Davlatimiz tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat hayotining barcha sohalarida ishtirok etishlari uchun zarur sharoitlar yaratish orqali ko‘plab oilalarda turmush darajasi yaxshilanmoqda.
Chinoz tumani Rasulobod mahallasida yashovchi Gulchehra Mahmudjonova 2-guruh nogironi. Ammo, u buni yangi imkoniyatlarga eltuvchi sinov sifatida qabul qildi. Mahalladagi kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim Gulchehra opaning sharoitini o‘rganib, uni “Kambag‘allik reyestri”ga kiritdi. Shu orqali zarur davlat imtiyozlari va yordam dasturlaridan foydalanish imkoniyati yaratildi.

Xususan, u chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun zamonaviy jihozlangan ko‘chma do‘kon ochib berildi. Xonadonining gaz va elektr energiyasi xarajatlari uchun kompensatsiya ajratildi, yangi nogironlik aravachasi olib berildi. Moddiy yordam puli ham berilib, homiylar ko‘magida oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak va boshqa zarur buyumlar yetkazildi.

– Avvallari turli muammolar tufayli ro‘zg‘orni yuritish juda qiyin bo‘lardi, – deydi Gulchehra Mahmudjonova. Ko‘p narsaga imkonim bo‘lmay, ba’zida ertangi kun haqida o‘ylab xavotirga tushardim. Kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim Surayyo Hasanova kelib, muammolarimni tingladi, hujjatlarni rasmiylashtirishga yordam berdi. Savdo do‘kon ochilgan kun men uchun quvonarli bo‘ldi. O‘sha kuni men o‘z hayotimda yangi sahifa ochilganini his qildim. Endi o‘zim ishlab, mijozlarga xizmat ko‘rsatyapman, kunim o‘z mehnatim evaziga o‘tmoqda.

Uning orzulari katta. Mahsulot turlarini ko‘paytirib, savdo hajmini oshirish niyatida. Har kuni yangi mijozlar keladi, bular unga kuch beradi. Mehnat qilgan odam, albatta, farovon hayotga erishadi.
A.Musayev,O‘zA.