Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yillik to‘yi arafasida Buloqboshi tumanidagi Farovon mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Tadbirda tuman hokimi, sektor rahbarlari, viloyat hokimining o‘rinbosari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Unda mutasaddilar tomonidan mamlakatimizda mahalla tizimiga alohida e’tibor qaratilayotganligi, mahalla fuqarolar yig‘inlari uchun moslashtirilgan yangi binolar barpo etilib, samarali faoliyat olib borish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilayotganligi ta’kidlandi.
Mahalla fuqarolar yig‘ini idorasi davlat sherikchiligi asosida tadbirkor Abdunazar Toshmatov tomonidan barpo etildi. Qurilish, jihozlash ishlari uchun 1,5 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
– Hozirda 3 ming nafardan ziyod aholi yashaydigan mahallamizning idorasi bundan oltmish-yetmish yillar avval qurilgan sobiq jamoa xo‘jaligi idorasida ish olib borar edi, – deydi Farovon mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Topvoldi Kamolov. – Hukumatimizning e’tibori, tuman hokimligining ko‘magi bilan mahalla idorasi uchun yangi bino qurib berilganligidan xursandmiz. Rais, o‘rinbosarlari, profilaktika inspektori uchun alohida-alohida xonalar mavjud. Binoda barcha sharoitlar yaratilgan.
Mahalla ko‘rkiga ko‘rk bo‘lgan ikki qavatli yangi binoda, shuningdek, savdo do‘konlari, madaniyat bo‘limi tomonidan to‘garak mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan zal tashkil etilib, 30 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Mazkur xizmat ko‘rsatish ob’ektlarining ishga tushishi bilan mahalla aholisiga qator qulayliklar yaratiladi.
Tadbir ishtirokchilari yangi binoda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Tuman hokimligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi tomonidan mahalla idorasiga kompyuter jamlamasi hamda boshqa zarur jihozlar topshirildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),O‘zA