Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Farzandlarim hech kimdan kam bo‘lmay yashashi kerak”
16:06 / 2024-02-20

Ijtimoiy himoya milliy agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi 65 nafar imkoniyati cheklangan fuqaroga elektronli aravacha tuhfa qilib, ularning hayotga qiziqishi va mehnatga intilishini yanada oshirdi.

Qumqo‘rg‘on tumanidagi Bog‘aro mahallasida yashaydigan Zafar Xo‘jamqulovning bolalikdan nogironligi bor. Yurish imkoniyati cheklangan. Boshlang‘ich ta’limni uy sinfida olgan. Unga tumandagi 8- maktab o‘qituvchilari saboq bergan. 

Bu yil 34 yoshni qarshi olayotgan Zafar Ho‘jamqulov turmush o‘rtog‘i bilan uch nafar farzandni tarbiyalab, kamolga yetkazmoqda. Yaqinda Z.Xo‘jaqulov ham yangi elektron aravachali bo‘ldi. Bu g‘amxo‘rlik irodasi mustahkam, fikrlari teran, izlanuvchan imkoniyati cheklangan insonga bir olam sevinch ulashdi. 

– Uyda edim, – deydi Z. Xo‘jamqulov. – Qumqo‘rg‘on tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazidan qo‘ng‘iroq qilishdi. “Zafar aka, uydamisiz”, deya so‘radi ijtimoiy xodim. “Ha, uydaman”, dedim. Chamasi 10-15 daqiqa o‘tgach, xonadonimizga kelishdi. Qarasak, yillar davomida men erisholmagan elektron aravacha olib kelishibdi. Beixtiyor ko‘zlarim quvonchga to‘ldi. Qalbimda aravachani olib kelgan ijtimoiy xodimlarga mehrim yanada oshib ketdi. Har bir insonning qadr-qimmatini o‘rniga qo‘yayotgan davlatimizdan behad minnatdor bo‘ldim. Bolalikdan yurolmasam-da, bir olam orzu-umidlar bilan yashayman. Maktabni tamomlagach, o‘qish imkonim bo‘lmadi. Sog‘lig‘im tufayli ta’limni davom ettira olmadim. Ko‘p harakat qilsam, oyoqlarimda toliqish bo‘ladi. Endi bu aravacha bilan maqsadlarimga oson erishaman. 

Ayni paytda Zafar Xo‘jamqulov Qumqo‘rg‘on tumanidagi agrosanoat texnikumining birinchi bosqich talabasi. Kelajakda veterinariya mutaxassisligini egallash uchun tinmay o‘qib- izlanmoqda. 

– Ta’lim dargohi uyimizdan uch chaqirimcha uzoqda joylashgan, – deya suhbatni davom ettiradi u. – Shu paytgacha texnikumga borishga biroz qiynalar edim. Uch oyoqli velosipedda borib- kelish uchun uch soatlar vaqtim ketar edi. Yog‘ingarchilik va issiq kunlarda o‘qishga borish yoqmagan paytlar ham bo‘lar edi. Majburan yo‘lga chiqar edim. Endi yangi aravacha mening o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqimni yangi bosqichga olib chiqdi. Qiyinchiliklarning barchasi ortda qoldi. Men erisholmagan orzular qanotiga farzandlarim qo‘nishi uchun harakatdaman. Bu yo‘lda turmush o‘rtog‘im hamisha dalda berib, eng yaqin suyanchiq bo‘lmoqda. 

Imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramay, Zafar Xo‘jamqulovda intilish va izlanish kuchli. Uning bunday fazilatlariga kursdoshlari ham havas bilan boqadi. U inson qalbini toza tutib, faqatgina oldinga intilsa, maqsadlari ro‘yobga chiqadi, degan g‘oya bilan yashaydi. 

– Mening bir orzuim bor, – deydi suhbatdoshimiz. – Kelajakda farzandlarim hech kimdan kam bo‘lmay yashashi kerak. Ular otamiz tumanda eng bilimli, eng zo‘r veterinar mutaxassis, deya men bilan faxrlanib yurishi lozim. Ulg‘ayganida esa o‘zlari qiziqqan soha bo‘yicha oliy ma’lumot olib, mendan ham kuchli mutaxassis bo‘lishi, davlatimizga mendan ham ko‘proq nafi tegishi zarur. Hozir shu orzular ro‘yobini ko‘rish uchun qo‘limdan kelguncha harakat qilmoqdaman. 

E’tibor bergan bo‘lsangiz, qahramonimiz davlatimiz berayotgan nafaqaga qarab o‘tirishni o‘ziga ep bilmayotgan inson. Uning bunday xislatlarini ilg‘agan tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari o‘qishni muvaffaqiyatli tugatgach, Zafar Xo‘jamqulovni o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlashni mo‘ljallamoqda. Bularning barchasi mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslar va ko‘makka muhtoj insonlarga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaldagi ifodasidir. 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri