Jinoyat ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumani sudi raisi R. Bekmuratova tomonidan tegishli muassasa va tashkilot rahbarlari, mahalla raislari bilan sud faoliyatida sun’iy intellektni joriy etish va huquqbuzarliklarning oldini olishda mahalliy organlar bilan hamkorlikning ahamiyati yuzasidan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 21 avgustda kuni qabul qilingan “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni va uning ahamiyati hususida so‘z yuritildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur farmon sud tizimida oshkoralik, shaffoflik va zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanishni ta’minlashga xizmat qiladi. Uchrashuvda sud faoliyatiga sun’iy intellektni joriy etish orqali ish yuritishda tezkorlik va xolislikka erishish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilish imkoniyatlari kengayib borayotgani alohida qayd etildi.

Mazkur uchrashuv davomida sud hujjatlarining ijrosini ta’minlash, xususan xususiy ajrimlarning to‘liq va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi yuzasidan mas’ul tashkilotlar va mahalla rahbarlariga aniq vazifalar yuklatildi.
Sud raisi R.Bekmuratova sud qarorlari ijrosini ta’minlashda har bir rahbar va fuqarolarning huquqiy ongi hamda javobgarliklari muhim o‘rin tutishi, shu orqali jinoyatchilikni bartaraf etishda tizimli yondashuv shakllanishini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida sud va mahalliy organlar o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlash, jamoatchilik ishtirokida huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri