Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farmatsevtika sohasiga oid bir qancha taqiqlar bekor qilinmoqda
17:48 / 2022-02-01

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-2026 yillarda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga oid farmoniga ko‘ra, 2022 yil 1 apreldan farmatsevtika mahsulotlari xaridlariga ajratilishi rejalashtirilgan Davlat byudjeti mablag‘lari doirasida mahalliylashtiriladigan farmatsevtika mahsulotlarini uch yil muddatga shartnoma tuzish orqali kafolatli xarid qilish mexanizmi joriy etiladi.

Bunda kafolatli xarid qilish shartnomalarini tuzish bo‘yicha tanlovlar Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan shakllantiriladi.

Farmatsevtika mahsulotlari ro‘yxati Davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining internet saytlarida joylashtiriladi hamda har yili yangilanib boriladi.

Kafolatli xarid shartnomalarini imzolash uchun g‘oliblar ochiq tanlovlar orqali aniqlanadi va Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu tanlovlarda davlat buyurtmachisi va benefitsiar mulkdori hisoblanadi.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlarga tuzilayotgan kafolatli xarid qilish shartnomalar doirasida oldindan bo‘nak to‘lovlarini o‘tkazishga ruxsat beriladi.

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi axborot xizmat rahbari Qizlarxon Xo‘jayevaning ta’kidlashicha, Prezidentimizning 2022-2026 yillarda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga oid farmoniga ko‘ra, sohaga oid bir qancha taqiqlar bekor qilinmoqda.

Xususan, donor qonini to‘plash va uning asosida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni xususiy tartibda amalga oshirishga qo‘yilgan taqiq, dori vositalarining klinik tadqiqotlarini sog‘lom ko‘ngillilarda o‘tkazishga cheklov, xalqaro brendlar asosida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda  tarkibi bir xil bo‘lgan dori vositalarini bir ishlab chiqaruvchi tomonidan turli savdo nomlari ostida ishlab chiqarishga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinadi.

Mohigul Qosimova, O‘zA