Dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ushbu jarayonda ishtirok etuvchi barcha mutaxassislardan katta mas’uliyatni talab etadi. Ularning bilimlari va tajribalarini doimiy ravishda takomillashtirib borish g‘oyatda muhim.
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 23 yanvardagi “Farmatsevtika sohasini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi faoliyatini takomillashtirish belgilangan bo‘lib, mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash yuzasidan poytaxtimizda Markaz mutaxassislari uchun maxsus o‘quv-seminar tashkil etildi.
Markazning dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish faoliyatini tubdan yangilash va dori vositalarining hujjatlarini qabul qilish, tekshirish amaliyotini takomillashtirish maqsadida o‘tkazilgan mazkur seminarda xalqaro ekspertlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
– O‘quv mashg‘ulotlariga xalqaro darajadagi ma’ruzachilarning jalb etilgani biz uchun tajriba almashish, bilim va malakamizni oshirish uchun yaxshi maydon bo‘la oldi, – deydi Markaz mutaxassisi Kamola Hakimova. – Mashg‘ulotlarda jahon tajribasidan kelib chiqqan holda aynan dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida ularning normativ texnik hujjatlariga to‘g‘ri baho berish, ularni baholashda qanday mezonlarga amal qilish borasidagi bilimlarimizni boyitdik.
Seminar davomida sohaga jahon standartlarini joriy qilishda xodimlar malakasini oshirish yuzasidan Markaz mutaxassislarining nazariy bilimlarini mustahkamlash bo‘yicha mavzuga doir savol-javoblar va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/pab7iERmvZY" title="Farmatsevtika sohasi mutaxassislari uchun maxsus oʻquv-seminar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
4 kun davomida bo‘lib o‘tgan seminar yakunida tinglovchilarning o‘zlashtirgan bilimlari test sinovlaridan o‘tkazilib, ularga maxsus sertifikatlar topshirildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA