Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farzand ota-onasining qarg‘ishiga qolmaslik payidan bo‘lishi kerak
18:01 / 2020-01-21

«U kishi Ibn Umar roziyallohu anhuning «Ota-onani yig‘latish oq bo‘lishdir va gunohi kabiralardandir», deganini eshitgan ekan».


16-bob. Ota-onaning yiG‘isi

31 - عَنْ طَيْسَلَةَ؛ أَنَّهُ سَمِعَابْنَ عُمَرَ يَقُولُ: بُكَاءُ الْوَالِدَيْنِ مِنَ الْعُقُوقِ وَالْكَبَائِرِ.

31. Toysaladan rivoyat qilinadi:

«U kishi Ibn Umar roziyallohu anhuning «Ota-onani yig‘latish oq bo‘lishdir va gunohi kabiralardandir», deganini eshitgan ekan».

Sharh: Demak, noto‘g‘ri muomala, gap-so‘z yoki qandaydir xatti-harakat oqibatida farzand ota-onaning yig‘lashiga sabab bo‘lsa, oq bo‘lgan sanaladi, ya’ni ulkan gunoh sodir qilgan bo‘ladi. Shuning uchun har bir mo‘min-musulmon farzand zinhor va zinhor ota-onasini xafa qilmasligi va ularning ko‘ziga yosh kelishiga sabab bo‘lib qolmaslikka harakat qilishi, urinishi lozim ekan.

17 - بَابُ دَعْوَةِ الْوَالِدَيْنِ

17-bob. Ota-onaning duosi

32 - عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ: قَالَ النَّبِيُّ r: «ثَلَاثُ دَعَوَاتٍ مُسْتَجَابَاتٌ لَهُنَّ، لَا شَكَّ فِيهِنَّ: دَعْوَةُ الْمَظْلُومِ، وَدَعْوَةُ الْمُسَافِرِ، وَدَعْوَةُ الْوَالِدَيْنِ عَلَى وَلَدِهِمَا».

32. Abu Hurayradan rivoyat qilinadi

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Uchta duoshak-shubhasiz qabul bo‘ladi: mazlumning duosi, musofirning duosi va ota-onaning farzandlari ziddiga qilgan duosi», dedilar».

Sharh: Uch toifa odamning duosi shak-shubhasiz qabul bo‘lar ekan.

Birinchisi: kim bo‘lishidan qat’inazar, nohaqdan zulmga qolgan inson zulmga qolgani sababli duo qilsa, duosi ijobat bo‘ladi.

«Zulm»ning lug‘aviy ma’nosi «biror narsani o‘z o‘rnidan boshqa yerga qo‘yish»dir. Demak, bir odamga zulm bo‘lsa, u odam nohaq jabr chekadi. Aslida jabr chekmasligi kerak edi. Ana shunday holatga duchor bo‘lgani uchun Alloh taolo u bandaning duosi qabul bo‘ladigan holatga keltirib qo‘ygan ekan.

Demak, mazlumlardan duo so‘rash va ularning duoibadiga qolmaslik uchun harakat qilish kerak bo‘ladi.

Ikkinchisi – musofirning duosi. Musofir insonning ham duosi qabul bo‘lar ekan,chunki banda safarda yurganida Allohga yaqin bo‘ladi. Bola-chaqadan, qavm-qarindoshdan, boshqa qulayliklardan va o‘rganib qolgan joylaridan uzoqda qiyinchilikni bo‘yniga olib, Allohga tavakkul qilib yurgan bo‘ladi. O‘sha vaqtda bandaning Allohga yaqinligi kuchli bo‘ladi. Shuning uchun sof qalbli, ibodatli, e’tiqodli, Allohning aytganini qilib yurgan, shariatni mahkam tutgan musofirning duosi maqbul.

Musofirlarga non-suv berish, ularga yordamdan bo‘yin tovlamaslik mo‘min-musulmonlarga odat bo‘lganining sababi ham shudir. Musofirning duosini olib qolish, uning ko‘nglini qoldirmaslik, duoibadiga uchramaslik uchun qadim-qadimdan mo‘min-musulmonlar musofirlarga har doim yaxshi muomala qilib kelganlar– o‘z uylaridan joy berganlar,o‘zlari yemay, ularga yedirganlar. Musofir muhtoj bo‘lgan barcha yordamlarni berishga urinishgan va ko‘pgina boshqa xayr-baraka ishlarini qilishgan.

Uchinchisi – ota-onaning o‘z farzandiga qilgan badduosi. Ota-ona farzandi uchun qanday duo qilsa, hech shak-shubhasiz qabul bo‘lar ekan. Shuning uchun farzand doimo ota-onaning yaxshi, xayrli duosini olishga harakat qilishi, ota-ona esa doimo xayrli duo qilib, duoibad qilishdan o‘zini saqlab, farzandidan ma’lum bir xatolar o‘tsa, kamchiliklar sodir bo‘lsa, sabr qilib, yomon duo qilishga shoshilmasligi kerak bo‘ladi.

Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:

1.Duolarning ichida shak-shubhasiz qabul bo‘ladiganlari borligi.

2. Mazlumning duosi shak-shubhasiz qabul bo‘lishi.

3. Musofirning duosi shak-shubhasiz qabul bo‘lishi.

4. Ota-onaning farzandiga qilgan duosi shak-shubhasiz qabul bo‘lishi.

33 - عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَقَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِrيَقُولُ:«مَا تَكَلَّمَ مَوْلُودٌ مِنَ النَّاسِ فِي مَهْدٍإِلَّا عِيسَى بْنُ مَرْيَمَ وَصَاحِبُ جُرَيْجٍ». قِيلَ: يَا نَبِيَّ اللهِ، وَمَا صَاحِبُ جُرَيْجٍ؟ قَالَ:«فَإِنَّ جُرَيْجًا كَانَ رَجُلًا رَاهِبًا فِي صَوْمَعَةٍ لَهُ، وَكَانَ رَاعِيُ بَقَرٍ يَأْوِي إِلَى أَسْفَلِ صَوْمَعَتِهِ. وَكَانَتِ امْرَأَةٌ مِنْ أَهْلِ الْقَرْيَةِ تَخْتَلِفُإِلَى الرَّاعِي. فَأَتَتْ أُمُّهُ يَوْمًا فَقَالَتْ: يَا جُرَيْجُ! وَهُوَ يُصَلِّي، فَقَالَ فِي نَفْسِهِ، وَهُوَ يُصَلِّي: أُمِّي وَصَلَاتِي؟ فَرَأَى أَنْ يُؤْثِرَ صَلَاتَهُ. ثُمَّ صَرَخَتْ بِهِ الثَّانِيَةَ، فَقَالَ فِي نَفْسِهِ: أُمِّي وَصَلَاتِي؟ فَرَأَى أَنْ يُؤْثِرَ صَلَاتَهُ. ثُمَّ صَرَخَتْ بِهِ الثَّالِثَةَ، فَقَالَ: أُمِّي وَصَلَاتِي؟ فَرَأَى أَنْ يُؤْثِرَ صَلَاتَهُ. فَلَمَّا لَمْ يُجِبْهَا قَالَتْ: لَا أَمَاتَكَ اللهُ يَا جُرَيْجُ! حَتَّى تَنْظُرَ فِي وَجْهِ الْمُومِسَاتِ. ثُمَّ انْصَرَفَتْ. فَأُتِيَ الْمَلِكُ بِتِلْكَ الْمَرْأَةِ وَلَدَتْ، فَقَالَ: مِمَّنْ؟ قَالَتْ: مِنْ جُرَيْجٍ، قَالَ: أَصَاحِبُ الصَّوْمَعَةِ؟ قَالَتْ: نَعَمْ، قَالَ: اهْدِمُوا صَوْمَعَتَهُ، وَأْتُونِي بِهِ، فَضَرَبُوا صَوْمَعَتَهُ بِالْفُئُوسِ حَتَّى وَقَعَتْ. فَجَعَلُوا يَدَهُإِلَى عُنُقِهِ بِحَبْلٍ، ثُمَّ انْطَلَقَ بِهِ، فَمَرَّ بِهِ عَلَى الْمُومِسَاتِ، فَرَآهُنَّ فَتَبَسَّمَ، وَهُنَّ يَنْظُرْنَإِلَيْهِ فِي النَّاسِ. فَقَالَ الْمَلِكُ: مَا تَزْعَمُ هَذِهِ؟ قَالَ: مَا تَزْعَمُ؟ قَالَ: تَزْعَمُ أَنَّ وَلَدَهَا مِنْكَ. قَالَ: أَنْتِ تَزْعَمِينَ؟ قَالَتْ: نَعَمْ، قَالَ: أَيْنَ هَذَا الصَّغِيرُ؟ قَالُوا: هُوَ ذَا فِي حِجْرِهَا. فَأَقْبَلَ عَلَيْهِ فَقَالَ: مَنْ أَبُوكَ؟ قَالَ: رَاعِيُ الْبَقَرِ. قَالَ الْمَلِكُ: أَنَجْعَلُ صَوْمَعَتَكَ مِنْ ذَهَبٍ؟ قَالَ: لَا. قَالَ: مِنْ فِضَّةٍ؟ قَالَ: لَا. قَالَ: فَمَا نَجْعَلُهَا؟ قَالَ: رُدُّوهَا كَمَا كَانَتْ. قَالَ: فَمَا الَّذِي تَبَسَّمْتَ؟ قَالَ: أَمْرًا عَرَفْتُهُ، أَدْرَكَتْنِي دَعْوَةُ أُمِّي، ثُمَّ أَخْبَرَهُمْ».

33. Abu Hurayradan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitganman:

«Bironta odam beshikdaligida gapirmagan. Faqat Iyso ibn Maryam alayhissalom va Jurayj sohibi gapirgan».

«Ey Allohning Rasuli! Jurayj sohibi kim?»deyishdi.

«Jurayj o‘z ibodatxonasida rohib edi. Uning ibodatxonasidan pastroqda bir molboqar ham bor edi. O‘sha qishloqda yashovchi bir (buzuq) ayol cho‘ponning oldiga borib-kelib turardi.

Bir kuni onasi kelib, «Ey Jurayj!» deb uni chaqirdi. U namoz o‘qiyotgan edi. Namozida «Onamni ixtiyor qilsammikan, namozimnimi?»deb o‘yladi. Keyin namozni ustun ko‘rdi.

Keyin onasi uni ikkinchi marta baland ovoz bilan chaqirdi. U yana «Onamni ixtiyor qilsammikan, namozimnimi?»deb o‘yladi-da, yana namozni ustun ko‘rdi.

Onasi uchinchi marta chaqirdi. U yana «Onamni ixtiyor qilsammikan, namozimnimi?»deb o‘yladi-da, yana namozni ustun ko‘rdi.

Javob bermaganidan keyin onasi: «Ey Jurayj, nopok ayollarning yuzini ko‘rmaguningcha Alloh seni o‘ldirmasin!» dedi-da, qaytib ketdi.

Bir kuni boyagi buzuq ayolni bolasi bilan podshohning huzuriga sudrab kelishdi.

«Kimdan?»deb so‘radi.

«Jurayjdan», dedi ayol.

«Ibodatxona sohibimi?» dedi.

«Ha», dedi ayol.

«Ibodatxonasini buzib tashlab, o‘zini menga keltiringlar!» dedi podshoh.

Ibodatxonasini cho‘qmorlar bilan urib, yer bilan yakson qilishdi. O‘zining qo‘lini bo‘yniga arqon bilan bog‘lab, olib ketishdi. Uni nopok ayollar oldidan olib o‘tishdi. Ularni ko‘rib, tabassum qildi. Ular esa odamlar ichidan unga qarab turar edilar.

Podshoh:

«Manavi ayol nimani da’vo qilyapti?» dedi.

«Nimani da’vo qilyapti?» dedi u.

«Bolasi sendan ekanini da’vo qilmoqda», dedi.

«Sen shuni da’vo qilyapsanmi?!» dedi u.

«Ha», dedi ayol.

«O‘sha bola qani?» dedi u.

«Ana, onasining quchog‘ida!»deyishdi.

Shunda Jurayj unga qarab:

«Sening otang kim?» dedi.

«Molboqar», dedi bola.

Shunda podshoh:

«Ibodatxonangni tilladan qilib beraylikmi?» dedi.

«Yo‘q», dedi.

«Kumushdan qilib beraylikmi?» dedi podshoh.

«Yo‘q», dedi.

«Nimadan qilib beraylik?» dedi podshoh.

«O‘zi qanday bo‘lgan bo‘lsa, shunday qilib beringlar», dedi. Shunda podshoh:

«Boya nima uchun tabassum qilding?» dedi.

«O‘zim bilgan ishga. Meni onamning duosi urdi», dedi va bo‘lgan voqeani aytib berdi».

Sharh: Bu yerda onaning duosi qanchalik o‘tkirligining isboti namoyon bo‘lmoqda. Bo‘lmasa, Jurayj hayotida gunoh qilmagan, umrini ibodatxonadan chiqmay, ibodat bilan o‘tkazayotgan odam edi.

Bu hadisdan boshqa rivoyatlarda boyagi buzuq ayol Jurayjning oldiga keladi, zinoga chaqiradi, Jurayj uni haydab chiqaradi. Shuning uchun ayol cho‘pon bilan zino qilib, so‘ng qasddan Jurayjga tuhmat qiladi.

Shu qadar o‘zini gunohdan saqlagan, doimo ibodatda bo‘lgan odam ham namozda turib, onasiga javob bermagani uchun onaning mazkur duosiga qoldi.

Bu voqea bizning ummatda emas, Banu Isroilda bo‘lib o‘tgan. Ularning shariatida namozdagi kishiga gapirish va namoz o‘qiyotgan odam ham gapirishi mumkin bo‘lgan.

Bizda bu kabi narsalar namozda mumkin emas. Bizda namoz o‘qiyotgan shaxsni ota-onasi chaqirib qolsa, farz namozni buzib bo‘lmaydi. Nafl namozni ota-ona chaqirib qolganda buzish yoki buzmaslik haqida hanafiy ulamolardan Ayniy mumkin emas, desa, Ibn Obidin mumkin, deydi.

Shuningdek, bu rivoyatda faqat ikki shaxs go‘dakligida gapirgani haqida so‘z ketmoqda.

Aslida bulardan boshqa yana ikki go‘dak – Yusuf alayhissalomga guvohlik bergan go‘dak va Uxdudga (olov yonib turgan chuqurga) tashlanayotgan ayolning go‘dagi ham gapirgan.Shundan kelib chiqib, bu rivoyatdagi gapni Iyso alayhissalom davrida faqat ikki kishi beshikdan turib gapirgan, deb tushuniladi.

Ushbu hadisdan ota-onaning duosi har qanday holatda ham albatta mustajob bo‘lishini tushunib olamiz.Shuning uchun har bir mo‘min-musulmon farzand ota-onasining qarg‘ishiga qolmaslik payidan bo‘lishi kerak.

Ushbu rivoyatdan olinadigan foydalar:

1. Biror narsaning ahamiyatini anglatish maqsadida o‘tgan ummatlarning qissasini keltirish mumkinligi.

2. Onaning boladagi haqqi ulug‘ligi.

3. Onaning duosi bolaning haqida qabul bo‘lishi.

4. Ahli solih kishilarning himoyasi uchun mo‘jiza sodir bo‘lib, go‘dak bola ham tilga kirishi.

5. Baribir haqiqat g‘olib bo‘lishi.