Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farmon chiqindilarning ekologiyaga salbiy ta’sirini kamaytirishga xizmat qiladi
15:24 / 2024-01-07

Chiqindilarni to‘plash, tashib ketish, zararsizlantirish va yo‘qotish katta kuch, mablag‘ talab etadigan jarayondir.

Toshkent viloyati Ohangaron tumanida maydoni 30 gektardan iborat bo‘lgan chiqindilar poligoni mavjud bo‘lib, mazkur hududga Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan olib kelingan 20 million tonnagacha chiqindi sig‘ishi mumkin. Poligon butunlay tuproq va yer osti suvlarini xavfli chiqindilardan himoya qiluvchi maxsus material bilan qoplangan.

Xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot maishiy chiqindilarni tashishda atrof-muhitning chiqindilar bilan ifloslanishining oldini olish choralarini ko‘rishi lozim. Mavjud tartibga ko‘ra, maishiy chiqindilarni aholi yashash punktlari yerlariga, tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan yerlarga va tarixiy-madaniy ahamiyatga molik joylarga, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, shuningdek tabiatni muhofaza qilish ob’ektlariga ko‘mib tashlash taqiqlanadi.

-  Chiqindi sohasini isloh qilish, bu borada aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish, atrof-muhitning ifloslanishiga qarshi kurash borasida izchil va samarali islohotlar olib borilmoqda, - deydi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov. - O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni esa bu borada yangi davrni boshlab beradigan qadamga aylandi. Mazkur farmonning imzolanishi uzoq vaqt kutilgan, juda muhim yangilik bo‘ldi. Asosiy maqsad aholiga ko‘rsatiladigan maishiy chiqindilar bilan bog‘liq xizmatlar sifatini yanada yaxshilash. Shuningdek, chiqindi sohasidagi xizmatlar darajasini xalqaro standartlarga yetkazish, hosil bo‘layotgan chiqindilarni qayta ishlash darajasini keskin oshirish, chiqindilarning poligonlarda to‘planishiga yo‘l qo‘ymaslik, atrof-muhitga yetkazilayotgan salbiy ta’sirni minimallashtirish, “nol chiqindi” tamoyiliga erishish va boshqa vazifalar ham belgilab berilgan. Ushbu farmon iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ekologik muammolar kuchayib borayotgan bugungi davr uchun juda muhimdir.

Farmonga ko‘ra, chiqindi sohasini yanada takomillashtirish, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish maqsadida qator ishlar amalga oshiriladi. Xususan, “Xavfsiz shahar” integratsiyalashgan tizimi doirasida kameralar orqali ekologik huquqbuzarliklarni aniqlash tizimi joriy qilinadi. Yo‘l harakati qoidalari buzilganligini qayd etadigan tadbirkorlik sub’ektlariga ekologik huquqbuzarliklarni ham foto va videoga olish hamda davlat ekologik nazorat inspeksiyasiga xabar qilish huquqi beriladi.

Aholiga o‘z tashabbusi bilan chiqindixonalarga aylangan yoki doimiy tarzda chiqindilar noqonuniy tashlab ketiladigan hududlarda o‘z mablag‘lari hisobidan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish imkoni beriladi. Bunda huquqbuzarlikni aniqlab, xabar berganlar jarima miqdorining 20 foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorini oshirish hamda ushbu ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli bo‘lgan xomashyo yoki ma’muriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosini musodara qilish jazosini kengaytirish, chiqindilar to‘plash maydonchalari va ularning qo‘riqlanmaydigan (modulli) inshootlaridan chiqindilarni noqonuniy ravishda to‘plash va olib chiqib ketish uchun ma’muriy javobgarlik kiritiladi.

Kimyoviy, biologik va bakteriologik vositalardan foydalangan holda bino-inshootlar qurish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish va bu vaqtda atrof-muhitga zarar yetkazganlik, shu jumladan, ekinlarga, o‘rmonlarga, daraxtlarga yoki boshqa o‘simliklarga qasddan shikast yetkazganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi.

Ma’lumki, aholining turmush tarzi rivojlanib borgani sari chiqindilar ham ortib boradi. Agar ular vaqtida tozalanmasa, utilizatsiya qilinmasa, jiddiy salbiy oqibatlarga olib keladi.

Mazkur hujjat bu kabi  salbiy ta’sirlarning oldini olishga zamin yaratadi, tadbirkorlik sub’ektlari va aholi o‘rtasida chiqindi sohasidagi munosabatlarni to‘g‘ri shakllantirishga xizmat qiladi.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA