Munosabat
Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi davrida aholi salomatligini muhofaza qilish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilanib, sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, birlamchi tibbiyot tizimi faoliyati tubdan o‘zgardi, dori-darmon ta’minoti yaxshilandi, hududlarda ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq amalga oshirilayotgan ishlar yangicha mazmun kasb etyapti.
Ta’kidlash joiz, tibbiy xizmatlar ko‘lami va sifati oshishida yuqori samarali dori-darmonlarning ham alohida o‘rni bor. Aholining unga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish esa, farmatsevtika sanoatining qay darajada rivojlangani bilan bog‘liq. Yurtimizda bu sohada ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi. Unda sohani jadal rivojlantirish, mahalliy dori vositalari ishlab chiqarish hajmini oshirish, bu borada boshlangan ishlar, tarmoqdagi loyihalar holati tanqidiy tahlil qilindi.
Mamlakatimizda yiliga 1 milliard 600 million dollarlik farmatsevtika mahsulotlari iste’mol qilinadi. Shundan katta qismi — qariyb 1 milliard 200 million dollarlik mahsulotlar import qilinmoqda. Hududlar kesimida tahlil qilinganda, mahalliylashtirish darajasi mutlaqo qoniqarsiz. Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm, Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida iste’mol qilinadigan dorining atigi 2-5 foizi mahalliy ishlab chiqaruvchilar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Shu bois, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida loyihalar bilan ishlash tizimini yangilash vazifasi qo‘yildi. Dori vositalariga talabni o‘rganib, ularni mahalliylashtirish chora-tadbirlari belgilandi.
Shuningdek, Investitsiyalar loyiha markazi tomonidan yana 18 ta istiqbolli loyiha ishlab chiqilgan. Davlatimiz rahbari ularni Hindiston, Germaniya, Turkiya, Xitoy, Janubiy Koreya kabi davlatlar kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Yangi loyihalarni moliyalashtirish hamda aylanma mablag‘lar uchun 200 million dollar kredit resurslari jalb qilinadigan bo‘ldi.
Yig‘ilishda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. E’tiborlisi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va viloyat hokimlariga 80 ta tumanni dorivor o‘simliklarni yetishtirishga moslashtirib, plantatsiyalar tashkil etish topshirildi. Mazkur tajribani kengaytirishda kooperatsiya va oilaviy tadbirkorlik uchun nazarda tutilgan barcha imtiyoz va moliyalashtirish tartiblari tatbiq etiladi.
Eng muhimi, dorivor o‘simliklarni qayta ishlaydigan korxonalar 2025 yil 1 yanvarga qadar uskuna va ehtiyot qismlar, xomashyo importida bojxona bojidan ozod qilinadi. Shuningdek, ularga tayyor mahsulotlar eksporti uchun transport xarajatlarining 50 foizigacha qismi qoplab beriladi, har 10 gektar plantatsiyalarga suv chiqarish uchun 600 ming so‘mdan subsidiya ajratiladi, dorivor o‘simliklar plantatsiyalariga boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bu kabi imkoniyatlar natijasida dorivor o‘simliklarni qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonalar yanada rivojlanadi, mamlakatimizda farmatsevtika sanoati yuksaladi, aholi arzon va sifatli dori-darmon, tibbiy anjomlar bilan to‘laqonli ta’minlanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalar yurtimizda dorivor o‘simliklarni yetishtirishga, qayta ishlash va eksport qilish salohiyatining oshishiga, aholini sifatli dori vositalari bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘rol O‘ROZBOEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
O‘zA