Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida farmatsevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Tadbirda farmatsevtika korxonalari vakillari ham ishtirok etmoqda.
Bugungi kunda farmatsevtika yo‘nalishidagi 6 ta ilmiy-tadqiqot institutida 300 dan ziyod olimlar faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, farmatsevtika oliygohlarini yiliga 1 mingga yaqin yoshlar tamomlamoqda.
Lekin sohada ilm-fan bilan sanoat bir-biridan “uzilib” qolgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan Kimyo-farmatsevtika, Vaksina va zardoblar hamda Sharq tabobati institutlari negizida Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil qilinadi.
Ushbu institut “Toshkent farma park”da joylashadi va olimlarga bu yerdagi korxonalar bilan ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish uchun sharoit yaratiladi.
Buning uchun park hududida klinikoldi tadqiqotlarini o‘tkazish laboratoriyasi (vivariy), sinov-tadqiqotlar uchun bio va kimyo laboratoriyalari tashkil qilinadi. Shuningdek, 250 o‘rinli xalqaro klinik tadqiqotlar markazi ham barpo etiladi.
O‘zA