Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farmatsevtika tarmog‘i: inson qadrini ulug‘lash va iqtisodiy barqarorlik strategiyasi
13:06 / 2026-03-08

Munosabat

Inson hayoti va uning salomatligi – har qanday islohotning bosh mezoni, davlat siyosatining eng oliy belgisi sanaladi. Bugun Yangi O‘zbekistonning jadal odimlayotgan taraqqiyotda farmatsevtika sohasi nafaqat tibbiyotning tayanchi, balki mamlakat iqtisodiy xavfsizligi va ijtimoiy barqarorligini ta’minlovchi mustahkam ustunga aylandi.

Yaqinda davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan navbatdagi videoselektor yig‘ilishida sohaning bugungi manzarasi chuqur tahlil qilinib, ertangi kunning strategik xaritasi chizildi. Zero, xalq roziligining muhim shartlaridan biri – har bir xonadonga sifatli va hamyonbop shifo vositalarining kirib borishidir.

Ortda qolgan to‘qqiz yil soha tarixida chinakam yuksalish davri bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu davrda tarmoqqa 1,8 milliard dollar investitsiya kirib keldi, natijada 140 ta yangi ishlab chiqarish quvvati qad rostladi. Bugun respublika bo‘ylab 300 dan ortiq korxona faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ularning 58 tasi bevosita dori-darmon ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Raqamlar tili bilan aytganda, ishlab chiqarish hajmi 3,5 baravarga ortib, 7,3 trillion so‘mdan oshdi. Mahalliy dori vositalarining turi ikki barobarga ko‘payib, dunyoning 55 ta davlati bozoridan joy oldi. Eng muhimi, bu sa’y-harakatlar zamirida 40 ming nafardan ziyod yurtdoshimizning bandligi va farovonligi mujassam.

Biroq erishilgan natijalar marra emas, balki yangi marralar uchun poydevordir. Joriy yilda sohaga yana kamida 1 milliard dollar sarmoya jalb etish, sifat darajasini xalqaro andozalarga moslash va xorijiy gigant kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Maqsad aniq, 2030-yilga borib ichki bozordagi mahalliy dorilar ulushini 70 foizga yetkazish va eksport hajmini millard dollarlik dovondan oshirish. Bu faqat iqtisodiy ko‘rsatkich emas, balki dori-darmon bozoridagi import qaramligiga chek qo‘yish demakdir.

Bugun mamlakatimizda 136 gektar maydonni egallagan 5 ta maxsus farmatsevtika zonasi tashkil etilib, barcha infratuzilma hozirlab qo‘yilgan. Biroq imkoniyat bor joyda natija ham bo‘lishi kerak. Yig‘ilishda ayrim hudud rahbarlarining loqaydligi, xususan, Jizzax va Bo‘stonliqdagi farmzonalarda yillar davomida loyihalar to‘xtab qolgani keskin tanqid ostiga olindi. Holbuki, oddiy og‘riq qoldiruvchi yoki vitaminlarni mahalliylashtirish orqali aholining dorixonalardagi xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirish mumkin.

Tadbirkorlik rivoji uchun berilayotgan yangi imtiyozlar esa soha vakillariga yangi nafas bag‘ishlaydi. Xususan, joriy yil 1-apreldan boshlab, farmatsevtika loyihalari uch yil davomida yer va boshqa soliqlardan ozod etiladi. Xomashyo va uskunalar importidagi bojxona yengilliklari, imtiyozli kreditlar bularning barchasi ishlab chiqaruvchining yelkasidan yukni olib, bor e’tiborni sifat va hajmga qaratish uchundir. “Toshkent Farma Park” hududining yana 100 gektarga kengaytirilishi va Janubiy koreyalik hamkorlar bilan 400 million dollarlik kelishuvlar O‘zbekistonni mintaqaviy “farmatsevtika xabi”ga aylantirish yo‘lidagi dadil qadamdir.

Taraqqiyotning ertangi kuni ilm va innovatsiya bilan sug‘orilgan bo‘lishi lozim. Shu maqsadda uchta yirik ilmiy maskan negizida tashkil etilayotgan Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti sohadagi “uzilish”ni bartaraf etadi. Endilikda olimlar va talabalar bevosita ishlab chiqarish bilan hamnafas bo‘ladi, yangi dori yaratgan tadqiqotchilar esa davlat tomonidan rag‘batlantiriladi.

Xulosa qilib aytganda, farmatsevtika sohasidagi bugungi evrilishlar shunchaki tarmoq islohoti emas, balki inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu amallar ifodasidir. Zero, sog‘lom millat – sog‘lom kelajak demakdir. Berilgan imkoniyatlar, yaratilgan sharoitlar va qat’iy iroda ertaga har bir yurtdoshimizning hayotida, salomatligida va farovonligida o‘z aksini topadi.

Muharram DADAXO‘JAEVA,

Yunusobod tumanidagi 50-oilaviy poliklinika mudiri.

O‘zA