Buxoroda O‘zbekiston mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasi “Farovon mahalla – kelajak poydevori” loyihasi doirasida sohada amalga oshirilayotgan islohotlardan aholini xabardor qilish maqsadida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda viloyatda mahallalarni rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash va aholi turmush sharoitini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida O‘zbekiston mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Jamol Nosirov ma’lumot berdi.
Bugungi kunda 516 ta mahallada 3 ming 612 nafar “Mahalla yettiligi” a’zolari faoliyat olib bormoqda. Mahalla har bir oila, har bir inson muammosi, dardu tashvishiga chuqur kirib bora oladigan xalqchil tuzilma sifatida yanada faollashmoqda.
Mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori “mahalla yettiligi”ni tashkil qilib, yagona jamoa sifatida ishlash tartibi joriy etildi. “Mahalla yettiligi” modeli orqali aholining yashash sharoitlari yaxshilanib, turmush darajasi ijobiy tomonga o‘zgarishga erishilmoqda. Aholi bilan ochiq muloqot qilish orqali ularning hayotiy muammo va ehtiyojlari mahallaning o‘zida hal etilmoqda.
[gallery-26783]
Masalan, “Mahalla byudjeti” tizimi orqali 2024-2025 yillarda mahallalar hisob raqamlarida 36,6 milliard so‘m mablag‘ shakllantirilgan bo‘lib, mablag‘lar infratuzilma, mahalla binolari, moddiy-texnika bazasi, “Yashil makon” hamda xavfsizlik tizimlarini kuchaytirishga yo‘naltirilmoqda.
Matbuot anjumanida “Mahalla servis kompaniyalari” faoliyati, kelgusi rejalar haqida ham to‘xtalib o‘tildi. Ommaviy axborot vositalari vakillari mahallalardagi muammo va ularning yechimlari qanday borayotgani xususidagi savollarga javob oldi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.