Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farzandlar tirik yetim bo‘lmasin!
16:58 / 2023-06-07

Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir. Bugungi kunda oilada er-xotinning huquq va majburiyatlariga amal qilmasligi aksariyat hollarda nizolarga sabab bo‘layotgani va oxir-oqibat notinchlik ortidan ayrim farzandlar otasiz yoki onasiz ulg‘ayishga majbur bo‘layotgani rost.

Ikki yoshning boshini qovushtirish uchun ota-onalar, yoshi ulug‘lar sa’y-harakat qilishadi. Ammo yoshlar o‘rtasidagi arzimas gap-so‘zlar va asossiz vajlar tufayli guldek oilaning barbod bo‘lishi achinarli hol.  

Ba’zan mahalla faollari, qo‘ni-qo‘shni va mutasaddilarning oilalardagi kelishmovchiliklarga befarqligi ham oilaviy ajrimlarga sabab bo‘layotganini ming taassuf bilan tilga olish lozim.  

Endi bir mulohaza qilib ko‘raylik, oila atalmish qo‘rg‘onning darz ketgan yorig‘i qanday kattalashadi?  

Bir oilada qandaydir arzimas sababga ko‘ra janjal bo‘ldi va kelin jahl ustida farzandlarini olib, ota uyiga jo‘nab qoldi. Oradan vaqt o‘tib, yarashtirish o‘rniga kelin tomoni farzandining ta’minoti uchun aliment undirish maqsadida kuyovto‘rani sudga beradi.  

Bu – oilaning dars ketgan yorig‘ini yanada kattalashtiradi.  

Keyin oradagi munosabatlar yanada sovuqlashadi, sababi, oldinda aliment to‘lamaganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarliklar kutib turadi. Aslida farzandlari ta’minoti uchun aliment to‘lasa-da, ko‘nglidagi sovuqlik ortib boraveradi.  

Qachonlardir bir-birini yaxshi ko‘rib turmush qurgan, buning mevasi sifatida farzandlar dunyoga kelgan oila qandaydir sabablar omilida avvalgidek baxtli yashashni istaydi.  

Bugungi kunda byuro xodimlari ham yaxshilikka sababchi shaxslarga aylanmoqda.  

Jumladan, Majburiy ijro byurosining Jizzax viloyati boshqarmasi tuman-shahar bo‘limlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 562 nafar oila yarashtirildi. Misol uchun, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Forish tuman sudining joriy yildagi buyrug‘iga asosan fuqaro A.B.dan Z.B foydasiga ikki nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish bo‘yicha ijro hujjati MIBning Forish tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.  

Davlat ijrochisining harakatlari bilan tomonlarga to‘g‘ri huquqiy tushuntirishlar berilishi natijasida oila qayta tiklanib, ijro ishi amalda tamomlandi. Ikki nafar norasida ota-onasining mehriga to‘yib o‘sadigan bo‘ldi.  

Byuroning Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan bu boradagi ishlar muntazam davom ettirilmoqda. Toki, muqaddas oila qo‘rg‘oni hech qachon darz ketmasin.  

O‘zA