Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni 4,6 trillion so‘mga yetkazish belgilangan
11:07 / 2024-02-17

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 10 yanvardagi “Farmatsevtika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda 23 yanvardagi “Farmatsevtika sohasini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan joriy yil davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab olindi.

Jumladan, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni 4,6 trln. so‘mga yetkazish, umumiy qiymati 200 mln. dollarlik mahsulotlarni eksport qilish, qiymati 152,5 mln. dollarlik 28 ta loyihani foydalanishga topshirish vazifasi turibdi. 1 478 ta yangi ish o‘rinini yaratish, 430 ta distribyutor korxonalarda GDP, 7 700 ta yirik tarmoqli dorixonalarda GPP talablarini joriy etish, “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasterining Texnopark qismi ma’muriy binosida qurilish ishlarini yakunlash va foydalanishga topshirish belgilangan. Shuningdek, klasterning sanoat zonasidagi 65 mln. dollarlik 2 ta loyihani ishga tushirish, “Biotexnologiyalar klasteri” loyihasini boshlash, klasterning 2030 yilga qadar rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish, Farmatsevtika texnik universitetida 2024-2025 o‘quv yili bo‘yicha ta’lim jarayonlarini boshlash yuzasidan ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. 

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Sevara To‘laganova ana shular haqida so‘z yuritdi. 

– “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterida qurilish ishlari tiklandi. Klaster sanoat zonasi ishtirokchilariga a’zolik guvohnomalarini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom ishlab chiqilib, Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlandi hamda 9 ta ishtirokchiga guvohnomalar topshirildi. Har bir loyiha tashabbuskori bilan uchrashuv tashkil etilib, loyihalarni jadallashtirish vazifasi belgilandi. Yil yakuniga qadar 65 mln. dollarlik 2 ta loyiha ishga tushiriladi, – dedi S.To‘laganova. – Farmatsevtika klasteri hududida bir qancha kompaniyalar bilan 136 mln. dollarlik yangi loyihalarni amalga oshirish hamda biotexnologiya yo‘nalishida Belorusiyaning “PharmInterBio” kompaniyasi bilan 5 mln. dollarlik loyihani amalga oshirish ustida ishlar olib borilmoqda. Yanvar oyida 14 hududga chiqilib, ishlar “korxonabay” kesimida tashkil etildi. Hokimliklar bilan birgalikda farmatsevtika yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning muammolari o‘rganildi.

Ta’kidlanishicha, hududlarda amalga oshirilgan o‘rganishlardan kelib chiqib, “Asakabank” AJ mas’ullari bilan 94 mln. dollarlik 22 ta kreditga ehtiyoji mavjud loyiha ro‘yxati shakllantirildi. Bugungi kunda ushbu loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Respublikadagi barcha dorixonalarda GPP standarti talablarini joriy etish ishlarini jadallashtirish uchun kadrlar zaxirasini mustahkamlash maqsadida Farmatsevtika texnik universitetida 36 soatlik malaka oshirish kurslari bepul tashkil qilinib, yanvar oyida 21 nafar mutaxassis o‘qitildi.

Farmatsevtika korxonalari tomonidan 252,1 mlrd. so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, 13,3 mln. dollarlik mahsulotlar eksport qilindi. Yanvar oyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Xitoy investitsiya forumi va G2B uchrashuvlarida 10 mln. dollarlik eksport shartnomalari imzolandi.

Mahalliy eksportbop mahsulotlar katalogi tayyorlanib, o‘zbek brendini xorijiy davlatlarda ilgari surish bo‘yicha “Pharm Site” onlayn tizimi ishga tushirildi. Mahalliy farmatsevtika mahsulotlarining davlat xaridlaridagi ishtirokini oshirish maqsadida xarid platformalarida muammolar o‘rganilib, ularni bartaraf etish chora-tadbirlari ishlab chiqildi va ijroga yo‘naltirildi.

M.Qosimova, O‘zA