Farovon oila jamiyat taraqqiyotining asosi
Toshkentda 9-dekabr kuni “Oilada huquqbuzarlik profilaktikasi“ mavzuida davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Toshkentda 9-dekabr kuni “Oilada huquqbuzarlik profilaktikasi“ mavzuida davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti koʻmagida tashkil etildi. Unda Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar huquqini himoya qilish, oila institutini mustahkamlash, turli tazyiq va zoʻravonliklarga barham berishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Milliy qonunchilik takomillashtirilib, xalqaro amaliyotni joriy qilish boʻyicha maqsadli vazifalar roʻyobga chiqarilmoqda. Qabul qilinayotgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar xotin-qizlar huquqiy maqomi, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirib, ularning qonuniy huquq va manfaatlariga toʻliq amal qilinishini taʼminlash, maʼnaviy-axloqiy mezon va anʼanaviy qadriyatlarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Anjumanda Oʻzbekistonda oilalar, ayniqsa, xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ular oʻz imkoniyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoit yaratish, onalar va bolalarni himoya qilish boʻyicha saʼy-harakatlarni yanada rivojlantirish masalalari haqida soʻz yuritildi.
Oilalardagi zoʻravonlik holatlariga qarshi kurashish, undan jabr koʻrganlarni himoya qilishdagi zamonaviy yondashuvlar oʻrganildi.
Ishtirokchilar Oʻzbekistonda oilalar, ayniqsa, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ular oʻz imkoniyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoit yaratish, onalar va bolalarni himoya qilish boʻyicha saʼy-harakatlarni yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir soʻngida “Oila“ ilmiy-amaliy tadqiqot markazi bilan tegishli vazirlik va idoralar, YEXHTning mamlakatimizdagi muvofiqlashtiruvchisi oʻrtasida xotin-qizlar va bolalarga nisbatan qoʻllanilayotgan jismoniy, jinsiy, psixologik, iqtisodiy zoʻravonlikka barham berish, bu kabi salbiy ijtimoiy holatlarning oldini olishda hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olindi.