English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farovonlik va salomatlik manbai
10:44 / 2014-12-23

Er haqiqiy egasini topdi. Fermerlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar ularni yanada ko‘proq mehnat qilishga, izlanish va yangiliklar yaratishga undamoqda.

Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligini isloh qilish, ayniqsa, fermerlik harakatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar odamlarda yerga, mulkka bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirdi.

Er haqiqiy egasini topdi. Fermerlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar ularni yanada ko‘proq mehnat qilishga, izlanish va yangiliklar yaratishga undamoqda. Qishloq xo‘jaligining asosiy bo‘g‘inlaridan biri bog‘dorchilikni rivojlantirish, hosildorlikni oshirish, aholining meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar tufayli mevali bog‘lardan mo‘l hosil olinayotgani ham ana shu e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasidir.

Davlatimiz rahbarining 2006-yil 9-yanvardagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni sohani rivojlantirish, zamonaviy usullarni keng joriy etish, bog‘bonlarning ilg‘or tajribasini ommalashtirishda yangi imkoniyatlar yaratdi. Mazkur hujjat asosida meva-sabzavot va uzumchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari uchun qator imtiyozlar joriy etilgani fermerlarda mulkka egalik hissini kuchaytirib, ilg‘or tajribalarni keng ommalashtirish va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirishga xizmat qilmoqda.

Ma’lumotlarga qaraganda, mamlakatimizda 14 ming 500 gektarga yaqin maydonda intensiv bog‘ barpo etilgan. Ushbu bog‘larning afzalligi tez hosilga kirishi, mevasi mo‘l va sifatli bo‘lishidir.

– Mevalarning yangi navlarini yaratish, mahalliy va introduksiya qilingan navlarni o‘rganish bilan birga, bog‘larda tejamkor texnologiyalarni joriy etish maqsadida xorijdan 400 ming dona urug‘li mevalarning pakana va yarim pakana payvandtaglari keltirildi, – deydi akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori, qishloq xo‘jalik fanlari doktori Sh.Asadov. – Mazkur payvandtaglar institut filiallari va tajriba xo‘jaliklarida tashkil etilgan maxsus ko‘chatxonalarda parvarishlanmoqda. Institut tizimidagi xo‘jaliklarda 3,5 million tup uzum, intensiv bog‘lar uchun pakana va yarim pakana 3 million tupga yaqin olma ko‘chati yetishtirilayotir.

Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Mirishkor Sayfiddinova Xonzoda” fermer xo‘jaligi rahbari Zahriddin Sayfiddinov payvandlash orqali yangi nav yaratish, ko‘chat va meva yetishtirish borasida katta tajriba to‘plagan. Dastlab o‘zining mo‘jazgina tomorqasida bog‘dorchilik qilgan bog‘bon 2007-yili 6 gektar maydonda fermer xo‘jaligi tashkil etdi. Bugungi kunda xo‘jalik 115 gektar maydonda g‘allachilik, bog‘dorchilik, gulchilik va ko‘chatchilik bilan shug‘ullanmoqda. 20 gektar maydonda tashkil etilgan intensiv bog‘da olmaning ligol navi parvarish qilinayotir. Fermer joriy yilda intensiv bog‘dan 150 tonnadan ziyod olma terib oldi. Daromad hisobidan xo‘jalik uchun zarur haydov traktori va ekskavator xarid qildi.

Qo‘li ochiqning yo‘li ochiq, degan hikmatga amal qilgan fermer tumanda o‘tkaziladigan turli xayr-saxovat tadbirlariga homiylik qilib, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlariga munosib hissa qo‘shmoqda. 2014-yilgi daromaddan bolalar sportini rivojlantirishga 10 million so‘mlik yordam ko‘rsatdi. Bayram kunlari kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, nogironlar va yolg‘iz keksalarga moddiy yordam ko‘rsatish, ma’naviy-ruhiy dalda berishni Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan insonparvarlik siyosatiga oz bo‘lsa-da, hissa deb hisoblaydi.

– Niholning baravj o‘sishi uchun ko‘chat ekilgan maydondagi qator oralari erta bahorda 40-45 santimetr chuqurlikda haydalib, tuprog‘i maydalanadi, – deydi fermer. – Shundan so‘ng har tup ko‘chat atrofiga 200 grammdan azotli va fosforli o‘g‘it sepilib, tuprog‘i yumshatiladi. Bu yumushlar namlikni me’yorida saqlashga yordam beradi. Kuz-qish davrida ko‘chatlarga shakl berish, butash va o‘g‘itlar bilan oziqlantirib borish ham muhim tadbirlardan.

Mamlakatimizda barpo etilayotgan yangi bog‘lar nafaqat mevasi, balki tabiiy yashillikni, atrof-muhit musaffoligini asrashga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir. Yurtimizda bog‘lar qancha ko‘paysa, dasturxonimiz ham shuncha to‘kin, narx-navo arzon bo‘ladi. Eng muhimi, farzandlarimiz tabiiy mahsulot iste’mol qiladi, bu ularning sog‘lom va baquvvat bo‘lib o‘sishida asosiy omillardan biridir.