Xabar berganimizdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi mutasaddilari Malayziyaning eng yirik farmatsevtika kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, bir qator hamkorlik kelishuvlariga erishdi.
Agentlik direktori Abdulla Azizov va Malayziyaning “Novugen Malaysia” kompaniyasi vakillari o‘rtasidagi uchrashuvda ham hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv avvalida “Novugen Malaysia” kompaniya vakillari o‘z faoliyati haqida ma’lumot taqdim etdi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati xabarida keltirilishicha, kompaniya Malayziyada FDA (AQSH Oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi) tomonidan tasdiqlangan yagona ishlab chiqarish zavodlariga ega. Bundan tashqari, ularning FDA sertifikatiga ega bo‘lgan ob’ektlari onkologik kasalliklarni davolashda qo‘llaniladigan va maxsus dorilar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
A.Azizov “Novugen Malaysia” kompaniyasi jamoasiga O‘zbekistondagi farmatsevtika bozori haqida batafsil ma’lumot berdi. Mamlakatimiz farmatsevtika sanoatiga sarmoya kiritish, yangi investitsion loyihalar amalga oshirishda yaratilgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritib, biotexnologiya mahsulotlarini mahalliylashtirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istagini bildirdi.
Uchrashuv so‘ngida ikki tomon O‘zbekistonda biotexnologiya mahsulotlarini mahalliylashtirish bo‘yicha potensial hamkorlikni boshlashga kelishib oldi.
***
Shuningdek, O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi ko‘magida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, “Parkent-farm” EIZ ishtirokchisi “Magnit Grand Farm” korxonasi vakillaridan iborat delegatsiya Misr poytaxti Qohira shahrida joylashgan “Minapharm Pharmaceuticals” kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda “Minapharm Pharmaceuticals” kompaniyasi vakillari kompaniyaning tarixi, yutuqlari, ilg‘or texnologiyalar, biotexnologiya va boshqa innovatsion sohalardagi faoliyati haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, “Minapharm Pharmaceuticals” – Misr, Afrika va Yaqin Sharqdagi yetakchi farmatsevtika kompaniyasi bo‘lib, Germaniyaning Berlin shahrida va Qohirada bir nechta sho‘’ba korxonalari bilan mintaqadagi birinchi biofarmatsevtika kompaniyasi hisoblanadi. Kompaniya kichik molekulalardan tortib murakkab genetik muhandislik oqsillari va boshqa ilg‘or davolash usullarigacha bo‘lgan salomatlikni saqlaydigan va hayotni yaxshilaydigan 100 dan ortiq dori mahsulotlarini ishlab chiqaradi.
Vakillarimiz “Minapharm Pharmaceuticals” kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuv yakunida “Minapharm Pharmaceuticals” kompaniyasi O‘zbekistonning “Magnit Grand Farm” korxonasi bilan hamkorlikda “Parkent-farm” EIZ hududida yangi loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldi.
Mohigul Qosimova, O‘zA