Maktab va bog‘chalarda farzandlarimizning munosib ta’lim-tarbiya olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ta’lim muassasalaridagi mavjud muammolarni bartaraf etish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratib kelinadi.
Bu bejiz emas. Chunki kelajagimiz egalarining dunyoqarashi shakllanishi, bilim va salohiyati o‘sishi, bir so‘z bilan aytganda, ertangi kun uchun poydevor qurilishi, avvalo, bog‘cha va maktabdan boshlanadi. Shu bois ham bolalarimizning maktabgacha ta’lim va umumta’lim bosqichida yetarli bilimlarga ega bo‘lishi uchun zamonaviy sharoitlarni muhayyo qilish hayot-mamot masalasidir.

Bu borada o‘tgan yillar davomida ko‘plab yangi maktab va bolalar bog‘chalari barpo etildi, eskilari qayta ta’mirlandi. Ta’lim-tarbiya tizimiga qaratilgan e’tibor va sohadagi islohotlar samarasida yoshlarimiz jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush, 221 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Garvard, Yel, Prinston, Kolumbiya, Kornell kabi nufuzli oliygohlarda tahsil olayotgan talaba-yoshlarimiz 500 nafardan, TOP-100 talikdagi oliygohlarda o‘qiyotgan yigit-qizlarimiz 3,5 ming nafardan oshdi. Shuningdek, yosh sportchilarimiz xalqaro arenalarda 720 ta oltin, 671 ta kumush, 854 ta bronza medali sohibi bo‘lgani quvonarli.

Bu kabi tarixiy natijalar bardavomligini ta’minlash bugungi kunda bog‘cha va maktablarda olib borilayotgan ta’lim-tarbiya jarayoni bilan chambarchas bog‘liq, albatta. Ta’lim maskanlaridagi kamchilik va muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish sifatli, natijador ta’lim-tarbiya uchun xizmat qiladi.

Shundan kelib chiqib, parlament quyi palatasi vakillarining hududlardagi navbatdagi o‘rganishlari davomida maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablar faoliyati bilan yaqindan tanishishga alohida e’tibor qaratildi. O‘rganishlarda ta’lim-tarbiya muassasalaridagi bir qator amaliy natijalar, ezgu tashabbuslar bilan birga, ayrim muammolar borligi ham aniqlandi.

Masalan, Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Oydin Abdullayeva Toshkent shahar Yangihayot tumanidagi o‘rganishlari davomida 2-sonli umumta’lim maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ushbu maktab har jihatdan namunali ta’lim muassasasi hisoblanadi. Qator sport musobaqalari hamda ko‘chat ekish tashabbuslarida yuqori natijalarga erishib, peshqadamlar qatoridan joy olgan.

Ayni paytda mazkur maktabda 1500 nafarga yaqin o‘quvchi tahsil olmoqda. Vaholanki, ta’lim muassasasi binolari 940 o‘ringa mo‘ljallangan. Shu munosabat bilan maktab jamoasi o‘quvchilarning sport bilan samarali va muntazam shug‘ullanishi uchun qo‘shimcha yana bitta sport zaliga ehtiyoj mavjudligini bildirdi. Ushbu masala deputat nazoratiga olindi.

Doim ta’lim-tarbiya masalalarida peshqadam bo‘lib keladigan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari ham o‘rgnishlari davomida hududlardagi bog‘cha va maktablar faoliyati, ulardagi yutuqlar va kamchiliklarga alohida e’tibor qaratdi. O‘rganishlarda ma’lum bo‘lganidek, Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi 3-sonli umumta’lim maktabida o‘quvchilar soni me’yordan ortiq. Qo‘shimcha 330 o‘rinli bino qurish zarurati mavjud. Tumandagi 19-sonli maktabda esa zamonaviy sport zaliga ehtiyoj bor. Mavjud sport zali 1960-yilda qurilgan bo‘lib, bugun talabga javob bermay qolgan.
Fraksiya a’zolarining Dehqonobod tumanidagi o‘rganishlari davomida 13-maktab binolari eskirgani, shu sababli ularni rekonstruksiya qilish masalasi ko‘tarildi. Qarshi shahrida esa pedagoglar tomonidan “Tarbiya” fanining darsliklarini qayta tahrirlashga ehtiyoj borligi aytildi.
Ekofraksiya azosi Javlon Abdullayev Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi 14-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti sharoitlarini o‘rganganda, ushbu bolalar bog‘chasi achinarli ahvolda ekani ma’lum bo‘ldi. Binolar to‘liq ta’mirga muhtoj, yoritish tizimi ishlamayapti, devor va shiftlarda chuqur yoriqlar bor. Bundan tashqari, bog‘cha “catering” tizimiga o‘tkazilgan, ammo ovqat uzoq hududdan yetkazilishi sababli sifatli va issiq holda yetib kelmayapti.
Deputat Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan birgalikda mazkur 14-sonli bog‘chani dasturga kiritib, sharoitini yaxshilash bo‘yicha ish olib borishni rejalashtirib qaytdi.
Xalq vakillarining ta’lim-tarbiya maskanlaridagi bu kabi o‘rganishlari davomida aniqlangan muammoli masalalar, albatta, tegishli mutasaddilar bilan muhokama qilinib, ularni hal etish choralari ko‘rilishi lozim.
Zero, ta’lim-tarbiya jarayoni bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan muammolar sifatga, samaradorlikka ta’sir qilmasligi kerak. Farzandlarimiz qulay sharoitlarga ega bo‘lgan muassasalarda zamonaviy ta’lim-tarbiya olishi, elu yurt kutganidan-da ziyoda kadr bo‘lib yetishishi har qachongidan-da dolzarb ahamiyatga ega hisoblanadi.
Muhtarama Komilova, O‘zA