Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farzand tarbiyasida ota-onaning o‘rni
10:03 / 2025-10-22

Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi Oila va xotin-qizlar maskanida oilaviy munosabatlarni mustahkamlash, ajrimlarning oldini olish va xotin-qizlar o‘rtasida uchrayotgan salbiy holatlarga qarshi kurashish maqsadida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar xotin-qizlar o‘rtasida uchrayotgan muammolar, ayniqsa, ajrimlar va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratib, oilani mustahkamlash, er-xotin o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va mas’uliyat, farzand tarbiyasidagi ota-onaning roli, hududlarda amalga oshirilayotgan “Mas’uliyatli ota-onalik” loyihasi haqida to‘xtalib o‘tdi.

– Bolalar tarbiyasida ota-onaning o‘rni hal qiluvchi omillardan biridir, – deydi tuman hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Manzura Rahmonova. – Oiladagi sog‘lom muhit, mehr-muhabbat, oqibat, o‘zaro hurmat va totuvlik ko‘p jihatdan ota-onaning bilim saviyasiga bog‘liq. Shu nuqtai nazardan bugun yurtimizda “Mas’uliyatli ota-onalik” loyihasi amalga oshirilmoqda. Mas’uliyatli ota-onalik, degani bu farzandni nafaqat moddiy ta’minlash, balki uning jismoniy, aqliy, ruhiy, ma’naviy va ijtimoiy rivojlanishida ongli hamda izchil ishtirok etishni anglatadi. Bu jarayonda ota-ona bola ehtiyojlarini to‘g‘ri tushunishi, emotsional qo‘llab-quvvatlashi, intizom va mehrni muvozanatda ushlashi, hamkorlikdagi tarbiyada faol qatnashishi orqali namoyon bo‘ladi.

Bunday uchrashuv va targ‘ibot tadbirlari xotin-qizlarni ijtimoiy hayotga faol jalb etish, ularning huquqiy madaniyatini oshirish, sog‘lom oilaviy muhitni shakllantirish hamda ota-onalar mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qiladi. 

Ta’kidlash o‘rinliki, bugungi kunda Oila va gender ilmiy tadqiqot instituti tomonidan “Mas’uliyatli ota-onalik” mezonlari bo‘yicha trening dasturi va trenerlar uchun o‘quv-metodik qo‘llanmalar ishlab chiqilib, mazkur mezonlarni amaliyotga tatbiq etish uchun hududlarda trenerlar tayyorlash dasturlari amalga oshirildi. Mas’ul tashkilotlarning 50 nafar mutaxassis xodimlari Navoiy shahridagi “Navoiy Profi” universitetida “Mas’uliyatli ota-onalik” loyihasini amaliyotga joriy etish bo‘yicha o‘qitildi va ularga belgilangan tartibda sertifikatlar topshirildi.

A.Bo‘riyev, O‘zA