Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farzandi ortidan rahmatlar, ijobiy e’tiroflar eshitgan ota-onaning ko‘ngli tog‘dek yuksaladi, aksi bo‘lsa-chi...
11:54 / 2023-10-05

Oilada farzand tarbiyasidek mas’uliyatli va zalvorli ish yo‘q. Farzand odob-axloqi, tarbiyasi hamma zamonlarda ham dolzarb bo‘lib kelgan. Ko‘p hollarda globallashuv tufayli salbiy oqibatlarga olib keluvchi omillarni tarbiyaga ta’sir etuvchi asosiy omil, deb ham qarashlar mavjud. Xo‘sh, bu qanchalik asosli? Bola tarbiyasi asosan jamiyat ta’sirida shakllanadimi yoki oila bunda asosiy o‘rindami? Shu kabi masalalar yuzasidan ayrim yurtdoshlarimizning fikr-mulohazalarini tingladik.

– Har bir inson farzandi ortidan rahmatlar, ijobiy e’tiroflar eshitsa, ko‘ngli tog‘dek yuksaladi. Aksincha, quloqqa xush yoqmaydigan so‘zlar, ta’na-yu malomatlar eshitsa-chi?! Hatto bu haqda o‘ylashni ham istamaymiz. Demak, farzandlarimiz tarbiyasi haqida doim yaxshi gaplar eshitgimiz kelar ekan, nega ularning odobi, yurish-turishiga ahamiyat bermaymiz? Hozirgi ayrim zamonaviy yosh qizlarning yurish-turishini ko‘rib, gap-so‘zlarini eshitib, ba’zan yoqa ushlaysan. Ayniqsa, ularning libosiga qarab ham  xijolatda qolasan.

Ayni balog‘at ostonasidagi o‘smir farzandimizga do‘st, sirdosh bo‘lishni eplay olyapmizmi? Qaltis qadami tufayli toyib "yiqilsa", “senga nima yetishmasdi?!" deb dunyoni boshimizga ko‘targudek qilamiz. O‘g‘il bola bir bor adashsa, yana to‘g‘ri yo‘lga solsangiz, o‘zini o‘nglab, qadamini bilib bosadigan bo‘lar, hayot ostonasida yo‘l qo‘ygan xatosini umr bo‘yi isloh etishga imkoni bo‘lar, ammo qiz bola bir marta qaltis qadam qo‘ydimi, bir umr uning iztirobu alamlaridan qutula olmaydi. Shu sabab ham keksalarimiz qiz bolaning tarbiyasi o‘ta nozik bo‘ladi, deb qayta-qayta ta’kidlashadi, – deydi “Sharq ayoli” xalqaro ayollar jamg‘armasi boshqaruvi raisi Saodat Tursunboyeva.

– Tarbiya borasida gap ketganda, ko‘pchilik farzandini yedirish-ichirish, ulg‘aytirishni tushunadi. Bor mas’uliyat faqat shunga qaratiladi, – deya fikrini boshlaydi filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov. – Oiladagi g‘urur nima o‘zi? Ayollardan or-nomus talab qilish emas, or-nomusini himoya qilish hamdir. Shunisi achinarliki, ba’zi bir qizlar kiyinish borasida hatto Hollivudning ko‘pgina aktrisalarini ham ortda qoldiradi. Avvallari ko‘cha-ko‘yda shunday kiyingan qiz oldida turib qolgan erkak o‘zini chetroq olar edi. “Odamlar meni u bilan birga ekan, deb o‘ylashmasin”, derdi. Hozir esa yigitlar uchun bunday qiz bilan yonma-yon yurish “obro‘” hisoblanadi. Ba’zilaridan “Nega bunday qizlar bilan yuribsan", deb so‘rasangiz, “E, nima deyapsiz, bu uylanadigan qizim-ku!" deb xafa ham bo‘lishadi. Insonning qalbi va ongini egallash, ayniqsa, yoshlarning ma’naviy dunyosini zaharlashga qaratilgan turli xavf-xatarlar kuchayib borayotgan bugungi globallashuv zamonida o‘zining kimligi, qanday shaxslar avlodi ekanini teran anglab, ona yurtga muhabbat va sadoqat hissi bilan yashaydigan yosh avlodgina muqaddas zaminimizni yot va begona ta’sirlardan, balo-qazolardan saqlashga, Vatanimizni har tomonlama ravnaq toptirishga qodir bo‘ladi.

– Fikr bildirishdan oldin, bir voqeani so‘zlab bersam, – deydi Qashqadaryo viloyati Nishon tumanidagi “Kimyogar” MFY raisi Gulsum Xurramova. – Bir paytlar mahallamizdagi bir oila 25 yashar o‘g‘lini uylantirish harakatiga tushdi. Bo‘lajak kuyovga mahallamizdagi o‘zidan bir-ikki yosh kichik qizlarni tavsiya qildik. Ammo yigitga qishloqdagi qizlar ma’qul kelmadi: “Men o‘zim tengi qizga uylanmayman. Yigirmaga to‘lmagan, onasi o‘pmagan qiz topinglar”, dedi. Otasining qo‘shni qishloqda xizmatdosh og‘aynisi bor ekan, o‘shaning kenja qizini mo‘ljallashdi. Yoshlar uchrashdi, 18 yashar qizaloq yigitga ma’qul keldi. Ikki tomon to‘y harakatiga tushib, tayyorgarchilikni shay qilib turgan mahal yigitning uyiga qo‘lida emizikli chaqaloq, yana bitta uch yashar go‘dakni yetaklab bir juvon kirib kelgan. Ma’lum bo‘lishicha, kelinlik tadorigidagi qiz ana shu mushtipar juvonning eri bilan gap-so‘z bo‘lib yurgan ekan. “Hozir ikki bola bilan ota uyimdaman. Erim bilan mana bu qiz to‘ylaringizdan so‘ng qochib ketishmoqchi, erim o‘sha qizni deb meni uydan haydab solgan", debdi yigitga. Qizning ota-onasi ham bu gaplardan boxabar bo‘lib, qizlarini uzatib, tinchishmoqchi bo‘lishgan ekan. Xullas, to‘y to‘xtatildi.

Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, odamning ham yaxshi yomoni bor. Loqaydlik, beparvolik oqibatida ayrim qizlarimiz yengil hayot yo‘liga kirib ketishyapti. Oilalarni buzib, bolalarni tirik yetim qilishgacha borishyapti. Bu borada mas’uliyat yana onalar bo‘yniga tushyapti.

Darhaqiqat, jamiyat taraqqiy etib borgani sari har tomonlama yetuk insonni shakllantirish talablari ham ortib boraveradi. Bu jarayonda esa ilm va tarbiya hamisha insonga ko‘makchi, jamiyatga ravnaq keltirishini unutmaylik.  

O‘tkir Alimov, O‘zA