Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farovonligimiz asosi
15:41 / 2014-08-12

Viloyatdagi 270 ming gektar sug‘oriladigan yer maydonining meliorativ holatini yaxshilash, yerlarning sho‘rini yuvish, suvdan oqilona foydalanish, ekinlarni sug‘orishda ilg‘or texnologiya va usullarni qo‘llash borasidagi chora-tadbirlar o‘z samaralarini berayotir.

Davlatimiz rahbarining 2013-yil 19-aprelda qabul qilingan “2013-2017-yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Andijon viloyatida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Viloyatdagi 270 ming gektar sug‘oriladigan yer maydonining meliorativ holatini yaxshilash, yerlarning sho‘rini yuvish, suvdan oqilona foydalanish, ekinlarni sug‘orishda ilg‘or texnologiya va usullarni qo‘llash borasidagi chora-tadbirlar o‘z samaralarini berayotir.

Ushbu qaror ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan maxsus dasturga asosan joriy yilda 9 meliorativ inshootda 5 milliard 362 million so‘mlik qurilish-rekonstruksiya, 15 obyektda 8 milliard so‘mlikdan ziyod tizimli ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshiriladi. Yilning o‘tgan olti oyida ana shu yo‘nalishda 8 milliard 513 million so‘mlik ish bajarildi.

Andijon va Jalaquduq tumanlaridan o‘tuvchi “Ilg‘or” kanalining rekonstruksiya qilinishi 2 ming 984 gektardan ziyod sug‘oriladigan ekin maydonlarida suv ta’minotini yaxshilash, 4,6 million metr/kub suvni iqtisod qilish imkonini berdi. Qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligi bir necha barobar ortdi. Asaka tumanidagi “Naray-Bura”, “Qorason-Qondi” kanallari, “Shirmonbuloq” nasos stansiyasi, Andijon va Ulug‘nor tumanlari ichki suv lotoklarining ta’mirlanishi natijasida ushbu hududlarda suv ta’minoti sezilarli darajada yaxshilandi. Meliorativ tarmoqlarda olib borilayotgan ishlar tufayli sizot suvlarining sathi me’yoriy darajaga tushirilib, ekin maydonlarining meliorativ holati yaxshilanayotir.

Erlarning meliorativ holatini yaxshilash, suvdan oqilona foydalanishda fermer xo‘jaliklari o‘z tasarrufidagi sug‘orish tarmoqlari va ulardagi suv inshootlarini sifatli ta’mirlash, ariqlarni loyqadan tozalashga alohida e’tibor qaratishi darkor. Qolaversa, qish va erta bahorda suv behuda oqib ketishining oldini olish uchun suvni dalada olib qolish, sho‘rlangan yerlarning sho‘rini yuvish, dalaga nam suvi, bog‘ va tokzorlarga esa chilla suvi berish, nam to‘plash kabi tadbirlarning o‘z vaqtida sifatli o‘tkazilishi kelgusida yerning suvga bo‘lgan talabini ma’lum miqdorda qondiradi. Ekinlarni sug‘orish muddati birmuncha orqaga surilishi hisobiga suvga ehtiyoj ko‘p bo‘lgan davrlarda suv taqchilligining oldini oladi. Bu tajriba viloyatdagi ko‘plab xo‘jaliklarda qo‘llanilmoqda.

Suv resurslaridan samarali foydalanish bahorgi ekishdan oldin yerni sug‘orishga qay darajada tayyorlashdan boshlanadi. Yer sifatli tekislanmasa, dalada sug‘orish ishlarini to‘g‘ri boshqarib bo‘lmaydi. Ya’ni, suv sarfi ko‘payib, tuproqdagi namlik darajasi oshadi.

Har bir fermer o‘z dalasi qaysi gidromodul hududiga mosligi, ekin turlarining suvga bo‘lgan talabi va yillik me’yorini bilishi maqsadga muvofiq. Ekinni sug‘orish uchun dalaga qancha miqdorda suv sarflanayotganini bilish ayniqsa muhim. Viloyatda bu borada muayyan ishlar amalga oshirilib, suv tarmoqlarini avtomatik tarzda boshqarish, avtomatlashgan suv taqsimlash uskunalarini o‘rnatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Norin daryosidagi “Uchqo‘rg‘on”, Qoradaryodagi “Kuyganyor” gidrouzeli, Andijon suv omborining boshqaruv tizimi, Janubiy Farg‘ona magistral kanali kabi yirik gidrotexnik inshootlarda avtomatlashtirilgan, masofadan boshqariladigan tizim qo‘llanilmoqda.

Ekinlarni sug‘orishda samarali usul va ilg‘or texnologiyalardan foydalanish muhim ahamiyatga ega. Bunda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi hamda boshqa muqobil usul va texnologiyalar, jumladan, o‘qariq o‘rniga egiluvchan quvurdan foydalanish, egatga qora plyonka to‘shab sug‘orish juda qo‘l kelmoqda.

Muxtasar aytganda, suv – hayot manbai. Turmushimiz to‘kinligi va farovonliginining asosi bo‘lgan suvni isrof qilmaslik, undan oqilona foydalanish har birimizning burchimiz. Binobarin, uni hech qachon unutmasligimiz lozim.

Shuhratbek Ergashev,
Norin-Qoradaryo irrigatsiya tizimlari
havza boshqarmasi boshlig‘ining
birinchi o‘rinbosari