Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farzandlar tarbiyasiga befarq qarab bo‘lmaydi!
09:53 / 2026-02-24

2025-yilgi Davlat dasturida mehnat jamoalarida “Mas’uliyatli ota-ona” loyihasini keng joriy etish masalasi muhim vazifa sifatida belgilangan edi.

Bu bejiz emas, albatta. Zero, bugungi kunda ayrim ota-onalar farzandlari taqdiriga befarq qarashi, bunday mas’uliyatli yumushni o‘zidan soqit etib, ba’zan faqat maktab va o‘qituvchilarga yuklab qo‘yishdek holatdan aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi.  

Farmonga ko‘ra, «Mas’uliyatli ota-onalik» mezonlari bo‘yicha trening dasturi va trenerlar uchun o‘quv-metodik qo‘llanma ishlab chiqish, mavzuga aloqador ma’ruza matnlari, taqdimotlar, tarqatma materiallar, ko‘rgazmali targ‘ibot vositalari, videoroliklar, buklet va flayerlar tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borishga alohida e’tibor qaratildi.  

Ushbu loyihaning samarali amalga oshirilishida tegishli tashkilotlar bilan birga “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti ham o‘ziga xos hissa qo‘shmoqda.  

Aytish kerakki, loyihada nainki onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalari, balki yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olish, ota-onalarga pedagogik-psixologik bilimlar berish, ularning iqtisodiy bilimdonligi, oilaning ma’naviy – axloqiy muhiti, oilada sog‘lom turmush tarzini rivojlantirish masalalari ochib berilgan.

“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, loyihani amalga oshirish yuzasidan bir qator ishlar bajarilgan. Jumladan, tibbiyot xodimlari, iqtisodchilar, pedagoglar, psixologlar va sotsiologlardan iborat ekspertlar guruhi shakllantirildi.

Ushbu guruh tomonidan mazkur masala bo‘yicha 10 dan ortiq xorijiy davlatlarning tajribalari o‘rganildi. Ekspertlar guruhi tomonidan “Mas’uliyatli ota-onalik” nomli o‘quv qo‘llanma tayyorlandi va Institut tomonidan 10 ming nusxada nashr etildi.

Loyihani amaliyotga tadbiq etish samaradorligini ta’minlash maqsadida “Ota-onalikka tayyorgarlik”, “Ota-onaning reproduktiv salomatligi”, “Ota-onaning pedagogik-psixologik malakalari”, “Ota-onaning iqtisodiy bilimdonligi” va “Oilaning ma’naviy-axloqiy muhiti” nomli qo‘llanmalar ham tayyorlandi.

“Mas’uliyatli ota-onalik” loyihasi doirasidagi amaliy mashg‘ulotlar uchun ish daftari”, “Yosh ota-onalar uchun farzand daftari” ishlab chiqildi.

Ota-onalarning mas’uliyatini oshirishga qaratilgan 8 ta videodars, 1 ta ijtimoiy rolik, 3 ta video rils va 10 ta targ‘ibot materiallari yaratildi.  

Albatta, bu boradagi ishlarni yanada kuchaytirish va takomillashtirish muhim. Negaki, yurtimizning ertangi kuni bugungi avlod qo‘lida. Shunday ekan, tarbiyada bo‘shliq va loqaydlik, befarqlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.  

Nazokat Usmonova,  

O‘zA muxbiri