O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi Samarqand viloyatida ham keng nishonlanmoqda.
Asosiy bayram marosimi Samarqand shahrida o‘tkazildi.
Viloyat faollari, hokimlik va huquq-tartibot organlari xodimlari, harbiylar, nuroniylar va yoshlar vakillari ishtirok etgan tadbirda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev barcha samarqandliklarni Konstitutsiya kuni bilan tabrikladi.
Yakuniga yetayotgan yilda viloyatimizda amalga oshirilgan ishlar va kelgusi rejalarga to‘xtaldi.
[gallery-20752]
– Biz 2025 yil uchun oldimizga juda katta marralarni qo‘yganmiz, – dedi Adiz Boboyev. – Jumladan, hududiy dasturlar doirasida qariyb 2 milliard AQSH dollari miqdoridagi investitsiyani o‘zlashtirish hisobiga qo‘shimcha 1,2 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi. Bu loyihalar viloyatimizning barcha tuman va shaharlarini qamrab olib, qo‘shimcha 20 ming ish o‘rni yaratilishiga xizmat qiladi.
Yangi Konstitutsiyamizning 47-moddasida har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga egaligi, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan. 2024 yilda viloyatda bu yo‘nalishda ham katta yutuqlarga erishildi. 11300 xonadonli 182 ta uy qurilmoqda. Bu uylarning 77 tasi “Yangi O‘zbekiston”massivlarida bunyod etilyapti. Ahamiyatlisi, bu hududlarda shunga mos infratuzilma, xususan, yangi maktab va bog‘chalar, tibbiyot muassasalari, bolalar maydonchalari va sport inshootlari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish nuqtalari tashkil etilmoqda. Ayni sa’y-harakatlar natijasida aholining urbanizatsiya darajasi yil sayin oshmoqda.
Tantanali marosim samarqandlik taniqli san’atkorlar va yosh ijrochilar ishtirokida konsert dasturi bilan davom etdi.
Sana munosabati bilan joylarda “Konstitutsiya ko‘chasi” tashkil etilib, ularda Bosh qomusimizga oid ko‘rgazmali vositalar joylashtirildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari