Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farmatsevtika: xalqaro hamkorlik aloqalari yangi imkoniyatlarga  yo‘l ochadi
11:53 / 2024-09-20

Mamlakatimizda farmatsevtika sohasini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqarilayotgan dori vositalarining turlarini ko‘paytirish maqsadida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan xalqaro tajriba o‘rganilib, xorijiy hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik o‘rnatilmoqda.

Agentlik mutasaddilari hamda Turkiyaning “Alyors Holding-Orzax” kompaniyasi vakillarining uchrashuvi ana shular jumlasidandir. 

“Alyors Holding-Orzax” kompaniyasi Turkiyaning yetakchi farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchisi va o‘z yo‘nalishida Turkiya bozorida lider hisoblanadi. Uchrashuv avvalida kompaniya direktorlar kengashi raisi Selman Alimo‘g‘lu bu haqida batafsil ma’lumot berdi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov O‘zbekistonda ushbu sohada qilinayotgan islohotlar, xorijiy investorlar uchun berilayotgan imtiyozlar hamda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida batafsil so‘z yuritib, mehmonlarni “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy ishlab chiqarish farmatsevtika klasterida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi. 

Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida birgalikda ishlash va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishdi. 

*** 

Shuningdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va Chexiyaning “PRO.MED.CS Praha a.s.” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Unda Abdulla Azizov “PRO.MED.CS Praha a.s.” kompaniyasi vakillariga ham mamlakatimizda farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va yaqin kelajakda rejalashtirilayotgan o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berdi. O‘zbekiston bozorida chet ellik investorlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar va imtiyozlarni sanab o‘tdi. 

Suhbat davomida chexiyalik mutaxassislar mamlakatimizdagi islohotlar va yangiliklarni ijobiy baholadi. Hamkorlikning istiqboldagi rejalari muhokama qilindi va loyihalarni amalga oshirish uchun kelishib olindi. 

***

Eronning “Golrang Pharmaceutical Manufacturers Holding” kompaniyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi farmatsevtika sohasida investitsiya va texnologiya almashinuvi imkoniyatlari muhokama qilindi. 

Tomonlar yangi dori vositalarini ishlab chiqish va ilmiy tadqiqotlarni birgalikda o‘tkazish imkoniyatlari haqida fikr almashdi. Uchrashuv yakunida dori vositalarini birgalikda ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan aniq rejalar tuzildi. 

Bu kabi uchrashuvlar xorijiy mamlakatlar bilan farmatsevtika sohasidagi aloqalarni mustahkamlash, yangi imkoniyatlarga ega bo‘lish va hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.

Mohigul Qosimova, O‘zA