Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farzandining mashhurligiga sababchi bo‘lgan onalar
12:23 / 2022-12-24

Futbol bo‘yicha yaqinda yakuniga yetgan Jahon chempionatidan so‘ng bir oy, ehtimol 4 yil futbol muxlislari o‘rtasida bahslar davom etar. Mundial o‘yinlarida har bir muxlis o‘ziga qiziq jihatlarga e’tiborini qaratdi.

Menda ko‘proq butun dunyodagi futbol muxlislarini ikkiga bo‘lib yuborgan Ronaldu va Messi, Fransiyani kurashga qaytargan Mbappening onasi haqida yozish istagi tug‘ildi. Yana bir xolat. Har qanday kuchli erkakning ortida kuchli ayol turadi, degan fikr nechog‘li haqiqatga yaqin ekanligini bilish istagi tinchlik bermaydi odamga.  

Xo‘sh, bu uch qahramonning karerasida onasining o‘rni, ta’siri qanday? Ular farzandlariga qay tarzda motivatsiya bergan va berib kelmoqda? Shu va boshqa savollar atrofida mulohaza yuritamiz.  

Krishtianu Ronalduning yutuqlarida onasi Dolores Aveyro xonimning hissasi kattaligini hamma yaxshi biladi. Ya’ni Ronalduning onasini hamma taniydi. Aveyro xonim eng avvalo o‘g‘lining sha’nini OAVdan himoya qiladi. O‘g‘li mag‘lubiyatga uchragan paytlari qo‘ng‘iroq qilib, sabrli bo‘lishga undaydi. Ronaldu ham onasini juda qadrlaydi.  

Argentinalik yulduz Lionel Messining onasi Seliya Kuchchittini o‘g‘li tanqidlarga qanday qarashi haqida shunday degan:  

“Tanqidlardan aziyat chekamiz. Lionel mas’uliyatni his qilmaydi deyishadi, biroq bu yolg‘on. Agar hamma Leoni biz ko‘rganimizdek ko‘rishganidami? U tanqidlar tufayli yig‘laydi. Tanqid uning qalbini yaralaydi. Unga omad tiladim va o‘zi haqida qayg‘urib, bir paytlar “Grandoli”da o‘ynagani kabi futboldan rohat olishi kerakligini aytdim”.  

PSJ hujumchisi Kilian Mbappening onasi Faiza Lamarini ham o‘g‘liga kelajagi borasida aniq maslahat bera oladigan ona. Mbappe terma jamoasiga umid berdi. Uning ko‘zlarida qo‘rquv ko‘rinmasligining sababi ham tarbiyada deb ayta olamiz.  

Bu fikrlarni o‘qigach sportchi uchun ona psixolog vazifasini bajara oladi, degan qarorga keldim. Chunki uning hayotidagi har qanday vaziyatlarni his qilib turadi. To‘g‘ri, onalar maydonga tushib futbol o‘ynab bermaydi, ammo “parda orti”dan turib, farzandini ruhiy tomonlama sog‘lom raqobatga tayyorlaydi, orzularini haqiqatga aylanishiga turtki beradi.  

Hech birimizga yangilik emas, Ronaldu va Messi yuqori darajadagi  futbolchi ekanliklarini isbotlab qo‘yishgan. Ular haqida hamma narsani bilamiz. Ammo omad charxpalagi hamisha aylanib turishini ham unutmasligimiz kerak. Ehtimol Mbappe Ronaldu va Messidan keyingi futbol qiroli bo‘lar. Axir Jahon chempionati final o‘yinida ko‘z o‘ngimizda Messi bilan tengma-teng raqobatlasha oldi.  

Messi esa onasi aytganidek orzusiga erishdi. Ronaldu hozir 37 yoshda. Uning keyingi qadamlari hammamizga qiziq. 2026 yilgi jahon chempionatida 41 yoshda bo‘ladi. U yana yoshligiga qaytadimi yo‘qmi hammasini vaqt ko‘rsatadi. Hozir boshidan qiyin davrlarni kechiryapti. O‘z sport formasini namoyish eta olmayapti. Ayni paytda hammadan ham ko‘proq uni tinglaydigan, dalda beradigan onasi deb bilaman. Onalar hammadan ham ko‘proq hayajonlanib, ulkan hissiyotlar bilan farzandini kuzatishadi. Axir butun dunyo bizga qarshi bo‘lsa ham, kim bo‘lishimizdan qat’i nazar onamiz biz tomonda bo‘ladi. 

N.Rahmonova, O‘zA