So‘nggi yillarda O‘zbekiston farmatsevtika sanoati jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. Sohaga ilg‘or texnologiyalar, xalqaro standartlarga javob beradigan ishlab chiqarish quvvatlari va zamonaviy menejment tizimlarini joriy etish orqali mahalliy dorivor vositalar ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada oshmoqda.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan yangi loyihalarni amalga oshirish, qonunchilik bazasini takomillashtirish va soha uchun malakali kadrlar tayyorlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, mamlakatimiz farmatsevtika bozorining barqaror o‘sishi xorijiy kompaniyalar bilan yaqin hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yishni taqozo etmoqda. Germaniya, Hindiston, Janubiy Koreya, Turkiya va boshqa davlatlar bilan hamkorlikda qo‘shma korxonalar tashkil etilib, mahalliy ishlab chiqarishni lokallashtirish, yangi turdagi dori vositalarini ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Bunday hamkorlik nafaqat sohaga zamonaviy texnologiyalar va investitsiyalarni jalb etmoqda, balki mamlakatimizda aholi sog‘ligini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirishga ham hissa qo‘shmoqda.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida tashkil etilgan Yaponiya delegatsiyasi bilan uchrashuvdan ham ko‘zlangan maqsad sohada hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
"Pharmaceutical Cooperative Union in NARA" va uning bir qator yetakchi kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya O‘zbekiston bozori bilan tanishdi, imkoniyat va talablar borasida ma’lumotga ega bo‘ldi.
Agentlik direktori Abdulla Azizov bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda O‘zbekiston farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, mahalliy dori vositalarini eksport qilish hajmini oshirish va importga bog‘liqlikni kamaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga nafaqat mahsulot tayyorlash, balki uni sotish jarayonida ham xorijiy hamkorlarni jalb etish zarurligi ta’kidlab o‘tildi.
Uchrashuv samimiy va ishbilarmonlik muhitida o‘tdi hamda tomonlar kelgusida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.
***

Shuningdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va Xitoyning “Guoju Medical Technology” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbat chog‘ida “Bir belbog‘ – bir yo‘l” tashabbusini amalga oshirish doirasida farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv doirasida “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri hududida O‘zbekiston sharq tabobati va Xitoy xalq tabobatini uyg‘unlashtirgan yangi ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish tashabbusi muhokama etildi.
Shuningdek, tomonlar qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, yangi tibbiy va farmatsevtik yo‘nalishlarda tadqiqotlarni birgalikda olib borish, hamda o‘zbek ilmiy xodimlarini Xitoyda malaka oshirish va tajriba almashish dasturlariga jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Ushbu tashabbus ikki mamlakat ilmiy hamjamiyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, zamonaviy bilim va ilg‘or tajribalar almashinuviga xizmat qiladi.
***

Shu yilning 4-6 noyabr kunlari poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida tashkil etilgan “UzMedExpo-2025” Xalqaro tibbiyot ko‘rgazmasini sog‘liqni saqlash sohasida kuz mavsumining muhim voqeasi sifatida e’tirof etsak mubolag‘a bo‘maydi.
Ko‘rgazma sog‘liqni saqlash sohasiga tegishli zamonaviy yechimlarni: ilg‘or tibbiy texnologiyalar va uskunalar, farmatsevtika ishlanmalari, sarf materiallar, IT-tizimlar va servis xizmatlarini o‘z ichiga oldi. Shu bilan birga, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantirish va xorijiy kompaniyalar uchun yangi imkoniyatlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston, Belarus, Eron, Koreya Respublikasi, Pokiston, Rossiya, Turkiya, Yaponiya va Xitoy kabi davlatlardan 80 ga yaqin kompaniya ishtirok etdi.
***

Shuningdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizovning Xitoyning yirik kompaniyalaridan biri "China Construction" kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari hamda O‘zbekistonda farmatsevtika sanoatining jadal rivojlanishiga oid masalalar muhokama qilindi. Suhbat jarayonida mamlakatimizda farmatsevtika sohasiga davlat darajasida katta e’tibor qaratilayotgani, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni joriy etish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.
"China Construction" kompaniyasi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, kompaniyaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari qurilish va loyihalash ishlarini amalga oshirish, xalqaro investitsiyalarni jalb etish hamda qurilgan ob’ektlarni samarali ekspluatatsiya qilishni o‘z ichiga oladi.
Shu bilan birga, xitoylik hamkorlar O‘zbekiston bozoriga katta qiziqish bildirayotganini, ayniqsa, farmatsevtika klasterlari, ilmiy-tadqiqot markazlari va sanoat zonalarini qurish sohalarida hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildi.
Uchrashuv ochiq va konstruktiv ruhda o‘tib, tomonlar kelgusida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, aniq loyihalar ustida ish olib borish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishdi. Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
***

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va Polsha farmatsevtika sanoatining yetakchi kompaniyalari: "Polpharma", "Adamed Pharma" va "Biofarm" vakillaridan iborat delegatsiyaning uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda farmatsevtika sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish va bozordagi narx siyosatiga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Polsha tomoni O‘zbekistonda farmatsevtika sohasi uchun muhim bo‘lgan xalqaro standartlar joriy etilayotganini alohida ta’kidladi. Ular, xususan, WLA (World Listed Authority) recognition tizimining joriy etilishini katta qadam sifatida baholadi va bu yangilik Polsha kompaniyalarining O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish bo‘yicha qiziqishini yanada oshirganini bildirdi. Ushbu tizimning amaliyotga kiritilishi mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro bozorga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishi va eksport salohiyatini kuchaytirishi qayd etildi.
Shuningdek, uchrashuvda referent narxlar siyosati, mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash, xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda farmatsevtika sohasida qo‘shma korxonalar tashkil etish imkoniyatlari batafsil muhokama qilindi. Polsha kompaniyalari O‘zbekiston farmatsevtika bozorida o‘z faoliyatini kengaytirish, ilmiy tadqiqotlar, innovatsion texnologiyalar va ta’lim sohasida hamkorlik yo‘lga qo‘yish niyatida ekanliklarini bildirdi.
Tomonlar farmatsevtika sohasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash, yangi investitsiya yo‘nalishlarini ochish hamda ikki mamlakat farmatsevtika sanoatlari o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi.
***

Ana shunday muhim uchrashuvlardan yana biri Agentlik direktori Abdulla Azizov va Malayziya delegatsiyasi bilan bo‘ldi. Delegatsiya tarkibiga mamlakatning regulyator organi vakillari, shuningdek, tibbiy buyumlar sohasida faoliyat yuritayotgan oltita yetakchi kompaniya rahbar va mutaxassislari kirdi.
Muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, farmatsevtika va tibbiy asbob-uskunalar yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Malayziya tomoni O‘zbekistonda farmatsevtika va tibbiy mahsulotlar ishlab chiqarish sohasiga investitsiya kiritish imkoniyatlari, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini Malayziya bozoriga eksport qilish istiqbollariga qiziqish bildirdi. Eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, sifat standartlarini uyg‘unlashtirish va litsenziyalash jarayonlarini yengillashtirish borasida fikr almashildi.
Agentlik direktori tomonidan Malayziya delegatsiyasiga O‘zbekiston farmatsevtika sanoatining so‘nggi yillardagi rivojlanishiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi. Prezentatsiyada farmatsevtika klasterlari, ilmiy-innovatsion loyihalar, xorijiy sarmoyalarni jalb etish va mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuv yakunida delegatsiya uchun “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi. Mehmonlarga ishlab chiqarish infratuzilmasi, ilmiy laboratoriyalar hamda investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar namoyish etildi.
Samimiy va ishbilarmonlik muhitida o‘tgan mazkur uchrashuvda kelgusida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun yangi yo‘nalishlar belgilab olindi.
***

Eronning “Pouya Pharmed Pharm” va “Sinacell” kompaniyalari vakillari Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga tashrif buyurdi. Agentlik mutasaddilari bilan uchrashuvda Eron kompaniyalari o‘z faoliyati, ishlab chiqarish yo‘nalishlari va yuqori texnologiyali farmatsevtik mahsulotlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, ular O‘zbekiston farmatsevtika bozorining jadal rivojlanib borayotgani va mavjud investitsiya imkoniyatlariga katta qiziqish bildirdi.
Agentlik direktori mamlakat farmatsevtika bozorida amalga oshirilayotgan islohotlar, “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri hamda yaratilgan imtiyoz va qulay shart-sharoitlar haqida ma’lumot berdi. U Eronda farmatsevtika sanoatining rivojlanishiga yuqori baho berib, mazkur tajriba O‘zbekistonda qo‘shimcha qiymati yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni jadallashtirishda muhim omil bo‘lishini ta’kidladi.
Muzokaralar davomida “Pouya Pharmed Pharm” va “Sinacell” kompaniyalari tomonidan O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirish, farmatsevtik mahsulotlarni mahalliylashtirish hamda zamonaviy texnologiyalarni jalb etish masalalari muhokama qilindi. Kompaniyalar mavjud loyihalarni o‘rganish va mamlakatga investitsiya kiritishga qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar farmatsevtika sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda investitsiya loyihalarining amaliy imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma ishlarni olib borishga kelishib oldi.
Bu kabi uchrashuvlar xalqaro hamkorlik aloqalarining kengayishiga xizmat qiladi, mamlakatimizning dori vositalari sohasidagi mustaqilligini mustahkamlaydi. Zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarining yaratilishi, ilmiy-tadqiqot ishlarining qo‘llab-quvvatlanishi va xorijiy tajribadan samarali foydalanish natijasida soha nafaqat ichki bozorni sifatli dori vositalari bilan ta’minlash, balki eksport yo‘nalishini ham kengaytirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bularning barchasi o‘z navbatida, iqtisodiyotimizning diversifikatsiyasi, aholi salomatligini muhofaza qilish va O‘zbekistonning xalqaro farmatsevtika bozoridagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Mohigul Qosimova, O‘zA