Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farovon yurtning go‘zal poytaxti
20:21 / 2015-08-04

Vatanimiz mustaqilligining 24-yillik bayramini nishonlashga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotgan shu kunlarda mamlakatimizning bosh shahrida yana bir xayrli tadbir – Mirzo Ulug‘bek, Yuzrabot, Feruza va Taraqqiyot ko‘chalarida qatnov yo‘lini kengaytirish yuzasidan ishlar boshlab yuborildi.

Dunyoda el ko‘p, elat ko‘p. Ular orasida dong‘i yetti iqlimga mashhur shaharlari bilan faxrlanish baxti nasib etgan xalqlar, davlatlar juda kam. O‘z shonu shuhrati bilan Mashriqu Mag‘ribni lol qoldirib, “Sharq darvozasi”, “Tinchlik shahri”, “Do‘stlik shahri”, “Jasorat shahri”, “Non shahri”, “Islom madaniyati poytaxti” degan ramziy nomlarga munosib ko‘rilgan Vatanimizning go‘zal poytaxti azim Toshkent ana shunday shaharlardan biridir.

Sobiq tuzum davrida xalqimizning ko‘p asrlik urf-odatlari va tabiiy iqlim sharoiti inobatga olinmay pala-partish qurib tashlangan imoratlar poytaxtimizning o‘ziga xosligiga soya tashlagan edi. Istiqlol yillarida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida milliylik ruhi bilan sug‘orilgan zamonaviy me’morlik, shaharsozlik, yo‘l va ko‘priksozlik an’analarining shakllanishi tufayli Toshkent shahri tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi. 

Mamlakatimizning bosh maydonida bunyod etilgan Mustaqillik va ezgulik monumenti, Xotira xiyoboni, Oliy Majlis Senati binosi, Ezgulik arkasini tomosha qilaturib, bu yerda amalga oshirilgan olamshumul o‘zgarishlardan har qanday insonning ko‘ngli yayraydi. Bir vaqtlar butunlay beton qoplangan ushbu maydonda bugun turfa daraxtlar, gullaru favvoralar kishi ko‘zini quvnatib, dilini yayratadi. 

2008-yilda bunyod etilgan “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyi Amir Temur xiyoboni me’moriy ansamblining durdonasiga aylandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi va g‘oyasi asosida qurilgan ushbu muhtasham saroy devorlaridagi serjilo naqshlar, mahobatli marmar ustunlar, diametri 53 metrlik gumbaz me’morlik bobida dunyo ahlini lol qoldirgan ajdodlarimizning asriy an’analari bardavom ekanidan dalolatdir.

– Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonani tomosha qilish uchun Xorazmdan keldim, – deydi Hamza Sobirov. – Chunki o‘tgan asrning 80-yillarida poytaxtda o‘qigan kezlarimda mazkur kutubxonaning doimiy a’zosi edim. Mamlakatimizdagi eng yirik kutubxona bo‘lishiga qaramasdan, bu yerdagi shart-sharoitga havas qilib bo‘lmasdi. O‘quv zallaridan zax hidi anqib turardi. Istiqlol sharofati bilan bunyod etilgan “Ma’rifat markazi”da joylashgan kutubxonaning yangi binosini ko‘rib, kitobxonlar uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishib, yoshlarga havasim ortdi.

Darhaqiqat, poytaxtimizda qad rostlayotgan muhtasham ta’lim maskanlari, yoshlar saroylari, sport maydonlari davlatimiz rahbarining yosh avlodga ko‘rsatayotgan e’tibor va g‘amxo‘rligining amaldagi in’ikosidir. O‘zining ko‘rku salobati bilan poytaxtimiz husniga husn bag‘ishlayotgan Yoshlar ijod saroyi, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Toshkentdagi Turin politexnika universiteti va Toshkentdagi Inxa universiteti binolari o‘zining me’moriy yechimi, imkoniyatlari jihatidan noyob hisoblanadi.

Poytaxtimizning yanada chiroy ochib, avvalgidan-da yorqinroq go‘zallik va tarovat kasb etishida yashil hududlar va favvoralar nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, mamlakatimizning yirik megapolisida ko‘kalamzorlashtirish ishlarini oqilona yo‘lga qo‘yish qator dolzarb masalalarni ijobiy hal etmoqda. Binobarin, o‘simliklar, dov-daraxtlar havoni zararli gazlardan tozalashi, chang va g‘uborlarni ushlab qolishi, shovqinni kamaytirishi barobarida kishi ruhiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bugungi kunda uchdan bir qismini yashil maydonlar tashkil etayotgan Toshkent shahrida nainki madaniyat va istirohat bog‘lari, balki yangi barpo etilayotgan har qanday bino va inshoot atrofida kashtan, qarag‘ay, archa, qayin kabi havoni tozalovchi va kislorod bilan boyituvchi ko‘plab daraxtlar va gullaru rayhonlar ekish, favvoralar bunyod etish yaxshi an’ana tusini olgan. Xususan, Xadra maydonida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari natijasida maydonning Navoiy shoh ko‘chasiga yaqin qismidagi asfalt qoplamasi olib tashlanib, uning o‘rnida yashil maysazor barpo etildi. Manzarali daraxt va gul ko‘chatlari o‘tqazildi. 12 metr balandlikkacha ko‘tariladigan favvora tunda rang-barang chiroqlar yog‘dusida jilolanishi har qanday odamning kayfiyatini ko‘taradi. Sebzor ko‘chasi bo‘ylab Abdulla Qodiriy ko‘chasi ustidan ko‘prik qurilishi munosabati bilan mazkur hududda ham ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilib, yo‘l bo‘yiga kashtan, eman va lola daraxtlari, rayhon ko‘chatlari o‘tqazildi, favvoralar qurildi.

Buyuk Britaniyadagi “Ekonomist” jurnalining bahosiga ko‘ra, Toshkent shahri dunyodagi yashash uchun eng qulay bo‘lgan 140 shahar orasida 58-o‘rinni egallagani aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratish, yashil hududlarni kengaytirish borasidagi ishlar natijasida poytaxtimiz tobora obod va ko‘rkam bo‘lib borayotgani xalqaro jamoatchilik tomonidan e’tirof etilayotganidan dalolat beradi.

Mamlakatimiz iqtisodiyotining jadal rivojlanayotgani natijasida xalqimiz turmush farovonligi yaxshilanib, o‘z shaxsiy avtomashinasiga ega bo‘layotgan yurtdoshlarimiz safi tobora kengayib bormoqda. Ayni chog‘da poytaxtimizda transport-kommunikatsiya tizimi izchil takomillashtirilayotgani, xalqaro talablarga mos yo‘l va yo‘l o‘tkazgichlar, transport bog‘lamalari qurilayotgani haydovchi va yo‘lovchilarga qator qulayliklar yaratmoqda. Ayniqsa, tirband chorrahalarda bunyod etilgan o‘nlab ko‘priklar aholining uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil, vaqt va mablag‘ini tejash, harakat xavfsizligini ta’minlash barobarida atrof-muhit musaffoligini saqlashda ham muhim o‘rin tutmoqda.

Eski shahar hududida amalga oshirilgan ko‘lamdor ishlarni olaylik. Prezidentimiz tashabbusi va rahbarligida amalga oshirilgan ishlar samarasida mazkur hududda yangi yo‘llar, ko‘priklar, kommunikatsiyalar barpo etilayotir. Xususan, Furqat ko‘chasini Zarqaynar va Sebzor ko‘chalari bilan bog‘laydigan yer osti avtomobil yo‘li rekonstruksiya qilinib, Navoiy shoh ko‘chasida 46 metrlik yer osti yo‘lagi qurilishi hamda Furqat ko‘chasidan o‘tuvchi 82 metrlik piyodalar yo‘lagi ta’mirlanishi natijasida Toshkentning tarixiy markazlaridan biri bo‘lgan Xadra butunlay yangicha qiyofa kasb etdi. Olmazor tumanidan boshlanib, Beruniy ko‘chasini Shayxontohur tumanidagi Osiyo ko‘chasi bilan bog‘laydigan, Forobiy, Qorasaroy, Sag‘bon, Sebzor va Labzak ko‘chalarini o‘zaro tutashtirgan 5,1 kilometr uzunlikdagi yangi Nurafshon ko‘chasining bunyod etilishi, Abdulla Qodiriy va Labzak ko‘chalari kesishgan chorrahada uzunligi 642, eni 19 metr hamda Sebzor ko‘chasi bo‘ylab Abdulla Qodiriy ko‘chasi ustidan o‘tadigan uzunligi qariyb 500, eni 26 metrlik yangi ko‘priklar qurilishi aholining uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil, vaqt va mablag‘ini tejash, harakat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Vatanimiz mustaqilligining 24-yillik bayramini nishonlashga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotgan shu kunlarda mamlakatimizning bosh shahrida yana bir xayrli tadbir – Mirzo Ulug‘bek, Yuzrabot, Feruza va Taraqqiyot ko‘chalarida qatnov yo‘lini kengaytirish yuzasidan ishlar boshlab yuborildi.

– Har kuni Chilonzordan Traktorsozlar mavzesiga ishga qatnayman, – deydi Ahmadjon Yoqubov. – Ertalab ishga, kechqurun uyga qaytayotganda Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidagi tirbandlik oqibatida ancha-muncha vaqt yo‘qotishga to‘g‘ri kelardi. Kuni kecha boshlangan qurilish ishlarini ko‘rib, tez orada bu muammo bartaraf etilishiga ishonch hosil qildim. Binobarin, transport tirbandligi bu – vaqt yo‘qotish, asab buzilishi, ortiqcha yonilg‘i, ekologiyaga zarar demakdir. Endi bularning barchasiga barham beriladi. 

Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida olib boriladigan ishlar natijasida mavjud avtomobil yo‘li 10 metrga kengayib, 8 polosali ravon, tezyurar yo‘l quriladi. Eng muhimi, ushbu yo‘lning ishga tushirilishi nafaqat poytaxtimiz ahli uchun, balki Qibray tumani orqali Chirchiq shahri hamda Bo‘stonliq tumanidan kelib-ketadigan minglab odamlarning uzog‘ini yaqin qilishga xizmat qiladi.

Rekonstruksiya ishlari natijasida jamoat transporti harakati yanada takomillashtirildi. Unga muvofiq Traktorsozlar mavzesidan Qo‘yliq markazigacha harakatlanadigan 13-tramvay yo‘nalishining Traktorsozlar mavzesidan Toshkent vokzaligacha bo‘lgan qismi qisqartirilib, mazkur yo‘nalishda yangi avtobus yo‘nalishi yo‘lga qo‘yildi.

– Yangi yo‘nalishda “Mercedes Benz” rusumli 12 avtobus harakatlanib, aholiga xizmat ko‘rsatmoqda, – deydi “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi Otabek Sodiqov. – Bugungi kunda ushbu yo‘nalishni takrorlaydigan yana 8 avtobus yo‘nalishi ham mavjud. Bundan tashqari, Taraqqiyot ko‘chasidan Ohangaron shossesigacha 3 kilometr uzunlikdagi yangi tramvay yo‘lini qurish va uni Aviasozlar bekatidan Rohat ko‘li bekatigacha mavjud bo‘lgan 5 kilometrlik tramvay yo‘li bilan ulash ko‘zda tutilgan.

“O‘zavtoyo‘l” davlat aksiyadorlik kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2016-yilning oxiriga qadar Rohat avtomobil aylanmasida yangi transport bog‘lamalarining bunyod etilishi poytaxtimizdagi transport harakatini yanada yaxshilash imkonini beradi. 

Ha, bugun mamlakatimizning barcha hududlarida, jumladan, go‘zal va muazzam poytaxtimizda katta to‘y – mustaqilligimizning 24-yilligi bayramiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Binobarin, qaysiki el farovon bo‘lsa yo‘l quradi, ko‘prik soladi, turli imoratu inshootlar bunyod etadi, to‘y qiladi, shodu xurramlik bilan milliy bayramlarini nishonlaydi. Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida boshlangan mazkur bunyodkorlik ishlari, o‘zgarish va yangilanishlar poytaxtimiz aholisi va mehmonlari uchun mustaqillikning 24-yilligiga o‘ziga xos sovg‘a sifatida “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tayotgan bayram tadbirlarining yanada ko‘tarinki ruhda nishonlanishiga xizmat qiladi.