Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farmatsevtika mahsulotlarini arzonlashtirish taklifi berildi
15:46 / 2022-07-21

Davlat dasturlarining o‘z vaqtida ijro etilishi turli sohalar rivoji, hududlar ravnaqi, aholi farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi. 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2022 yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi doirasida 215 ta topshiriqlardan 137 ta band va kichik bandlar to‘liq bajarilgan, 10 tasining ijro muddati uzaytirilgan, qolgan bandlarning ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan tegishli hujjat loyihalari ko‘rib chiqilmoqda.

 Hisobot davrida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish, tibbiy xizmatlarni markazlashtirish va aholini tibbiy sug‘urtalash amaliyotini joriy qilish bo‘yicha e’tiborga loyiq ishlar amalga oshirildi. Shuningdek, respublikadagi 9 ming 348 ta mahallalarda “Yoshlar balansi” shakllantirilib, ular bilan tizimli ishlash yo‘lga qo‘yildi. Mahallalar osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida 6 ming 822 ta “Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularga 14 ming 957 nafar yoshlar jalb qilindi. 



Davlat dasturi doirasida xususiy mulk daxlsizligi va himoyasining kafolatlari kuchaytirildi, mulkiy, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni so‘zsiz ta’minlash choralari ko‘rildi. Mahkumlar va jazoni o‘tab bo‘lgan shaxslarning mehnat, ijtimoiy ta’minot va xalqaro e’tirof etilgan boshqa huquqlarini ta’minlash maqsadida ularning ijtimoiy moslashuvi va jamiyatga reintegratsiyasiga ko‘maklashishning samarali mexanizmlari joriy etildi.  

Hisobot davrida atrof-muhit ifloslanishining oldini olish,  ekologik nazoratni ta’minlash maqsadida 680 ta korxonaning uch mingga yaqin havo, suv va tuproqni ifloslantiruvchi manbalarida monitoring o‘tkazildi. Natijada 199 ta ob’ektning 254 ta manbasida atrof tabiiy muhitni me’yoridan ortiq ifloslantirish holatlari aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi.

Bundan tashqari, o‘rmon fondining cho‘l hududlarida, jumladan, Orol dengizining qurigan tubi va Orolbo‘yi mintaqasida “yashil qoplamalar” barpo etish, respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish borasida tizimli ishlar olib borilgan. bugungi kunga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumani, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlari hududlarida jami 208 ming gektar maydonda cho‘l o‘simliklaridan himoya o‘rmonzorlari barpo etilgan. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” sotsial demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyalarining qo‘shma yig‘ilishida 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2022 yil birinchi yarim yilligida bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitilar ekan, bu kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.  


 
Xalq vakillari Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha bajarilgan ishlar va erishilgan yutuqlarni e’tirof etib, Hukumat Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha ayrim masalalarga e’tibor qaratishi lozimligini ham aytib o‘tdilar.

Xususan, deputatlarning fuqarolar murojaat va muammolari yuzasidan tegishli mansabdor shaxslarga yuborayotgan deputatlik so‘rovlariga asoslangan javoblar olishda muammolar mavjud. Shundan kelib chiqib, mansabdor shaxslarga yuborilayotgan deputatlik so‘rovlariga o‘sha mansabdor shaxs tomonidan asoslantirilgan javob berilishi ustidan nazoratni kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, deputatlar farmatsevtika sanoati mahsulotlari, tibbiy jihozlarga ehtiyojlarning yuqoriligini hisobga olib, kundalik ehtiyojlar uchun kerak bo‘ladigan preparatlar va tibbiy jihozlarni mahalliy ishlab chiqarishda mahsulotlar sifatini xalqaro talablarga muvofiqligini ta’minlash, narx-navoni aholiga qulay narxlarda taklif qilish bo‘yicha tegishli vazirlik va tashkilotlarga takliflar berdi. 

Qo‘shma yig‘ilishda fraksiyalar a’zolari yana qator masalalar bo‘yicha taklif va fikr-mulohazalarini bildirdilar. Muhokamalardan so‘ng Davlat dasturining ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti ma’qullandi. 

Muhtarama Komilova, O‘zA