Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Farzandingizni ota-ona mehriga zor qilmang”
18:39 / 2023-05-08

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 15 may – Xalqaro oila kuni munosabati bilan mamlakatimizda amalga oshiriladigan tadbirlar yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi. Unda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva mavzu yuzasidan belgilangan rejalar xususida ma’lumot berdi.

– Qo‘mitamiz hamda tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida ushbu sanani keng nishonlash tadbirlari boshlandi, – dedi S.Boymirzayeva. 5 maydan 5 iyungacha yurtimizda “Farzandingizni ota-ona mehriga zor qilmang” mavzuida oilalarni mustahkamlash oyligi e’lon qilindi. “Farovon oila sari” shiori ostida barcha mahallalarda, qishloq va ovullar, tuman va shaharlarda oilalarni mustahkamlash, uning jamiyat hayotidagi ahamiyatini targ‘ib etishga doir bayram tadbirlari tashkil etiladi. Mahallalarda oilalarni yarashtirish, yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikohlarning oldini olish yuzasidan tizimli tushuntirish ishlari olib boriladi. “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilalari – yoshlar uchun ibrat maktabi” nomli tadbirlar, “Mening oilam – mening faxrim” mavzusida fleshmob va “Yangi O‘zbekistonning baxtli oilasi” nomli chellenj o‘tkaziladi.  

Ta’kidlanishicha, joylarda o‘tkazilayotgan “Ayollar spartakiadalari”, “Sog‘lom hayot uchun 5 ming qadam”, velopoyga, gimnastrada bo‘yicha sport musobaqalarida, bugungi kunga qadar 25 ming nafardan ortiq xotin-qiz qamrab olindi. 12 may kuni vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xodimlari va ularning oila a’zolari o‘rtasida “Gimnastrada” festivali o‘tkaziladi. Unda 500 dan ziyod xotin-qiz qamrab olinadi. 10-15 may kunlari Qurolli kuchlar tuzilmalarida faoliyat yuritayotgan harbiylar oilalari o‘rtasida “Yangi O‘zbekistonning harbiylar oilasi” tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tadi. 10 maydan boshlab O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati bilan hamkorlikda alohida nizom asosida imkoniyati cheklangan oilalar o‘rtasida “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” tanlovi o‘tkaziladi. 15 may kuni Toshkent shahri va barcha hududlardagi istirohat bog‘lari va aholi gavjum joylarda el suygan san’atkorlar ishtirokida ko‘ngilochar madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil qilinishi rejalashtirilgan. 16 may kuni “Oila institutini rivojlantirishda milliy va umuminsoniy qadriyatlarning o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etiladi.  

Shuningdek, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash, “Farovon oila sari” konseptual g‘oyasini hayotga tatbiq etishda ibratli oilalarning ijtimoiy faolligini oshirish, namunali oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish maqsadida “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi.  

N.Usmonova, O‘zA