Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farmatsevtika sohasini raqamlashtirish orqali narx-navo 20 foizga arzonlashtiriladi
12:18 / 2024-05-27

Munosabat

Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimida sog‘liqni saqlash sohasi alohida o‘rin tutadi. Zero, har qanday mamlakatning eng katta boyligi – xalqining salomatligidir. Shu bois keyingi yillarda aholini dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiy texnika bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ham kompleks chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, aholi hamda sog‘liqni saqlash muassasalarini arzon va sifatli farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlashni yaxshilash, tarmoqni rivojlantirishning huquqiy mexanizmlarini tartibga solishga qaratilgan 50 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.

Ammo tahlillar bugun aholimizning barcha qatlami ushbu sohada yaratib berilgan imtiyoz va xizmatlardan to‘laqonli va unumli foydalana olayaptimi degan savolni so‘roq ostida qoldirmoqda. Boisi, ayrim qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlar sohada yaratib berilayotgan imtiyoz va rag‘batni xalqni, tadbirkorlarni og‘irini yengil qilish uchun imkoniyat deb emas, aksincha, mo‘may pul topish uchun qulay vaziyat deb baholashi natijasida ba’zi holatlarda haqli e’tirozlar ham bildirilmoqda.

Shu o‘rinda raqamlar tahliliga qaralsa, respublikamizda 2018 yilda 10 ming 764 ta dorixona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, hozirga kelib bu ko‘rsatkich 16 mingdan ortiqni tashkil etmoqda. Ya’ni, dorixonalar soni deyarli 40 foizga ortgan. Mamlakatda o‘rtacha 2300 nafar aholiga bitta dorixona to‘g‘ri keladi.

Bu ko‘rsatkich xorijiy davlatlarga qiyoslanganda bitta dorixona Daniyada 18,5 ming, AQSHda 5,3 ming, Buyuk Britaniyada 4,96 mingta, Germaniyada 3,97 ming, Turkiyada 3,36 ming aholiga to‘g‘ri keladi. Ko‘rib turganimizdek, O‘zbekistonda ushbu ko‘rsatkich juda ham katta tafovutni tashkil qilib, dorixonalar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Raqamlar chuqurroq tahlil qilinganda dorixonalar soni olis hududlarda aholining og‘irini yengil qilish, masofasini qisqartirish uchun emas, aksincha, shahar markazlarida farmatsevtika va tibbiyot xodimlari orasidagi yashirin kelishuvlar asosida tashkil etilayotganini ko‘rsatmoqda.

Bu kabi salbiy holatlarni bartaraf etish hamda aholining arzon va sifatli dori vositalariga bo‘lgan ehtiyojini to‘laqonli ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham bir qator vazifalar belgilangan. Jumladan, farmatsevtika sohasida dori vositalariga ehtiyojni 70 foizga ichki ishlab chiqaruvchilar hisobidan qoplash, dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklarni yetishtirish va ko‘paytirish bo‘yicha har yili 25 ming gektar maydonda madaniy plantatsiyalarni tashkil etish reja qilingan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad nafaqat yangi quvvatlarni ishga tushirish orqali ish o‘rinlari yaratish, sifati kafolatlangan dori vositalarini ishlab chiqarish, shuningdek, dorilar narxining asossiz oshirilishiga chek qo‘yishdir.

O‘tgan haftada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan farmatsevtika tarmog‘ida erishilayotgan natijalar va istiqboldagi rejalarga oid taqdimotda ham sohada erishilgan natijalar tanqidiy tahlil qilinib, galdagi vazifalar belgilab berildi.

Xususan, yil boshidan buyon sohadagi yangi loyihalar uchun 100 million dollar arzon resurs ajratilgani, bundan tashqari, “Asaka bank” tomonidan 200 million dollar jalb qilingani e’tirof etildi. Bu imkoniyatlar natijasida o‘tgan 4 oyda 30,5 million dollarlik ikkita loyiha ishga tushirilib, 160 ta ish o‘rni yaratildi. 1,5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 51 million dollarlik eksport amalga oshirilgan.

Ammo, yaratib berilgan imkoniyat va huquqiy kafolatlar tahlil qilinsa hali ishga solinmagan imkoniyatlar bisyor ekanligini ko‘rish mumkin. Shu bois, yil oxiriga qadar 400 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarish, eksportni 200 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. 2 milliard dollarlik 147 ta loyiha boshlanib, shundan 28 tasi joriy yilda ishga tushirilishi belgilangan. 450 turdagi yangi mahsulotni mahalliylashtirish rejalashtirilgan.

Ushbu rejalarning amalga oshirilishi mahalliy mahsulotlar bilan ichki bozor talabini qondirish darajasini oshirish imkonini beradi. Albatta, bu jarayonda ishlab chiqarishni xalqaro standartlarga o‘tkazish, narx va sifat mutanosibligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratish zarur. Shu maqsadda sohada raqamlashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilib, bu yil raqamlashtirish ko‘rsatkichi 65, 2025 yilda esa 100 foizga yetkaziladi. Sohaning raqamlashtirilishi nafaqat tizim shaffofligini, qolaversa, narx-navoni ham kamida 20 foizga arzonlashtirish imkonini beradi.

Umuman olganda, yuqorida belgilab berilgan vazifalarning amalga oshirilishi, farmatsevtika sohasini yangi bosqichga olib chiqish, aholiga sifati yuqori bo‘lgan dori mahsulotlarini yetkazib berish va fuqarolarning tibbiy xizmatdan foydalanish qulayliklarini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Oltinoy MAMIROVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA