Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farovon hayot kafolati
16:12 / 2023-04-13

Namanganda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tashabbusi bilan Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatini tushuntirish va aholini referendumda faol ishtirok etishga undaydigan “Mening Konstitutsiyam” shiori ostida targ‘ibot-tashviqot tadbiri o‘tkazildi.

Viloyat musiqali drama teatri maydonida bo‘lib o‘tgan navbatdagi tadbirda partiya Markaziy kengashi rahbariyati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlariga O‘zXDPdan saylangan deputatlar, jamoatchilik faollari, talaba-yoshlar, aholi vakillari ishtirok etdi. E’tirof etish joiz, respublikamizning tadbirkorlik va sanoat markaziga aylangan Namangan viloyatida keyingi yillarda olib borilgan tub islohotlar va keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari natijasida nafaqat shahar, balki tumanlar qiyofasi ham tubdan o‘zgardi. Aholining yashash sharoitlari yaxshilanib, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi ortganini ularning yuz-ko‘zlaridan ham bilish mumkin. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya esa farovonlik tomon qo‘yilgan yana bir qadamdir. Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan ochiq osmon ostidagi tadbirda partiya markaziy kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari – O‘zXDP fraksiyasining rahbari Ulug‘bek Inoyatov yangilanayotgan Konstitutsiya mamlakatimizda ijtimoiy, demokratik-huquqiy va chinakam xalqparvar davlatchilik sari tashlanayotgan dadil qadamlar uchun mustahkam asos vazifasini o‘tashi, O‘zbekiston ijtimoiy davlat, deb belgilangani jamiyatimizda kechayotgan jarayonlar bilan chambarchas bog‘liqligi, inson huquq-erkinliklariga oid normalar soni oshirilgani va bu fuqarolarning davlat himoyasida bo‘lishini ta’minlab, yanada farovon hayot kechirishga xizmat qilishini alohida e’tirof etdi.  

Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 44-moddasida majburiy mehnat, bolalarning barkamol rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladigan har qanday bolalar mehnati taqiqlanishi belgilab qo‘yilmoqda. Ushbu muhim o‘zgarish aynan majburiy mehnat, xususan, bolalar majburiy mehnatiga to‘liq barham berilishini ko‘zda tutadi. Majburiy mehnatning Konstitutsiya darajasida taqiqlanishi xalqimizning ilmiy, ma’naviy salohiyati oshishiga, iqtisodiyot va ijtimoiy soha rivojlanishiga, hayot sifati yaxshilanishiga xizmat qiladi.  

47-modda bilan ilk bor har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi belgilanmoqda. Shuningdek, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi qayd etilmoqda.  

– Yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosatining imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanib kelayotgan baxtiyor yoshlardan biriman. Hozirda Namangan davlat universitetida iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichini ham tamomlash arafasidaman, – deydi Xalq deputatlari Kosonsoy tumani Kengashining eng yosh deputati Javlonbek Abdullayev. – Ochig‘ini aytish kerak, amaldagi Konstitutsiyamizda “nogironlik” atamasi keltirilmagan. Endilikda esa, inson qadrini o‘zida aks ettirgan yangilanayotgan Bosh qomusimizda biz nogironligi bor kishilarning huquq va manfaatlari yettita modda bo‘yicha kafolatlab qo‘yilmoqda. Bu esa yangi tahrirdagi bosh hujjatimizni chinakam xalq Konstitutsiyasi ekanligidan dalolat beradi.  

– O‘z vaqtida ma’lum muddat tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanganman. Men rahbarlik qilgan tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan jamiyatimiz mulkchilik qo‘shma korxona shaklida ekanligi sababli homilador bo‘lgan ayollarni ishdan bo‘shatishga majbur bo‘lganmiz, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Anvarxon Temirov. – Endilikda Konstitutsiyaviy qonun loyihasida homilador opa-singillarimizning mehnatga oid huquqlari kafolatlanmoqda. Mazkur muhim o‘zgarish ijtimoiy davlat sifatida majburiyatni o‘z zimmasiga olayotgan yurtimizda inson qadri ulug‘lanayotganining yorqin ifodasidir.  

[gallery-11437]

Tadbirda deputatlar, shahar va tumanlar faollari, iqtidorli yoshlar ham so‘zga chiqib, yangilanayotgan Konstitutsiya chinakam xalq Konstitutsiyasi bo‘lishiga, Yangi O‘zbekistonning huquqiy tayanchi, xalqimizning birdamligi va farovonligi kafolatiga aylanishiga ishonch bildirib, barchani ijtimoiy davlat uchun 30 aprel kuni ovoz berishga chaqirdi.  

Oqilxon Dadaboyev,

Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA