Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farmatsevtika va tibbiyot xodimlari orasidagi yashirin kelishuv uchun jinoiy javobgarlik belgilash lozim
13:54 / 2025-07-11

“Tijoratlashgan davo” sindromi

Inson sog‘lig‘i – eng oliy qadriyat. Davlatlar bu sohada milliardlab mablag‘ sarflab, tibbiy xizmat sifatini oshirish, aholi salomatligini ta’minlashga harakat qilmoqda. Biroq butun dunyoda, jumladan, yurtimizda ham shunday bir murakkab muammo borki, u shifokor va bemor o‘rtasidagi ishonchni yemirmoqda. Bu – tibbiyot xodimlari va farmatsevtika kompaniyalari o‘rtasidagi yashirin kelishuvlar, ya’ni “tijoratlashgan davo” sindromidir.

Tasavvur qiling, shifokor bemorga zarur dori vositasini emas, balki u bilan “hamkorlik” qiluvchi kompaniyaning mahsulotini tavsiya qiladi. Bu dori o‘sha holat uchun eng yaxshi tanlov bo‘lmasligi, yoki arzonroq, samaraliroq alternativasi mavjud bo‘lishi mumkin. Ammo shifokor – “ko‘rsatma” bo‘yicha ish tutadi.

Bunday holatlarda shifokor tibbiyot xodimi emas, balki farmatsevtika kompaniyasining yashirin “agenti”ga aylanadi. Bemorning ishonchi, moliyaviy holati, salomatligi esa “ikkinchi darajali” masala bo‘lib qoladi.

Bunday kelishuvlar turli shakllarda yuz beradi:

“Keshbek” sxemasi: shifokor tavsiya qilgan har bir dori uchun belgilangan foizda moddiy mukofot oladi.

“Seminar va treninglar” niqobi: kompaniya shifokorni xorijga yoki ichki safarlarga taklif qiladi, ammo aslida bu reklama kampaniyasidir.

Tashqi ta’sir: ba’zi xususiy klinikalarda farmatsevtika kompaniyalari bilan shartnomalar tuziladi va shifokorlarga aynan shu brendlarni yozish “tavsiya etiladi”. Bunday holatlar nafaqat tibbiyot axloq qoidalariga zid, balki bemorlar huquqining ham jiddiy buzilishidir.

Yuqoridagi kabi holatlar sabab bemor moddiy zarar ko‘radi – keragidan ortiq yoki yuqori narxdagi dori-darmonlar tavsiya qilinadi. Bu kam ta’minlangan oilalar uchun katta moliyaviy yuk bo‘ladi. Qolaversa, keraksiz, yoki hatto noto‘g‘ri dorilardan foydalanish bemor holatini yaxshilash o‘rniga og‘irlashtirishi mumkin. Bu esa bemorlar shifokor so‘ziga ishonmay qo‘yishiga olib keladi, natijada o‘zini-o‘zi davolash, alternativ shifobaxsh usullarga murojaat qilish holatlari ko‘payadi.

Bu kabi salbiy holatlarni yuzaga keltirayotgan omillar sifatida soha ustidan samarali jamoatchilik va institutsional nazorat mexanizmlari yetarlicha ishlamasligini aytish mumkin. Shifokor va dori ishlab chiqaruvchi o‘rtasidagi munosabatlar shaffof emas. Ayrim holatlarda shifokorlarning oylik maoshi daromad olishning boshqa yo‘llarini izlashga undaydi.

Shu bois, davlat nazoratini kuchaytirib, dori-darmon tavsiya qilishda shubhali holatlar bo‘yicha mustaqil nazorat tuzilmalarini yaratish va jamoatchilik monitoringini kengaytirish eng muhim yechimlardan biri sanaladi. Qolaversa, elektron retsept tizimini joriy etish zarur. Bu shifokor qaysi dori vositalarini qancha marta yozganini aniq ko‘rsatadi va nazoratni osonlashtiradi. Farmatsevtika kompaniyalari faoliyatini shaffoflashtirish orqali ular qaysi tibbiyot muassasalari bilan hamkorlik qilayotgani va qanday dasturlar orqali bularning barchasini nazorat qilish mumkin bo‘ladi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, “Adolat” SDPning 2024-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida ham bu borada bir qator muhim tashabbuslar ilgari surilgan. Jumladan, partiya farmatsevtika va tibbiyot xodimlari orasidagi yashirin kelishuv va noqonuniy muloqot, farmatsevtlarning tibbiyot muassasalariga g‘arazli homiyligini to‘liq taqiqlash, bu kabi harakatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilash tashabbusini ilgari surgan.

Shu bilan birga, dori vositalari va tibbiyot buyumlarining aholiga arzon va qulay bo‘lishini ta’minlash maqsadida dorilarning yagona elektron bazasini shakllantirish va mamlakat bo‘ylab yaxlit elektron tizimni joriy qilish, dori narxlari sun’iy oshirilishi oldini olish maqsadida qator takliflar bildirilgan. Xorijiy tajriba asosida dori vositalarining harakatlanish zanjirini kuzatish texnologiyasidan foydalanishni yo‘lga qo‘yish, dorixonalarda retseptsiz sotiladigan dori vositalari ro‘yxatini qisqartirish hamda dorixonalar sonini maqbullashtirish shular jumlasidan.

Xulosa qilib aytganda, inson salomatligi – bu faqat shaxsiy emas, balki milliy boylik hisoblanadi. Agar tibbiyot tizimida shifokor o‘z vazifasini halol bajarmasdan, farmatsevtik manfaatlar ichida yo‘qolsa, bu ishonch yemirilishiga, aholi sog‘lig‘iga tahdid paydo bo‘lishiga olib keladi. 

Shu bois, shifokor va farmatsevtika kompaniyalari o‘rtasidagi munosabatlar shaffof, qonuniy va javobgarlikka asoslangan tizimga aylantirilishi shart. Jamoatchilik nazorati, elektron retseptlar, dori narxlari va harakati ustidan monitoring, shuningdek, parlament va siyosiy partiyalar nazoratining kuchaytirilishi inson salomatligini himoya qilish yo‘lidagi eng samarali yechimlar sanaladi.

Mavluda ADHAMJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 

Ekologiya va atrof-muhitni

muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.

O‘zA