Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farmatsevtika sohasidagi yangi imkoniyatlar xalq salomatligiga xizmat qiladi
11:37 / 2026-03-10

Yurtimizda inson salomatligini muhofaza qilish, aholining hayot sifatini oshirish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelmoqda. Shu ma’noda, Shavkat Mirziyoyev raisligida farmatsevtika tarmog‘ida ishlab chiqarishni kengaytirish hamda sohaga ilg‘or texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi hamda qabul qilingan yangi qaror va tashabbuslar xalqimiz uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Videoselektor yig‘ilishida bugungi kunda farmatsevtika sohasi nafaqat iqtisodiyotning muhim tarmog‘i ekani, balki inson salomatligi bilan bevosita bog‘liq strategik yo‘nalishligi qayd etildi. So‘nggi yillarda ushbu sohani rivojlantirishga qaratilgan islohotlar natijasida katta natijalarga erishilayotgani quvonarli hol. Xususan, tarmoqqa 1 milliard 800 million dollar investitsiya jalb qilinib, 140 ta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirilishi yurtimizda farmatsevtika sanoati yuksalib borayotganidan darak beradi. Hozirda mamlakatimizda 300 dan ortiq farmatsevtika korxonasi faoliyat yuritmoqda. Natijada farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 3,5 barobar oshib, 7 trillion 300 milliard so‘mdan ziyod ko‘rsatkichga yetdi.

Bu raqamlar ortida, eng avvalo xalqimiz manfaatlari mujassam. Chunki farmatsevtika ishlab chiqarishining kengayishi – bu bozorda dorilar ko‘payishi, ularning narxi barqarorlashishi hamda aholiga yanada arzon va sifatli dori vositalari yetib borishini anglatadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda dori vositalari va tibbiy buyumlar bozori hajmi qariyb 2,5 milliard dollarga yetgan. Shunday katta bozor sharoitida mahalliy ishlab chiqarish ulushini oshirish nihoyatda muhim masala hisoblanadi. Shu bois davlatimiz rahbari tomonidan ichki iste’molda mahalliy dori vositalari ulushini 2030 yilga borib 70 foizga yetkazish vazifasi qo‘yilgani ayniqsa muhim. Bu esa aholining kundalik ehtiyojidagi ko‘plab dori vositalari mamlakatimizning o‘zida ishlab chiqarilishini ta’minlaydi.

Yig‘ilishda farmatsevtika korxonalari uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar ham keng ko‘lamli ekanini ko‘rish mumkin. Xususan, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha yangi loyihalar uch yil muddatga yer solig‘idan ozod etilishi, shuningdek loyiha ishga tushgandan so‘ng yana uch yil davomida foyda va mol-mulk solig‘i undirilmasligi tadbirkorlar uchun katta rag‘bat bo‘ladi. Bunday imtiyozlar sohada yangi korxonalar paydo bo‘lishiga, ishlab chiqarish hajmining ortishiga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, biologik faol qo‘shimchalar va kosmetika vositalari ishlab chiqaruvchilarga xomashyo va uskunalar importi bojlardan ozod qilinishi ham sohaning rivojlanishiga yangi sur’at bag‘ishlaydi. Eng muhimi, mahalliylashtirishga mo‘ljallangan dori vositalari ro‘yxati e’lon qilib borilishi hamda ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun imtiyozli kreditlar ajratilishi farmatsevtika tarmog‘ining yanada kengayishiga xizmat qiladi.

Alohida ta’kidlash kerakki, import qilinayotgan dori vositalarining salmoqli qismi ayrim xorijiy kompaniyalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bois, ularning ishlab chiqarishini mamlakatimiz hududida tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ham katta ahamiyatga ega. Bu esa zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eng muhimi, dorilar narxini sezilarli darajada arzonlashtirish imkonini beradi.

Yangi qarorlar ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirishga ham qaratilgan. “Toshkent farma park” hududida Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilishi, klinik tadqiqotlar markazlari hamda zamonaviy laboratoriyalar barpo etilishi yurtimizda yangi dori vositalarini yaratish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu esa kelajakda ko‘plab kasalliklarni davolashda mahalliy ilmiy salohiyatga tayangan holda yangi preparatlar ishlab chiqilishiga xizmat qiladi.

Shifokor va xalq vakili sifatida aytishim mumkinki, farmatsevtika sohasini rivojlantirishga qaratilgan bunday keng qamrovli chora-tadbirlar, eng avvalo, bemorlar manfaatiga xizmat qiladi. Amaliy tibbiyotda faoliyat yuritgan mutaxassis sifatida yaxshi bilaman: ko‘plab bemorlar uchun eng muhim masala – bu zarur dori vositasining o‘z vaqtida, sifatli va hamyonbop narxda mavjud bo‘lishi. Mahalliy ishlab chiqarish kengayib, zamonaviy texnologiyalar joriy etilsa, dorilar narxi barqarorlashadi, ularning sifati oshadi va aholi uchun yanada qulay bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, farmatsevtika tarmog‘ida amalga oshirilayotgan ushbu islohotlar nafaqat iqtisodiy taraqqiyot, balki xalqimiz salomatligi uchun ham mustahkam poydevor yaratadi. Bu tashabbuslar natijasida kelgusida ko‘plab kasalliklarni davolash osonlashib, sifatli dori vositalari har bir oila uchun yanada yaqin va qulay bo‘lishiga ishonaman. Chunki sog‘lom jamiyat – barqaror taraqqiyotning eng muhim omili.

Otabek Jiyanboyev,

“Milliy tiklanish” DP Toshkent shahar Kengashi raisi, 

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati

O‘zA