Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farrux ZOKIROV: Mukofot kuchimizga kuch, ilhom, ijod zavqini bag‘ishladi
17:11 / 2023-07-05

Mukofot rag‘batlantiradi. Izlanish, ilhom uchun yanada ko‘proq imkon beradi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 1 iyuldagi “Yalla” ansamblining ijodiy jamoasini mukofotlash to‘g‘risidagi farmoni Vatanimizning yuksak mukofotlariga munosib ko‘rilgan ardoqli san’atkorlarimiz bilan birga butun xalqimizni, musiqa muxlislarini behad mamnun etdi.

Shunday quvonchli xushxabar sabab O‘zbekiston xalq artisti, “Yalla” ansamblining badiiy rahbari va jonkuyari Farrux ZOKIROV bilan suhbatlashdik.

Farrux Karimovich, ijodiy jamoani mukofotlashga oid farmondan xabar topgach, ko‘nglingizdan nimalar kechdi?

– To‘g‘risi, ushbu farmon biz uchun umuman kutilmagan xushxabar bo‘ldi. Sababi bu xushxabardan 1 iyul kuni “Yalla” ansambli konserti boshlanishidan sal avval xabar topdik. Quvonchimiz, hayratimiz va hayajonimizning cheki yo‘q edi. Hayajonki, uni aytib berolmayman. Hayotimizda mukofotlar, unvonlar ko‘p bo‘lgan, lekin bunday sharafga, baxtga muyassar bo‘lganimizni ta’riflashga til ojiz. Qolaversa, hozirda Kasaba uyushmalari Federatsiyasi san’at saroyi sifatida qaytadan barpo etilgan saroy biz uchun katta qadr-qimmatga ega bo‘lgan mo‘’tabar maskandir. Bu sahnada oilamiz, dadam qo‘shiq ijro etganlar. Ne-ne buyuk san’atkorlar shu sahnada turib, o‘z iste’dodini xalqqa namoyish etgan. Shu bilan birga rahmatli Botir Zokirov ham shu sahnada kuylagan edi. Afsuski, bu dargoh san’atga dahli bo‘lmagan maqsadlarda foydalanildi. Yurtboshimiz tashabbusi bilan mazkur zal qayta tiklandi, jahon andozalari darajasida ta’mirlandi. Bu tashabbusdan juda ta’sirlandik, hayajonlandik. Shunday tarixiy sahnada kuylash biz uchun katta sharaf, ham mas’uliyatdir. Bu mukofot biz uchun boshqacha mukofot bo‘ldi. Kuchimizga kuch, ilhom, ijod zavqini bag‘ishladi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

– “Yalla” ansambli tashkil etilganida unga muxlis bo‘lgan ko‘plarimiz hali dunyoga ham kelmagan edik. Ansamblning vaqt, zamonlararo bu qadar yashovchanligi sababi nimada deb o‘ylaysiz?

– Darhaqiqat, ko‘pchilik “Yalla” ansambli faoliyatining bardavomligini Ginnes rekordlariga qiyoslaydi. Albatta, bunday e’tirof chiroyli lutf bilan aytilgan bo‘lsa-da, lekin chindan ham “Yalla” kabi uzoq yillar samarali faoliyat ko‘rsatib kelayotgan ijodiy guruh dunyo san’ati jarayonida yo‘q hisobi. Biz Yer kurrasining qaysi chekkasiga, qaysi davlatiga bormaylik, o‘sha joyda O‘zbekistonimizni tanitish, uni baland ohanglarda tarannum etish, go‘zal qadriyatlarimiz, betakror tabiatimiz, tarixi asrlarga tutash shaharlarimizni, mehridaryo hamyurtlarimizni baralla kuylashni asosiy maqsad qilganmiz. Ehtimolki, ayni ishtiyoq “Yalla” ansamblining yillar osha yashab kelayotganiga kuch-g‘ayrat bag‘ishlayotgan bo‘lsa. Vatanni astoydil sevib aytilgan qo‘shiqlar qaysi tilda, qaysi yurtda bo‘lmasin, albatta yuraklarga yetib boradi, Yer kurrasining qaysi burchagi bo‘lmasin, albatta qalblarni zabt etishi shubhasiz. O‘zbekiston, umuman, Sharq haqida tinglovchilarda, muxlislarda iliq va ajoyib, xolis, haqqoniy taassurot qoldirish istagi juda kuchli edi. Ansambl repertuaridagi barcha qo‘shiqlar o‘zbek uchun qadrli bo‘lgan ne’matlar, o‘zi tug‘ilib o‘sgan maskan, betakror qadriyatlar, millatimiz uchun eng ardoqli bo‘lgan samimiy va pokiza tuyg‘ular, inson umr bo‘yi qalbida ardoqlab keladigan eng pokiza tushunchalarni tarannum etgani sababli ham ehtimolki, chegera bilmas, vaqt, zamon, millat va xalq tanlamas xususiyatga ega bo‘lsa kerak...

Balki ansamblning samarali faoliyati uning san’atni umr mazmuniga aylantirgan, mahorati, iste’dodi yuksak professional darajadagi badiiy rahbariga ham bog‘liqdir?

–San’atkorlar oilasida, ijodi chashmadek qaynagan muhitda o‘sib ulg‘aydik. Qanchadan-qancha hofizlar, so‘z ustalari, shoirlar, adabiyot fidoyilari dadam – Karim Zokiriyning do‘stlari edi. Dadam ham, onajonim Shohista aya ham operani qanchalik maromiga yetkazib kuylashsa, milliy ashulalarni ham yurakdan ijro etar edilar. Xonadonimizda buyuk san’atkorlarning to‘planishi, gurunglashishi, qizg‘in davralar qurishi yaxshi an’anaga aylangan edi. Ansamblning to‘g‘ri yo‘ldan borishida ota-onamizning, akam Botir Zokirovning maslahatlari, nasihatlari katta ahamiyat kasb etgan.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2021 yilda mamlakatimizda ustoz san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligi keng nishonlandi...

–Buning uchun davlatimiz rahbaridan g‘oyat minnatdorman. Bu sulolamizga bo‘lgan chinakam hurmat va ehtiromning namunasidir. Toshkentda Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti tashkil etildi. Bu oliy o‘quv dargohi dunyoda o‘z yo‘nalishiga ko‘ra yagona bo‘lgan institutdir! Hali hech joyda milliy estrada buyicha bunday oliygoh tashkil bo‘lgan emas. Akam tarix, adabiyotni juda yaxshi ko‘rar edilar. Tasviriy san’atda mahoratli ijrodkor edilar. Bularning bari badiiy jihatdan barkamol qo‘shiqlar yaratilishida, qolaversa, “Yalla” ansambli faoliyatida ham o‘zining ta’sirini o‘tkazmay qolmagan. Qarang, bir sulolada 4 nafar “O‘zbekiston xalq artisti”, 3 nafar “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” vakillari mujassam. Ustoz Botir Zokirov tavalludining 85 yilligi mamlakat miqyosida yuqori savida nishonlanishi san’atkorlar sulolasiga bo‘lgan buyuk ehtiromning amaliy ifodasidir.

Estrada darg‘asi Farrux Zokirov qanday musiqani tinglaydi? 

–Asosan mumtoz maqom yo‘nalishidagi qo‘shiqlarni tinglayman. Xalqimizning yetuk san’atkorlari – Orif Alimahsumov, Jo‘raxon Sultonov, Ma’murjon aka Uzoqovlarning ijrosini ko‘proq eshitaman. 

Armoningiz bormi?

–Maqom kuylash – armonim. “Bozurgoniy”, “Dugoh”, “Segoh”larni aytishni o‘ylayman.

San’atda o‘z yo‘lini axtarib yurgan yosh ijrochilarga nimalar degan bo‘lar edingiz? 

–Ko‘pchilik estrada xonandasi bo‘lish uchun o‘qish shart emas, deb yanglish o‘ylaydi. Bu noto‘g‘ri fikr. Estrada o‘ziga yarasha murakkab, mas’uliyatli, auditoriyasi nihoyatda katta bo‘lgan janr. Yoshlar buni yodda tutishlari kerak. Sahnaga, ijroga, san’atga mas’uliyat, samimiyat, Vatanni sevish, qadriyatlarni qadrlash xonanda uchun juda muhim bo‘lgan jihatlardir. Milliy san’atimiz bitmat-tuganmas xazina, mo‘’jiza. Uning qadriyaga yetish kerak.

Samimiy suhbat uchun tashakkur!

O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlashdi.