgan tartibga binoan mahalliy byudjet mablag‘lari asosida avtobuslar qo‘yiladi. Tumanimizdan ham asosan tog‘li hududlarimiz kiritilmoqda. Nizom talablariga to‘g‘ri keladigan bo‘lsa, bu maktab ham kirishi mumkin.  

Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining 2024 yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston - 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonining 13 bandida “2024 yil 1 sentyabrdan boshlab Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tajriba-sinov tariqasida umumiy o‘rta ta’lim maktablariga olis hududlarga qatnaydigan o‘quvchilar uchun autsorsing asosida bepul avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilsin”, deyilgan va bu farmon ilovasining 2-maqsadiga kiritilgan.

Shu o‘rinda yana bir gap. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda bir ma’lumotni o‘qib qoldim. Unda shunday deyilgan.  

“Yaponiyada bir yo‘lovchi maktab o‘quvchisi uchun temir yo‘l vokzali uch yil ishladi. Shu davr mobaynida poyezd Xokkaydo orolining Kyu-Shirataki stansiyasida kuniga ikki marta-o‘quvchi qizaloq o‘qishiga borib-kelishi uchun to‘xtab turgan. Stansiyada to‘xtash vaqtlari qizning maktab jadvaliga qarab belgilangan. 2013 yilda temir yo‘l boshqarmasi yo‘lovchi bo‘lmagani uchun vokzalni yopishga qaror qiladi. Ammo qizaloq ta’lim olishdan to‘xtab qolmasligi uchun har kuni ushbu poyezdda borish kerakligi ma’lum bo‘lgach, mahalliy hokimiyat bu kimsasiz stansiya faoliyatini davom ettirishga qaror qiladi. Stansiya har yili ta’mirlanar, qishda esa platforma qordan tozalanar edi”.

Bu bilan Yaponiyadagi ta’lim tizimini o‘zimizniki bilan qiyoslamoqchi emasman. Ammo olis tog‘da bo‘ladimi yoki cho‘lda bo‘lsin, ulg‘ayayotgan har bir o‘quvchi mamlakatimiz taqdiriga daxldordir va kun kelib u yurtimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarishi mumkin. Bu esa, mamlakatimizda o‘sayotgan har bir o‘quvchini bee’tibor qoldirmaslikni anglatadi. O‘ylaymizki, mas’ullar ushbu muammoga ijobiy yechim topishadi, lalmikorlik o‘quvchilar ham emin-erkin va xavotirsiz asosiy maktabga qatnab ta’lim olishadi.  

 

O‘lmas Barotov,  

O‘zA muxbiri