2020/2021 o‘quv yili III choragidan barcha maktablarda o‘quv jarayoni to‘liq an’anaviy shaklga o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab tushunmovchilik va e’tirozlarga sabab bo‘ldi.
Aytish joizki, mamlakatimizda maktablar faoliyati 2020 yil sentyabr oyidan sanitar-epidemiologik talablarga javob bergan holda bosqichma-bosqich tikladi.
Qishki ta’tildan avval o‘quvchilarning 90 foizi an’anaviy ta’limga qaytdi. Qolgan 10 foiz o‘quvchilarni ham an’anaviy ta’limga qamrab olish maqsad qilingan edi.
Xalq ta’limi vazirligi havotirga o‘rin yo‘qligini, uyida kasallik tarqalishiga ehtimol katta bo‘lgan, keksa odamlari bor hamda salomatligida surunkali xastaligi bo‘lgan o‘quvchilarning ta’lim olishi uchun parallel ravishda “Onlayn-maktab” loyihasi ham davom ettirilishini ma’lum qiladi.
Bunday oilalar avvalgi chorakdagidek o‘qishini uyidan davom ettirishiga imkoniyat yaratiladi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalarda ularga karantin davrida o‘qituvchilari va tengdoshlari bilan o‘zaro muloqot yetishmagani aniqlandi.
Maktabga bormayotgan o‘quvchilar esa afsuski, ana shunday imkoniyatdan mahrum bo‘lib qolmoqda. Bola uchun do‘stlari bilan doimiy muloqotda bo‘lish va ular bilan bir jamoa bo‘lib ta’lim olish juda muhim. Hech qanday zamonaviy texnologiya aynan shu muhitni bola uchun ta’minlab bera olmaydi.
- Shu o‘rinda farzandini maktabga yubormaydigan ota-onalardan ularning vaqtini besamar o‘tkazmasligi hamda uyda ta’lim olishi uchun barcha zarur sharoitni yaratib, ularni to‘liq nazoratga olishini so‘rab qolamiz, - deyiladi Xalq ta’limi vazirligi ma’lumotida.
O‘zA