Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farmonlar va qarorlar ijrosi nazoratda
17:18 / 2025-09-25

Xalq deputatlari Buxoro viloyati Vobkent tumani Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Prezidentimizning 2019 yil 23 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash bo‘yicha hududda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida tuman hokimligi qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Sharif Islomov hisobot berdi. 

Ta’kidlanganidek, farmon yuzasidan tumanda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida bir qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, tumanda 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyada belgilangan vazifalar yuzasidan “Geoportal” tizimiga jami 20211 gektar ekin maydoni to‘liq turlari bo‘yicha joylashtirilishiga erishilgan.

Davlat rahbarining 2022 yil 10 iyundagi “Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, 2019 yil 28 martdagi “Veterinariya va chorvachilik sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, “O‘zbekiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha ham muayyan ishlar olib borilmoqda. 

Bugungi kunda tumanda chorvachilikning barcha sohalari bo‘yicha jami 40 ta qoramolchilik, shundan 14 ta naslchilik fermer xo‘jaliklari va oilaviy korxona hamda 1 ta MCHJ, baliqchilik xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatmoqda. Tumandagi mavjud 12 ta veterinariya shoxobchalari mutaxassislari va veterinariya uchastkalari tomonidan barcha turdagi chorvachilik xo‘jaliklariga tegishli xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda. 

Hisobotda shuningdek, tumandagi dehqon bozorlarida narx-navo barqarorligini saqlash maqsadida yil davomida talab va taklifdan kelib chiqqan holda ichki bozorlarda go‘sht mahsulotlarining arzonlashtirilgan yarmarkalari tashkil etilib kelinayotganligi,  mahsulotlarning sifat jihatdan yaroqliligi ustidan doimiy ravishda tizimli nazorat o‘rnatilganligi tilga olindi.

Tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DMning ham talab darajasida yo‘lga qo‘yilganligi bir qator xo‘jaliklararo kanallar hamda ichki sug‘orish tarmoqlarini mexanizmlar va qo‘l kuchi yordamida tozalash imkonini berdi. 28 ta gidrotexnik inshoot hamda 10 ta suv o‘lchash gidropostlari joriy ta’mirlandi. Shuningdek, foydalanishdan chiqqan 100 gektar yer maydonlarining 64,8 gektari qayta foydalanishga kiritilib, ularda ayni kunda shudgorlash ishlari yakunlangan. 

Yig‘ilishda kun tartibidagi masala yuzasidan so‘zga chiqqan mahalliy Kengash deputatlari hamda tuman Fermerlar Kengashi raisi Azizbek Mirakov o‘zlarining bir qator taklif va tavsiyalarini bildirdi. Xususan, ekin maydonlarini sug‘orishdagi suv taqchilligini oldini olish, ekish mavsumida sara urug‘larni yetkazib berishni ta’minlash va boshqa bir qator masalalar shular jumlasidan. Meva va sabzavot mahsulotlarini sotish va eksportga chiqarish bo‘yicha ham dehqonlarda qiyinchilik sezilyapti. 

Ma’lumki, mahalla fuqarolar yig‘inlarda keyingi paytda faoliyat ko‘rsata boshlagan “yettilik” tizimi o‘z amaliy natijasini beryapti, shuningdek, yig‘inlarda  qishloq xo‘jaligi sohasini yaxshi tushunadigan xususan, agronom mutaxassisga ega bo‘lgan malakali xodimlarga ham ehtiyoj sezilmoqda.

Yig‘ilish yakunida tegishli qaror qabul qilinib, ushbu masala xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdagi sessiyasi kun tartibiga kiritiladigan bo‘ldi. 

Zarif Komilov, O‘zA