Toshkentda o‘tkazilgan IV Xalqaro farmatsevtika forumi davlat organlari, yetakchi xalqaro va mahalliy farmatsevtika kompaniyalari, professional uyushmalar, ilmiy hamjamiyat va investitsiya sektori vakillarini birlashtirdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ko‘magida xorijiy farmatsevtika kompaniyalari va ishlab chiqaruvchilarining O‘zbekistondagi vakolatxonalari uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan anjumanda 15 dan ortiq mamlakatlar, jumladan, Yevropa, Osiyo va MDH davlatlaridan 200 dan ortiq delegatlar ishtirok etdi.

Forum doirasida yalpi majlislar, panel sessiyalar, amaliyotga yo‘naltirilgan mahorat darslari o‘tkazildi. Shuningdek, davlat va biznes o‘rtasidagi ishbilarmonlik hamkorligini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi muzokaralar tashkil etildi.
Muzokaralar doirasida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov "BAYER" kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvda bir qator masalalar, ya’ni dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarini soddalashtirishni muhokama qildi.
Shuningdek, mahalliy biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarishni rivojlantirish, import bojlari va ularning tarkibi borasida fikr almashildi. Dori vositalarini lokalizatsiya qilish orqali turini ko‘paytirish mumkinligi yuzasidan so‘z yuritildi.

"BERLIN-CHEMIE" kompaniyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda esa O‘zbekistonda mintaqaviy markaz (hub) tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Dori vositalari uchun narx shakllantirish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.

– IV Xalqaro farmatsevtika forumi O‘zbekistonning Yevroosiyodagi eng jadal rivojlanayotgan farmatsevtika bozorlaridan biri ekanligini tasdiqladi. Bu biznes va davlat o‘rtasidagi muloqotning yuqori darajasi, innovatsiyalarga ochiqlik va sohani barqaror rivojlantirishga sodiqlikni namoyish etdi, – dedi Abdulla Azizov. – Forum doirasida soha bilan bog‘liq qator dolzarb masalalar: sog‘liqni saqlash tizimini transformatsiya qilish va davlat xaridlari mexanizmlarini takomillashtirish, sug‘urta tibbiyoti, sog‘liqni saqlashni moliyalashtirishning barqaror modellarini joriy etish salohiyati, dori vositalari va tibbiy buyumlar muomalasini tartibga solishni yanada kuchaytirish tahlil qilindi. Narx belgilash, raqamli markirovkalash va bozor tahliliga zamonaviy yondashuvlar, samarali marketing strategiyasi hamda farmatsevtika mahsulotlarini targ‘ib qilish ana shular jumlasidandir.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/8iwlJHCguOw" title="Farmatsevtika: O‘zbekistonda mintaqaviy markaz tashkil etish tashabbusi ilgari surildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Mohigul Qosimova, O‘zA