Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farmatsevtika sohasida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish masalalari muhokama qilindi
17:31 / 2025-07-18

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi hamda Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi hamkorligida “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining kasbiy faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishning huquqiy asoslarini takomillashtirish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Oxirgi yetti yilda 20 ga yaqin qonun va normativ-huquqiy hujjatlar, davlat dasturlari qabul qilindi. Ilgari faqat poytaxtda bajarilgan 400 dan ortiq yuqori texnologik amaliyotlar viloyat va tumanlarda o‘tkazilmoqda.

Davra suhbatida sifatli, xavfsiz va arzon dori vositalarini ishlab chiqarish, tibbiyot va farmatsevtika sohasida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish masalasi muhokamalar markazida bo‘ldi.

— Tibbiyot xodimlari va dorixonalar, farmatsevtika kompaniyalari o‘rtasidagi aloqalar huquqiy jihatdan aniq chegaralanmagan, — deydi “Adolat” SDP fraksiyasi rahbari o‘rinbosari Muhammadjon Valiyev. — Bu esa kasbiy standartlarni buzish va farmatsevtik mahsulotlar sifati bo‘yicha ishonchsizlikka olib keladi. Natijada aholi salomatligiga xavf tug‘ilishi mumkin. Shunday ekan, bu jarayonni huquqiy asosda tartibga solish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, farmatsevtika bozorida shaffoflikni ta’minlash zarur. Bu borada vakolatli davlat organlarining javobgarligini oshirish lozim bo‘ladi. 

Qizg‘in muhokamalar davomida deputatlar bir qator taklif va mulohazalarini bildirdilar. Jumladan, deputat Dilmurod Ismoilov “shifokor – farmatsevtika – dorixona” o‘rtasidagi moliyaviy aloqalarni qat’iy tartibga solish, dori vositalarini onlayn xarid qilish imkoniyatlarini kengaytirish, bu orqali narxlar ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yuzasidan o‘z takliflarini berdi.

Davra suhbatida aytilgan fikr va takliflar dori vositalarini ishlab chiqarish va farmatsevtika sohasidagi munosabatlarni shaffoflashtirishda, aholi salomatligini asrab-avaylashda muhim o‘rin tutadi. 

[gallery-24379]

Muhokamalar yakunida soha vakillari, yetakchi olimlar, mutaxassislar hamda ekspertlarning chuqur tahlillarga asoslangan takliflari asosida qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladigan bo‘ldi.

Muhtarama Komilova, O‘zA