Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizovning Pokiston Islom Respublikasiga xizmat safari doirasida ikki mamlakat o‘rtasida farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qator uchrashuvlar va tajriba almashinuvlari amalga oshirildi.
Safar davomida qator nufuzli farmatsevtika kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Xususan, “PharmEvo” kompaniyasi bosh direktori Haroon va “High-Q Pharmaceuticals” rahbari Atif Iqbal bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda investitsiyaviy hamkorlik, sohaviy ekspertlar almashinuvi va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston farmatsevtika sohasining investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi va kompaniya rahbarlari O‘zbekistonga tashrif buyurib, ishlab chiqarish va investitsiya imkoniyatlari bilan tanishishga taklif etildi. Uchrashuvlar yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma loyihalarni ilgari surishda manfaatdor ekanliklarini bildirdi.
Safarning muhim tadbirlaridan biri mamlakatning eng yirik farmatsevtika ishlab chiqaruvchilaridan biri – “Getz Pharma” kompaniyasiga tashrif bo‘ldi. Abdulla Azizov kompaniyaning ikki amaldagi ishlab chiqarish korxonasi hamda zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan yangi ishlab chiqarish majmuasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ishlab chiqarish jarayonlari ilg‘or texnologiyalar asosida tashkil etilgan bo‘lib, mahsulotlar xalqaro sifat va xavfsizlik standartlariga to‘liq muvofiqligi amalda namoyon etildi.

Uchrashuvlar davomida investitsiyaviy imkoniyatlar, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan taqdimotlar o‘tkazilib, uzoq muddatli sheriklik va qo‘shma investitsiya loyihalar uchun aniq yo‘nalishlar belgilandi. "Getz Pharma"ning ishlab chiqarish jarayonlari bilan chuqur tanishuv kompaniyaning sifat, xavfsizlik va barqaror rivojlanishga bo‘lgan qat’iy yondashuvini yaqqol ko‘rsatdi.
Shuningdek, Abdulla Azizov “The Searle Company Limited” rahbariyati bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Kompaniya faoliyati, ishlab chiqarish quvvatlari va mahsulot portfeli taqdim etildi. Muzokaralar chog‘ida farmatsevtika sohasida hamkorlik istiqbollari, investitsiyaviy imkoniyatlar va O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Agentlik tomonidan kompaniyaning O‘zbekiston bozoriga kirishi va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Safar davomida O‘zbekiston farmatsevtika tarmog‘i salohiyati “Made in Uzbekistan” milliy stendi ostida tashkil etilgan xalqaro ko‘rgazmada namoyish etildi. Ko‘rgazmada O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan farmatsevtika mahsulotlari, tibbiy buyumlar va biologik faol qo‘shimchalar taqdim etildi. Milliy stend ishtirokchilar va xorijiy hamkorlar tomonidan e’tibor bilan kuzatildi.
Ko‘rgazma ochilish marosimida Pokiston Bosh vazirining sanoat va ishlab chiqarish masalalari bo‘yicha maxsus yordamchisi Xarun Axtar O‘zbekiston farmatsevtika salohiyatini yuqori baholadi va ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligini alohida ta’kidladi.
Ushbu uchrashuvlar va tajriba almashinuvlari ikki mamlakat farmatsevtika sohasida hamkorlik istiqbollarini sezilarli darajada kengaytiradi. Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari – investitsiyaviy loyihalar, qo‘shma ishlab chiqarish, texnologiya va tajriba almashinuvi hamda O‘zbekiston mahsulotlarini mintaqaviy bozorlarga chiqarish borasidagi kelishuvlar O‘zbekiston farmatsevtika tarmog‘ining xalqaro salohiyatini yanada yuksaltirish va MDH hamda Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.
Mohigul Qosimova, O‘zA