MIB sud qarorlari ijrosni ta’minlamoqda.
Xonqa tumani “Yoshkuch” mahallasida yashovchi fuqaro S.A. oilaviy kelishmovchiliklar sababli turmush o‘rtog‘ining uyidan chiqib ketishga majbur bo‘lgan. Biroq u voyaga yetmagan farzandlarini o‘zi bilan olib keta olmagani uchun sudga murojaat qilgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan, S.A.ning 2015 yilda tug‘ilgan M.Sh. hamda 2021 yilda tug‘ilgan M.S. ismli voyaga yetmagan farzandlarini ona tarbiyasiga berish to‘g‘risidagi ijro hujjati joriy yilning 2 fevral kuni Byuroning Xonqa tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.
Shu kunning o‘zida davlat ijrochisi M. Egamberganov tomonidan ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, javobgarga farzandlarni ixtiyoriy ravishda onasiga topshirish haqida ogohlantirish xati berilgan. Shu bilan birga, sud qarorini bajarmaslikning huquqiy oqibatlari ham tushuntirilgan.
Ko‘rilgan choralar natijasida javobgar sud qarorini ixtiyoriy ravishda bajarib, ikki nafar voyaga yetmagan farzandni onasi bag‘riga qaytargan. Natijada sud qarori ijrosi to‘liq ta’minlangan.
Hamroz Bayanov, O‘zA