Farzand dunyoga kelar ekan, uning porloq kelajagidan umidvor ota-ona borki, el koriga yarasin, Ona Vatanga xizmat qilsin, deb duolar qiladi. Ilmga, kasbga yo‘naltirib, hech bir mashaqqatlarga qaramay, uning vazifasi yurtni asrash ekanini uqtirgan ota-onadan baxtiyorroq inson bo‘lmasa kerak.
Bunday quvonchni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy ta’lim muassasalarida ofitser bo‘lishni maqsad qilib, belgilangan muddat davomida tanlagan sohalari bo‘yicha ta’lim-tarbiya olgan o‘g‘lonlarning yaqinlari ko‘zida ko‘rish mumkin.
22 iyun kuni chin ma’noda yurt posbonlari, deya atalgan o‘g‘lonlarning bitiruv tantanalari bo‘lib o‘tdi.
Qurolli Kuchlar akademiyasida o‘tkazilgan bitiruv tadbirida O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov ishtirok etib, yosh ofitserlarni samimiy qutladi.
Tadbirda ota-onalar, yozuvchi va shoirlar hamda Qurolli Kuchlar faxriylari bitiruvchilarni qutlab, kelgusi xizmat faoliyati va shaxsiy hayotlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
– Bugun farzandim Oybekjon Qurolli Kuchlar akademiyasining to‘rtinchi bosqichini tugatib, namunali diplom bilan taqdirlandi, – deydi Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidan bitiruv tadbiriga kelgan Bobur Husayinov. – O‘g‘lim maktab davrlaridanoq sport bilan qattiq shug‘ullanib, harbiylik kasbiga qiziqib, yurtni himoya qilishdek sharafli xizmatga ko‘ngil qo‘ydi. Men bundan faxrlandim. Tilagim, chegaralarimiz mustahkamligini ta’minlashda ishtirok etib, Vatan uchun sadoqatli bo‘lsin. Ushbu o‘quv yurtida xizmat qilayotgan va farzandlarimizga ilm o‘rgatgan barcha fidoyilarga minnatdorlik bildiraman.
Bitiruv marosimi shukuhi yanada kengayib, turli sahna chiqishlari va konsert dasturlariga ulandi. Bu kabi turli jangovar sahna chiqishlari shubhasiz kelajagini Vatan himoyasiga bog‘lovchi yoshlarning qalbiga shijoat bag‘ishlasa, ajabmas.
Tadbirdan so‘ng bitiruvchilar ota-onalari bilan diydorlashib, unutilmas kun munosabati bilan quvonchlarini bo‘lishdi va duolarini olishdi.
– O‘g‘lim Alisher Qurolli Kuchlar akademiyasini tugatib leytenant unvonini olganligi munosabati bilan bugungi tantanali marosimda qatnashish uchun Buxoro viloyati Kogon shahridan keldik, – deydi Anvar Sharopov. – O‘g‘lim Vatan sarhadlarini himoya qilish uchun jangovar shaylikda tarbiyalandi. Yurtga sadoqat bilan xizmat qilish endi o‘g‘limizning bo‘ynidagi vazifa. Bugun tadbirga kelganlarni, harbiy unvonga erishgan yigitlarni qutlayman, omad tilayman.
<iframe width="853" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/SbmPtFp_7uI" title="Farzandining vazifasi yurtni asrash ekanini koʻrgan ota-onadan baxtiyorroq inson boʻlmasa kerak" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Eslatib o‘tamiz bugun Mudofaa vazirligi tasarrufidagi barcha oliy harbiy ta’lim muassasalarida kursantlarning bitiruv marosimlari yuqori saviyada o‘tkazildi.
Tadbirdan lavhalarni quyidagi videoda kuzatishingiz mumkin.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA